Manohar xalqaro aeroporti – Hindistonning Goa shtati Shimoliy Goa tumanidagi xalqaro aeroport. Shimoliy Goa hamda unga tutash Karnataka va Maharashtra shtatlarining tumanlariga xizmat koʻrsatadi. Janubiy Goadagi Dabolim aeroportidan keyin Goaning ikkinchi aeroportidir. Shimoliy Goa tumani Pernem taluka kichik tumani Mopa qishlogʻida joylashgan.
Aeroport GMR Goa International Airport Limited (GGIAL) maxsus loyihalashtirish kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Loyiha qiymati ₹3 000 krorni (32 mlrd rupiya yoki 2023-yil holatida 380 mln AQSh dollari) tashkil qiladi. 2024—25-moliya yilida aeroport 4,6 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatgan, bu uning hozirgi yillik maksimal sigʻimi – 4,5 million kishidan biroz koʻp. Aeroport kuniga oʻrtacha 100 ga yaqin samolyot harakatiga va 15 000 ga yaqin yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. Bu Hindistondagi 16-eng gavjum aeroportdir. U sobiq Mudofaa vaziri va Goaning sobiq Bosh vaziri Manohar Parrikar sharafiga nomlangan.
Aeroport 2022-yil 11-dekabrda qurib bitkazilgan va ochilgan. 2023-yil 5-yanvardagi IndiGoning ilk parvozi bilan oʻz faoliyatini boshlagan. 2019–2020-moliya yilida qurib bitkazilishi kutilgan boʻlsa-da, uchastkada ishlashga toʻsqinlik qilgan Oliy sud qarori va oʻsha paytda davom etayotgan COVID-19 pandemiyasi tufayli cheklovlar, komendantlik soatlari va ishchi kuchi yetishmasligi va qurilish kechikishlari sababli kechiktirilgan.
Aeroport Qur-boshqar-qaytar ( modelida toʻrt fazaga boʻlib qurilgan boʻlib, birinchi bosqichning umumiy qiymati ₹1 500 krorni (16 mlrd rupiya yoki 2023-yil holatida 190 mln AQSh dollari) tashkil etadi. Aeroport birinchi bosqichda 4,4 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi va toʻrtinchi bosqich oxirida 13,1 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadi. Noldan qurilgan aeroport loyihasi uchun konsessiya muddati 40 yil boʻlib, tender jarayoni orqali yana 20 yilga uzaytirilishi mumkin va konsessioner tomonidan hukumatga toʻlanadigan daromad ulushi 36,9% ni tashkil qiladi. Aeroport 30% oʻzaro subsidiya bilan gibrid modelda ishlaydi va konsessiya 60 yil muddatga shahar tomonida tijorat maqsadlarida rivojlantirish uchun 232 gektar yerni taklif qiladi.
Tarixi Goaning hozirgi Dabolimdagi aeroporti Hindiston Harbiy-dengiz kuchlariga tegishli boʻlgan harbiy aerodromda joylashgan va Hindiston Aeroportlar boshqarmasi (AAI) tomonidan fuqarolik parvozlari uchun foydalanilmoqda. Fuqarolik va harbiy operatsiyalar bitta umumiy uchish-qoʻnish yoʻlagi (VVP) orqali amalga oshirilgani sababli, bu holat jiddiy havo harakati tirbandligiga olib keladi. Bu esa, aeroportda fuqarolik tashuvlarining uzoq muddatli rivojlanishini cheklaydi.
Bu loyiha Atal Bihari Vajpayee tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbus boʻlgan. Hindiston hukumati Goa shtatida ikkinchi aeroport qurilishiga 2000-yilning mart oyidayoq dastlabki roziligini bergan. Biroq, yer ajratishdagi muammolar va mahalliy sud jarayonlari tufayli loyiha 14 yil davomida toʻxtab qolgan.
Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) tomonidan 2013-yilda taqdim etilgan texnik-iqtisodiy asos hisobotda, 2035-yilga borib Goa shahrida yoʻlovchi oqimi 10 million kishiga yetishi prognoz qilingan va bu Mopa aeroporti loyihasining maqsadga muvofiqligini tasdiqlagan. Goa hukumati 2014-yil oktyabr oyida loyiha uchun malaka tanlovini (RFQ) eʼlon qilgan. Beshta ishtirokchi – GMR Group, GVK Group, Hindiston Aeroportlar boshqarmasi (AAI), Essel Infra va Voluptas Developers – loyihaga qiziqish bildirgan. Essel Infra Zurich Airports bilan hamkorlik qilgan, Voluptas esa (Hiranandani Group tarkibiga kiradi) Vinci Airports (Rim) bilan birgalikda loyiha uchun taklif bergan. 2015-yil 28-oktyabr kuni Hindiston Ekologiya, oʻrmonlar va iqlim oʻzgarishi vazirligi loyiha uchun ekologik ruxsatnoma bergan. 2016-yil yanvar oyida loyiha boʻyicha takliflar (RFP) yigʻish eʼlon qilingan. RFQga javob bergan beshta kompaniyadan ikkitasi RFP bosqichida ishtirok etmaslikka qaror qilgan. Takliflar 2016-yil avgust oyida ochilgan. GMR Airports Limited (GMR Infrastructure Limited shoʻba korxonasi) aeroportni qurish va boshqarish boʻyicha tanlovda gʻolib chiqqan. Hindiston Aeroportlar boshqarmasi ikkinchi oʻrinni, Essel Infra-Incheon konsorsiumi esa uchinchi oʻrinni egallagan. Oktyabr oyida GMR Airports Limited maxsus loyihalashtirish kompaniyasi – GMR Goa International Airport Limited (GGIAL)ni tashkil etgan va bu orqali loyiha uchun mablagʻ toʻplash, loyihalashtirish, qurish va boshqarishni amalga oshirishni maqsad qilgan. GMR Airports Ltd Goa hukumati bilan 2016-yil 8-noyabrda konsessiya shartnomasini imzolagan.
2016-yilda shtat hukumati aeroportda mahalliy yoshlarga ish imkoniyatlari yaratish maqsadida Aviatsiya boʻyicha malaka oshirish markazini tashkil etishni taklif qilgan. Konsessioner barcha ish oʻrinlariga haqiqiy goaliklarga ustuvorlik berishi lozim boʻlgan. Dastlab bu markaz Pernem ITI kampusida yoki boshqa ITI markazida joylashtirilishi kerak edi. Ammo 2020-yilda markazning joylashuvi bevosita aeroport hududiga koʻchirilgan.
Loyihaning yakunlanishi va ochilish marosimi
Bosh vazir Narendra Modi loyiha tamal toshini 2016-yil 13-noyabrda qoʻygan. Shtat hukumati aeroport uchun Pernem taluka kichik tumanidagi Casarvarnem, Chandel, Varconda, Uguem va Mopa qishloqlaridan 78,41 lakh kvadrat metr yer ajratgan. 2017-yil yanvar oyida Goa hukumati aeroport atrofidagi 5 km2 maydonni „Mopa xalqaro aeroporti rejalashtirish hududi“ deb eʼlon qilgan.
GGIAL va Fuqarolik aviatsiyasi vazirligi (MoCA) 2017-yil 31-martda aeroportni rivojlantirish uchun markaziy hukumatdan zarur qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutgan oʻzaro anglashuv memorandumini Dehli shahrida imzolagan. Aeroportning bosh rejasi 2017-yil boshlarida Engineers India tomonidan koʻrib chiqilib, tasdiqlangan. GGIAL 2017-yil iyun oyida muhandislik, xarid va qurilish (EPC) boʻyicha tanlov eʼlon qilgan va bu shartnoma 2018-yil fevral oyida Filippinning Megawide Construction Corporation kompaniyasiga berilgan.
Goa hukumati 2018-yil 5-sentyabrda „Goa (Manohar xalqaro aeroportini rivojlantirish maʼmuriyati) qonuni, 2018“ ni qabul qilgan. Shundan soʻng Ichki ishlar vazirligi 2018-yil oktyabrda qurilish uchun xavfsizlik ruxsatnomasini bergan. 2019-yil 18-yanvarda Oliy sud ekologik taʼsir sababli Goa hukumati va GGIALga loyihani hozirgi holatda saqlash haqida topshiriq bergan. Oʻshanda aeroportning 1-bosqichi qurilishi allaqachon boshlangan edi. Sud 2020-yil yanvar oyida qurilishni davom ettirishga ruxsat bergan. 2021-yilga kelib aeroport qurilishining 50 foizi, 2022-yil iyul holatiga koʻra esa 90 foizi yakunlangan.
2022-yil 11-dekabr kuni aeroport Bosh vazirNarendra Modi tomonidan ochilgan va Hindistonning sobiq Mudofaa vaziri hamda Goaning 10-chi Bosh vaziri Manohar Parrikar sharafiga Manohar xalqaro aeroporti deb nomlangan. Aeroport 2023-yil 5-yanvarda mahalliy reyslar uchun ochilgan boʻlib, birinchi parvozni IndiGo amalga oshirgan. Air India 2023-yil 21-iyuldan aeroportdan London Gatvik aeroportiga muntazam xalqaro reyslarni boshlagan birinchi aviakompaniya boʻldi.
Aeroport „E“ toifasiga mos boʻlib, 3,5 kilometr uzunlikdagi uchish-qoʻnish yoʻlagi va Rapid Exit taksi yoʻliga ega. Shuningdek, aeroportda integratsiyalashgan yoʻlovchi terminali, havo harakati boshqaruvi binosi, meteorologik xizmatlar, yuk terminali, yordamchi qayta ishlash va saqlash inshootlari, samolyotlarni qutqarish va yongʻin xavfsizligi xizmatlari, shuningdek aviatsiya yonilgʻi inshootlari mavjud.
Aviakompaniyalar va yoʻnalishlar
Transport aloqasi Aeroport NH-66 milliy avtomobil yoʻlidan sharqda, Dargalim yaqinida joylashgan. Hindiston Milliy avtomobil yoʻllari boshqarmasi (NHAI) tomonidan aeroportni NH-66 va butun shtat hamda qoʻshni shtatlar bilan bogʻlovchi yangi milliy avtomobil yoʻli – NH-166S qurilgan. Ushbu yoʻl Transport va avtomobil yoʻllari vaziri Nitin Gadkari tomonidan 2024-yil 12-iyulda ochilgan, qurilishi taxminan uch yil davom etgan. uzunlikdagi, olti yoʻlakli, koʻtarilgan koridorning qurilish qiymati qariyb ₹770 kror (91 million AQSh dollari) boʻlgan. Bu yoʻl orqali yoʻlovchilar mahalliy qishloqlardan oʻtmasdan, avtomobil yoʻli kesishmasidan aeroportga besh daqiqada yetib borishlari mumkin.
Aeroportga eng yaqin temir yoʻl stansiyasi – Konkan temir yoʻli yoʻnalishidagi Pernem temir yoʻl stansiyasidir. Uber va Ola kabi taksi agregatorlari aeroportda hali ish boshlamagan. Shtatga qarashli Kadamba Transport Corporation kompaniyasi Panaji, Mapusa va Margao shaharlaridan aeroportga avtobus qatnovlarini yoʻlga qoʻygan.
Aeroport kelgusi 4–5 yil ichida Maharashtra va Karnataka shtatlaridagi qoʻshni tumanlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanadi. Bu bogʻlanish Nagpur–Goa avtomagistrali orqali amalga oshadi. Avtomagistral Nagpur yaqinidagi Wardha tumanidan boshlanib, Maharashtra–Goa chegarasida, aeroportdan shimolda joylashgan Patradevidagi NH-66 bilan kesishadigan joyda tugaydi.
Manbalar
Turkum:Goa aeroportlari Turkum:Hindistonning xalqaro aeroportlari Turkum:GMR Group