Gʻalla poya burgasi — gʻalla ekinlari (arpa, bugʻdoy, ayniqsa, bahorgi ekinlar) zararkunandasi. Boʻyi 1,6—2,8 mm. Rangi qoramtir-bronza tusli, tuxumi bir oz choʻzinchoq. Lichinkasining boʻyi 5 mm ga yetadi, rangi oq. Tana boʻgʻimlari mayda xitin qalqonchalar bilan qoplangan. Zararkunanda qoʻngʻizlik davrida xazon va begona oʻsimliklar qoldiqlari orasida qishlab, mart oyida qishlovdan chiqadi va aprelning ikkinchi oʻn kunligidan tuxum qoʻyishga kirishadi. 5—7 kundan soʻng tuxumdan chiqqan lichinkalar ekinlar poyasini kemirib ichiga kiradi va uning ichki qismi eti bilan oziqlanadi. Bitta lichinka bir necha poyani shikastlaydi. Zararlangan oʻsimlik barglari sargʻayib, qurib qoladi. Oziqlanib boʻlgan lichinkalar tuproqqa tushib, gʻumbakka aylanadi.
Kurash choralari: gʻallani ertaroq muddatlarda ekish, karate (0,2 l/ga), sipi (0,2 l/ga) va boshqa kimyoviy preparatlar eritmalarini purkash.