Kelang Xitoy musulmonlari jome masjidi () — Malayziyaning Selangor shtati Kelang shahridagi Bandar Botanik mavzesi Taman Desavan Dua hududida joylashgan masjid va madaniy meros obidasi. 2024-yil 22-avgustda rasman ochilgan. Selangor shtatida anʼanaviy Xitoy meʼmorchiligi uslubida qurilgan birinchi masjid boʻlib, mamlakatda madaniyatlar va dinlar oʻrtasidagi hamjihatlik ramzi hisoblanadi.

Meʼmorchiligi Masjid loyihasi Xitoydagi dunyoning eng qadimiy va yirik masjidlaridan biri boʻlgan Sian katta masjidi meʼmorchiligidan ilhomlanib ishlangan. Asosiy namozxonadagi mehrob Makka yoʻnalishini koʻrsatib turuvchi Xitoy xattotligi namunalari bilan bezatilgan.

Inshootlar 1,2 gektar maydonda barpo etilgan masjid bir vaqtning oʻzida 1000 nafar namozxonni sigʻdira oladi. Masjid majmuasida asosiy namoz zalidan tashqari madaniyat markazi, kutubxona, maʼruzalar zali, suvenirlar doʻkoni va umumiy ovqatlanish shoxobchasi mavjud. Shuningdek, masjidga tashrif buyuruvchilar va mahalliy aholi uchun xitoy tiliga, jumladan, mandarin tiliga tarjima qilingan Qur’on nusxalari ham taqdim etiladi.

Tarixi va qurilish qiymati Klang Xitoy musulmonlari jome masjidini qurish loyihasi Selangor sultoni Sharafiddin Idris Shohning roziligi bilan amalga oshirilgan. Masjid qurilishiga jami 19,3 million Malayziya ringgiti sarflangan. Xarajatlar Selangor shtati hukumati tomonidan ajratilgan mablagʻlar, Malayziya Xitoy musulmonlari uyushmasining hissasi hamda jamoatchilik tomonidan qilingan xayriya mablagʼlari hisobidan toʻliq qoplangan.

Masjid boshqaruviga Ahmad Mujohid Muhammad Zan masʼul boʼlsa, Adlu Kan Yong Sheng masjidning rasmiy imomi hisoblanadi.

Maqsadi Ushbu masjidning qurilishi mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish orqali Selangor shtatida musulmonlar uchun doʼstona turizm rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Masjid, shuningdek, ayrim doiralarda mavjud boʻlgan salbiy qarashlarga qarshi turish hamda islomni qabul qilish inson oʻzligini yoʻqotishi yoki asl madaniy merosidan voz kechishi kerakligini anglatmasligini namoyon etish maqsadida barpo etilgan.

Manbalar

Turkum:2024-yilda qurib bitkazilgan masjidlar Turkum:Selangordagi masjidlar Turkum:Xitoy meʼmorchiligi