2026-yilgi qishki Olimpiya oʻyinlaridagi figurali uchish boʻyicha jamoaviy musobaqa 6–8-fevral kunlari Milan shahridagi Forum di Milano majmuasida boʻlib oʻtdi. Jamoaviy musobaqa yakkalik erkaklar, yakkalik ayollar, juftliklar va muz ustida raqs yoʻnalishlaridagi bellashuvlardan tarkib topdi. Sportchilar va juftliklar har bir yoʻnalishdagi oʻrinlariga qarab ochko toʻplashdi, medallar esa jami toʻplangan ochkolar asosida taqsimlandi. AQSh jamoasi oltin medalni, Yaponiya jamoasi kumush medalni, Italiya jamoasi esa bronza medalni va sertifikatni qoʻlga kiritdi.
Tarixi Jamoaviy figurali uchish musobaqasi eng yangi olimpiya yoʻnalishi boʻlib, u ilk bor 2014-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlarida oʻtkazilgan. Musobaqa figurali uchishning toʻrtta olimpiya yoʻnalishini (yakkalik erkaklar, yakkalik ayollar, juftliklar va muz ustida raqs) bitta musobaqaga birlashtiradi. Sportchilar har bir yoʻnalishdagi oʻrinlariga qarab ochko toʻplashadi va eng koʻp ochko toʻplagan jamoaga oltin medallar beriladi.
2026-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlaridagi figurali uchish boʻyicha jamoaviy musobaqa 6–8-fevral kunlari Italiyaning Milan shahridagi Forum di Milano muz maydonida oʻtkazildi. Jamoaviy musobaqada gʻoliblik uchun asosiy nomzod sifatida AQSh jamoasi koʻrilgan, Yaponiyaning kuchli raqobati kutilgan edi. Medallar uchun kurashishi ehtimol boʻlgan boshqa jamoalar qatoriga Italiya, Gruziya va Kanada kiritilgan. Amerikaliklar jamoaviy musobaqaning amaldagi chempionlari edi, biroq 2022-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlarida dastlab Rossiya Olimpiya Qoʻmitasi nomidan ishtirok etgan jamoa birinchi, AQSh jamoasi ikkinchi, Yaponiya jamoasi uchinchi oʻrinni egallagan. Keyinchalik Rossiya vakili Kamila Valiyeva topshirgan namunada taqiqlangan modda borligini tasdiqlovchi musbat tahlil aniqlangach, medallarni topshirish marosimi keyinga qoldirilgan. Qariyb ikki yillik sud jarayonlaridan soʻng Valiyevaning natijalari bekor qilindi va qayta hisob-kitobdan keyin AQSh jamoasi birinchi, Yaponiya jamoasi ikkinchi, Rossiya jamoasi uchinchi oʻringa qoʻyildi. Amerikalik va yaponiyalik sportchilar medallarini oxir-oqibat Parijda oʻtkazilgan 2024-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlari chogʻida boʻlib oʻtgan marosimda olishgan.
Amerika jamoasi safida muz ustida raqs boʻyicha uch karra jahon chempionlari Madison Chock va Evan Bates, shuningdek erkaklar va ayollar yoʻnalishida amaldagi jahon chempionlari Ilia Malinin va Alysa Liu bor edi. Amerika jamoasi uchun eng katta raqib sifatida Yaponiya jamoasi koʻrilgan. 2022-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlari bronza medali sohibi va uch karra jahon chempioni Kaori Sakamoto hamda ikki karra olimpiada kumush medali sohibi, toʻrt karra jahon medali sovrindori Yuma Kagiyama jamoaviy musobaqaning birinchi bosqichida ishtirok etdilar. Bundan tashqari, Yaponiyaning Riku Miura va Ryuichi Kihara juftligi juftliklar oʻrtasida amaldagi jahon chempionlari edi. Kanada jamoasi ham jamoaviy musobaqada medal qoʻlga kiritishni juda xohlagan, chunki ular 2022-yilgi jamoaviy musobaqada bronza medallaridan mahrum boʻlishgan, bu medallarni koʻpchilik bahsli deb hisoblagan qaror bilan Xalqaro konkida uchish ittifoqi ruslarga bergan edi. „Biz oltin medalni qoʻlga kiritishni istaymiz“, – dedi kanadalik muz raqqosi Piper Gilles, „lekin koʻp narsa bizning qoʻlimizda emas. Biz boshqarishimiz mumkin boʻlgan narsa – bu oʻzimizning uchishimiz, oʻzimizni qanday his qilishimiz va qanday lahzani yaratmoqchiligimizdir. Ana shunda biz eng yaxshi holatda qatnasha olamiz“.
2026-yilgi qishki Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan ikkita rossiyalik figurali uchuvchi – Pyotr Gumennik va Adeliya Petrosyan – Individual neytral sportchilar maqomida qatnashgan va jamoaviy musobaqada ishtirok etish huquqiga ega emas edilar.
Saralash
Jamoaviy musobaqa uchun eng kuchli oʻnta davlatni aniqlash maqsadida 2025-yilgi figurali uchish boʻyicha jahon chempionati va 2025–2026-yilgi figurali uchish Gran-prisi mavsumidagi natijalar hisobga olindi. Har bir davlat toʻrtta yoʻnalish boʻyicha eng yaxshi sportchilarining natijalari asosida umumiy ochko toʻpladi. 2025-yilgi Gran-pri finali jamoaviy musobaqaga taʼsir koʻrsatgan yakuniy turnir boʻldi. +Figurali uchish boʻyicha jamoaviy musobaqaga saralash Davlat Jami 1 7069 2 6027 3 4606 4 4231 5 4106 6 3829 7 2671 8 2171 9 2132 10 776 Izohlar
Ishtirokchilar Qisqartma soʻzlar
Aʼzo davlatlar har bir yoʻnalish boʻyicha tegishli segmentlarda ishtirok etuvchi sportchilarni quyidagicha taqdim qildilar.
+Jamoaviy musobaqada ishtirokchilar Davlat Erkaklar Ayollar Juftliklar Muz ustida raqs Stephen Gogolev Madeline Schizas Jin Boyang Zhang Ruiyang Kévin Aymoz Lorine Schild Nika Egadze Anastasiya Gubanova Edward Appleby Kristen Spours Daniel Grassl Lara Naki Gutmann Matteo Rizzo Yuma Kagiyama Kaori Sakamoto Shun Sato Vladimir Samoilov Jekatierina Kurakowa Cha Jun-hwan Shin Ji-a Ilia Malinin Alysa Liu Amber Glenn
Majburiy elementlar Yakkalik uchish Jamoaviy musobaqada ishtirok etgan ayollar oʻzlarining qisqa dasturlarini 6-fevral, juma kuni, erkaklar esa 7-fevral, shanba kuni ijro etishdi. 2 daqiqa 40 soniyadan ortiq boʻlmagan ushbu dastur quyidagi elementlarni oʻz ichiga olishi shart edi:
Erkaklar uchun: bir dona ikki yoki uch martalik Aksel, bir dona uch yoki toʻrt martalik sakrash, bitta kombinatsion sakrash (unda ikki martalik va uch martalik; ikkita uch martalik yoki toʻrt martalik hamda ikki yoki uch martalik sakrashlar kombinatsiyasi boʻlishi kerak), bir dona uchib kiriladigan pirueta (flying spin), oyoq almashinuvi bilan bajariladigan bir dona „tuya“ piruetasi (camel spin) yoki oʻtirgan holatdagi pirueta (sit spin), oyoq almashinuvi bilan bajariladigan bir dona kombinatsion pirueta (spin combination), butun muz maydonidan foydalanilgan qadamlar kombinatsiyasi.
Ayollar uchun: bir dona ikki yoki uch martalik Aksel, bir dona uch martalik sakrash, bitta kombinatsion sakrash (ikki martalik va uch martalik yoki ikkita uch martalik sakrash kombinatsiyasi), bir dona uchib kiriladigan pirueta (flying spin), oyoq almashinuvisiz bajariladigan bir dona egilib turish piruetasi (layback spin), yon tomon egilib turish piruetasi (sideways leaning spin), „tuya“ piruetasi (camel spin) yoki oʻtirgan holatdagi pirueta (sit spin), oyoq almashinuvi bilan bajariladigan bir dona kombinatsion pirueta (spin combination), butun muz maydonidan foydalanilgan qadamlar kombinatsiyasi.
Birinchi bosqich yakunida umumiy hisobda eng koʻp ochko toʻplagan beshta jamoa final bosqichiga chiqdi. Qisqa dasturdagi natijalaridan qatʼi nazar, ushbu besh jamoaning erkak va ayol figurachilari 8-fevral, yakshanba kuni oʻzlarining ixtiyoriy dasturlarini ijro etdilar. Erkaklar va ayollar uchun ixtiyoriy dastur 4 daqiqadan ortiq boʻlmasligi kerak edi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart edi: yettita sakrash elementi (ulardan bittasi Aksel turiga mansub boʻlishi kerak), uchta pirueta (ulardan bittasi kombinatsion pirueta, bittasi uchib kiriladigan pirueta, bittasi faqat bitta holatda bajariladigan pirueta boʻlishi lozim), bitta qadamlar kombinatsiyasi va bitta xoreografik kombinatsiya.
Juftlik uchishi Jamoaviy musobaqada ishtirok etgan juftliklar oʻzlarining qisqa dasturlarini 6-fevral, juma kuni ijro etdilar. 2 daqiqa 40 soniyadan ortiq boʻlmagan ushbu dastur quyidagi elementlardan iborat boʻlishi kerak edi: bitta juftlik koʻtarilishi (pair lift), bitta ikki yoki uch martalik burama koʻtarish (twist lifts), bitta ikki yoki uch martalik uloqtirish sakrashi (throw jumps), bitta ikki yoki uch martalik yakka sakrash, oyoq almashinuvi bilan bajariladigan bitta yakka kombinatsion pirueta (solo spin combination), bitta „oʻlim spirali“ (death spiral) va butun muz maydonidan foydalanilgan qadamlar kombinatsiyasi.
Qisqa dasturdagi natijalaridan qatʼi nazar, eng yaxshi besh jamoa tarkibidagi juftliklar 8-fevral, yakshanba kuni oʻzlarining ixtiyoriy dasturlarini ijro etdilar. Ixtiyoriy dastur 4 daqiqadan ortiq boʻlmasligi kerak edi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart edi: uchta juftlik koʻtarilishi (ulardan bittasi burama koʻtarilish boʻlishi kerak), ikki xil uloqtirish sakrashi, bitta yakka sakrash, bitta kombinatsion yoki ketma-ket sakrash, bitta juftlik kombinatsion piruetasi (pair spin combination) bitta „oʻlim spirali“ (death spiral) va bitta xoreografik kombinatsiya.
Muz ustida raqs Jamoaviy musobaqada ishtirok etgan muz ustida raqs juftliklari oʻzlarining ritm raqslarini 6-fevral, juma kuni ijro etdilar. 2 daqiqa 50 soniyadan ortiq boʻlmagan ushbu dasturda shu mavsum uchun „1990-yillar musiqasi, raqs uslublari va kayfiyati“ mavzusi belgilangan edi. Mos raqs uslublari va musiqaga misol sifatida, ammo ular bilan cheklanmagan holda, quyidagilar keltirilgan: pop, lotin, haus, texno, hip-hop va granj. Ritm raqsi quyidagi elementlarni oʻz ichiga olishi kerak edi: bitta namunaviy raqs qadamlar kombinatsiyasi, bitta xoreografik ritm kombinatsiyasi, bitta raqs koʻtarishi (dance lift), bitta ketma-ket tvizzlelar (sequential twizzles) toʻplami va bitta qadamlar kombinatsiyasi.
Natijalaridan qatʼi nazar, eng yaxshi besh jamoa tarkibidagi juftliklar 7-fevral, shanba kuni oʻzlarining ixtiyoriy raqslarini ijro etdilar. Ixtiyoriy raqs 4 daqiqadan oshmasligi kerak edi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi shart edi: uchta raqs koʻtarishi (dance lift), bitta raqs piruetasi (dance spin), bitta sinxron tvizzlelar (synchronized twizzles) toʻplami, tutash holatda bajariladigan bitta qadamlar kombinatsiyasi, faqat bitta oyoqda va bir-biriga tegmasdan bajariladigan bitta qadamlar kombinatsiyasi hamda uchta xoreografik element.
Baholash 2025–2026 mavsumida figurali uchishdagi barcha texnik elementlar— masalan, sakrashlar va piruetalar (spin) – oldindan belgilangan bazaviy qiymatga ega va soʻngra ularning ijro sifati boʻyicha yetti yoki toʻqqiz nafar hakam tomonidan −5 dan 5 gacha ball shkalasida baholanadi. Hakamlar hayʼatining Ijro darajasi (GOE) eng yuqori va eng past baholar chiqarib tashlanib, qolgan baholarning oʻrtacha qiymati – chekka qiymatlari olib tashlangan o‘rtacha qiymat (trimmed mean) yordamida hisoblanadi. Bu GOE element bazaviy qiymatiga qoʻshilib, ushbu element uchun yakuniy ballni beradi. Barcha elementlar boʻyicha olingan ballar yigʻindisi natijada texnik elementlar umumiy ballini hosil qiladi. Shu bilan bir vaqtda hakamlar har bir chiqishni uchta dastur komponenti: uchish mahorati, taqdimot va kompozitsiya boʻyicha – 0,25 dan 10 gacha 0,25 qadam bilan baholaydilar. Har bir dastur komponenti boʻyicha yakuniy ball ham chekka qiymatlari olib tashlangan oʻrtacha orqali aniqlanadi. Bu ballar quyidagi jadvalda koʻrsatilgan koeffitsientlarga koʻpaytiriladi va natijalar yigʻilib, dastur komponentlarining umumiy balli hosil qilinadi.
+Dastur komponentlarini koʻpaytirish omillari Yoʻnalish Qisqa dastur ritm raqsi Ixtiyoriy dastur ixtiyoriy raqs Erkaklar 1,67 3,33 Ayollar 1,33 2,67 Juftliklar 1,33 2,67 Muz ustida raqs 1,33 2,00 Vaqt meʼyorini buzish, toʻxtash va dasturni qayta boshlash, yiqilish kabi ayrim qoidabuzarliklar uchun chegirmalar qoʻllaniladi. Texnik elementlar umumiy balli va dastur komponentlari umumiy balli yigʻilib, undan chegirmalar ayrilgach, har bir sportchi yoki juftlik uchun yakuniy chiqish balli hisoblanadi.
Jamoaviy musobaqada ochko hisoblash