„Just Go“ (ozarbayjoncha: Sadəcə get) — ozarbayjonlik xonanda Jiva (qoʻshiqchi) (haqiqiy ismi Jamila Hashimova) tomonidan ijro etilgan qoʻshiq. Mazkur tarona 2026-yil 10-martda BEAT Music leybli tomonidan İctimai TV telekanalining eksklyuziv litsenziyasi ostida singl sifatida chiqarilgan. Qoʻshiq Avstriyaning Vena shahrida boʻlib oʻtgan Eurovision qoʻshiq tanlovi 2026da Ozarbayjon sharafini himoya qilgan.

Tarixi va chiqarilishi 2025-yil 15-dekabrda Ozarbayjonning tanlovdagi ishtirokchi teleradiokompaniyasi — İctimai Televiziya (İTV) Eurovision qoʻshiq tanlovi 2026dagi vakili ichki saralash orqali aniqlanishini eʼlon qildi. Ochiq arizalar qabuli jarayonida 186 ta murojaat kelib tushdi. Shundan soʻng oʻtkazilgan tinglovlar natijasida nomzodlar soni uch nafar finalchigacha qisqartirildi. Ular hakamlar hay’ati va xalqaro fokus-guruh tomonidan baholandi.

2026-yil 6-martda İTV teleradiokompaniyasi mamlakat sharafini avvalroq „The Voice of Azerbaijan“ loyihasining uchinchi mavsumida gʻolib boʻlgan Jiva himoya qilishini rasman eʼlon qildi. Uning tanlov uchun tayyorlangan qoʻshigʻi — „Just Go“ 2026-yil 9-mart kuni rasman taqdim etildi. Shu kuni qoʻshiqning Sarkhan Akhundov rejissyorligida suratga olingan rasmiy musiqiy videoklipi ham namoyish etildi. Qoʻshiq ertasi kuni raqamli yuklab olish va striming platformalarida eʼlon qilindi. Keyinchalik esa ushbu taronaning muqobil „Rock Version“ talqini ham Eurovision tanlovida namoyish etildi.

Kompozitsiyasi „Just Go“ — pop va raqs yoʻnalishidagi qoʻshiq boʻlib, uning matni asosan ingliz tilida yozilgan va ozarbayjon tilidagi bogʻlovchi qismni oʻz ichiga oladi. Musiqa muallifi Fuad Javadov, soʻzlarini esa Nurlana Jafarova bilan hamkorlikda yozgan. Mazmun jihatidan qoʻshiq yolgʻon va aldovga asoslangan munosabatlarning oqibatlari haqida hikoya qiladi. Qoʻshiq matnida sevgilisining asl qiyofasini hamda yolgʻonlarini anglab yetgan bosh qahramonning kechinmalari aks etgan (masalan, „Now every word feels like a lie / I’m done, I’m saying goodbye“; tarjimasi: „Endi har bir soʻzing yolgʻondek tuyulmoqda / Boʻldi, men xayrlashyapman“). Shundan soʻng u oʻz mustaqilligini qayta tiklab, sherigiga ularning munosabati yakun topganini aniq bildirib, hayotidan ketishini talab qiladi.

Eurovision qoʻshiq tanlovi Tanlovda Jonli efir davomida Jiva „Just Go“ taronasini 2-raqam ostida ijro etdi. Ovoz berish bosqichi yakunlangach, Ozarbayjon katta finalga yoʻllanma olgan oʻnta mamlakat qatorida eʼlon qilinmadi. Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, „Just Go“ taronasi yarim finalda bor-yoʻgʻi 2 ball jamgʻarib, 15-oʻrinni (oxirgi) egallagan. Ushbu koʻrsatkich Ozarbayjonning 2008-yildagi debyutidan buyon tanlovda qayd etgan eng yomon natijasi boʻldi.

Taronalar roʻyxati Raqamli yuklab olish / striming „Just Go“ — 3:00

Raqamli yuklab olish / striming (Rok versiya) „Just Go“ (Rok versiya) — 3:00

Manbalar

Turkum:Eurovision qoʻshiq tanlovi Turkum:Ozarbayjon qo'shiqlari Turkum:2026-yil singllari