Sri Sendayan masjidi () — Malayziyaning Negeri Sembilan shtati Seremban shahri Bandar Seri Sendayan shaharchasida joylashgan masjid. Seremban shahar markazidan janubi-gʻarbda joylashgan. Shtatdagi eng katta masjid boʻlib, 5000 nafargacha ibodat qiluvchini sigʻdira oladi.
Masjid RHB Bank asoschisi Rashid Husayn tomonidan vaqf qilingan. Masjid qurilishi 2015-yilda boshlangan va 2019-yil 20-sentyabrda rasman ochilgan.
Tavsifi
Seri Sendayan masjidi 4,5 gektar maydonda qurilgan boʻlib, 3 ta namozxonani oʻz ichiga oladi. Ularning barchasi gilam bilan qoplangan va konditsionerlar bilan jihozlangan. Masjid majmuasida, shuningdek, portik va atrium mavjud. Asosiy namozxona 3000 kishini, qoʻshimcha namozxona hamda ayollar namozxonasi (yuqori qavatda joylashgan) esa har biri 800 kishini sigʻdira oladi. Masjidda konferensiya xonalari, turli maqsadda foydalaniladigan zal, maʼmuriy idora, ovqatlanish zali, marhumlarni yuvish va dafn marosimiga tayyorlash xonasi hamda masjid xodimlari uchun moʻljallangan 6 ta turar joy mavjud.
Meʼmorchiligi Masjid loyihasi Kuala-Lumpurda faoliyat yurituvchi meʼmor Zaylan Yusop tomonidan ishlab chiqilgan. Masjid oʻzining nafis va badiiy jihatdan jozibador meʼmorchiligi bilan ajralib turadi. Inshoot meʼmoriy qiyofasida Abbosiylar va Mamluk davri meʼmorchiligi asosiy oʻrin tutadi, shuningdek, Umaviylar va Usmoniylar meʼmorchiligining taʼsiri ham seziladi. Masjid ichki bezagida Misr, Usmoniylar, BAA, Marokash va Xitoy meʼmorchiligiga xos unsurlar uygʻunlashgan. Malayziyaning eng goʻzal masjidlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan ushbu maskan mahalliy va xorijiy sayyohlarni oʻziga jalb qiladi.
Galereya
Manbalar
Turkum:Negeri Sembilandagi masjidlar Turkum:Seremban tumani