ZywOo taxallusi bilan tanilgan Mathieu Herbaut (talaffuzi: Matyo Erbo; 2000-yil 9-noyabrda tugʻilgan) — Team Vitality jamoasida oʻynaydigan fransuz Counter-Strike professional oʻyinchisi. Counter-Strike: Global Offensive va Counter-Strike 2 oʻyinlaridagi yetakchi figuralardan biri boʻlgani tufayli Counter-Strike tarixidagi eng buyuk oʻyinchilardan biri hisoblanadi. U HLTV talqini boʻyicha 2019, 2020, 2023 va 2025-yillarda dunyoning 1-raqamli oʻyinchisi, 2021 va 2022-yillarda 2-raqamli oʻyinchisi hamda 2024-yilda 3-raqamli oʻyinchisi deb topilgan. U 19 yoshida tarixdagi ikkinchi eng yosh "Yil oʻyinchisi" boʻlgan va coldzera hamda donk bilan bir qatorda professional faoliyatining birinchi toʻliq yilidayoq "Yil oʻyinchisi" deb topilgan uchta oʻyinchidan biridir.
Yoshlik yillari U yetti yoshida akasi bilan oʻynashni boshlagan, biroq onasi unga kuniga bir soatdan kamroq oʻynashga ruxsat bergan. Oʻsmirlik yoshiga yetganidan keyin ham u hech qachon „yarim tunda oʻynamagan“ yoki „4-5 soatlik sessiyalar oʻtkazmagan“, oilasi har doim uning nima qilayotganini kuzatib borgan. Onasi ham uni kompyuter oʻyinlariga qiziqishga undagan va vaqti-vaqti bilan hatto u bilan birga oʻynab turgan. Lekin kibersportda ishtirok etishiga ruxsat berishdan oldin, u birinchi navbatda oʻrta maʼlumotni tugatishini va baccalauréat sertifikatini olishini talab qilgan, u esa buni uddalagan.
Faoliyati 2018-yil Baccalauréat sertifikatini olgach, Mathieu oktyabr oyida Team Vitality jamoasiga qoʻshilib, kibersport bilan professional tarzda shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻldi. Natijalar uzoq kuttirmadi, noyabr oyida jamoa DreamHack Open Atlanta 2018 turnirida gʻolib chiqdi. Keyingi oyda u jamoasi bilan birga navbatdagi Major — Katowice Major 2019 musobaqasining Minor saralash bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Minor musobaqasida Vitality ikkinchi oʻrinni egallab, Katowicedagi Major turnirida ishtirok etish huquqini taʼminladi.
2019-yil ZywOo va uning jamoasining Major musobaqalaridagi natijalari unchalik yuqori boʻlmadi: ular Katowice Major 2019 turnirida 9–11-oʻrinni, soʻngra StarLadder Berlin Major 2019 turnirida 5–8-oʻrinni egallashdi. Shunga qaramay, ular mavsumning ikkita yuqori darajali musobaqasi — ECS Season 7 Finals va EPICENTER 2019 turnirlarida gʻalaba qozonishdi hamda ESL One Cologne 2019 va DreamHack Masters Malmö 2019 musobaqalarida finalchiga aylanishdi.
Mathieuning oʻsha yildagi individual koʻrsatkichlari ajoyib boʻldi: u 5 marta MVP unvonini qoʻlga kiritdi va LAN musobaqalarida umumiy 1,30 reyting koʻrsatkichini qayd etdi. 2020-yilning yanvar oyida Mathieu Herbaut HLTV.org portali talqini boʻyicha „2019-yilning dunyodagi eng yaxshi oʻyinchisi“ deb topildi. Shu tariqa u ushbu mukofot 2010-yilda taʼsis etilganidan buyon uni qoʻlga kiritgan birinchi fransuz va eng yosh oʻyinchiga aylandi hamda Marcelo „coldzera“ Davidning professional faoliyatidagi birinchi toʻliq yilida ushbu unvonga sazovor boʻlishdek natijasini takrorladi.
2020-yil 2020-yil davomida COVID-19 pandemiyasi sababli koʻplab musobaqalar onlayn formatga oʻtkazildi yoki umuman oʻtkazilmadi. Mathieu ketma-ket ikkinchi marta HLTV.org reytingida 1-oʻrinni egalladi; Natus Vincere jamoasidan Oleksandr „s1mple“ Kostyliev va Astralis jamoasidan Nicolai „device“ Reedtz undan keyingi oʻrinlardan joy olishdi.
2021-yil PGL Major Stockholm 2021 musobaqasiga yoʻllanma olgach, Team Vitality chorak finalda Natus Vincere jamoasiga imkoniyatni boy berdi va Major turnirida 5-oʻrinni egalladi. ZywOo esa HLTV talqini boʻyicha 2021-yilning 2-eng yaxshi oʻyinchisi deb topildi, 1-oʻrinni esa s1mple egalladi.
2022-yil ZywOo bir uchrashuvda 143 ta kill qayd etib, Marcelo "coldzera" David tomonidan oʻrnatilgan avvalgi 130 ta kill rekordini yangiladi va ESL Pro League Season 16 turnirining eng qimmatli oʻyinchisi (MVP) deb topildi. Team Vitality jamoasi PGL Major Antwerp 2022 musobaqasining 5-kunida Heroic jamoasiga imkoniyatni boy berib, turnirdan chiqib ketdi. U HLTV talqini boʻyicha 2022-yilning 2-eng yaxshi oʻyinchisi deb topildi, 1-oʻrinni esa yana s1mple egalladi.
2023-yil U Team Vitality GamerLegion jamoasini finalda 2:0 hisobida magʻlub etgan BLAST Paris Major 2023 turnirida MVP unvonini qoʻlga kiritdi. Vitality jamoasining Gamers8 2023 grand-finalida ENCE ustidan qozongan gʻalabasidan soʻng, ZywOo oʻzining oʻn oltinchi MVP mukofotiga ega boʻldi.
U HLTV talqini boʻyicha uchinchi marta yil oʻyinchisi deb topildi va s1mple tomonidan oʻrnatilgan rekordni takrorladi.
2024-yil Team Vitality jamoasi PGL Major Copenhagen 2024 musobaqasining yarim finalida FaZe Clan jamoasiga imkoniyatni boy berib, turnirdan chiqib ketdi, FaZe Clan esa finalda Natus Vincere jamoasiga magʻlub boʻldi.
2024-yilning ikkinchi Major musobaqasi — Perfect World Shanghai Major 2024 turnirida Team Vitality jamoasi chorak finalda yana bir bor FaZe Clan jamoasiga imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etdi.
ZywOo HLTV talqini boʻyicha 2024-yilning eng yaxshi 3-oʻyinchisi deb topildi; u faqat m0NESY (2-oʻrin) va donk (1-oʻrin) dan ortda qoldi.
2025-yil Team Vitality 2025-yilning birinchi yarmida ishtirok etgan 8 ta turnirning 7 tasida gʻalaba qozondi. Ushbu musobaqalarda ZywOo mos ravishda IEM Katowice 2025,, ESL Pro League Season 21, BLAST Open Lisbon 2025, IEM Melbourne 2025, Blast Rivals 2025 Season 1, IEM Dallas 2025 hamda BLAST Austin Major 2025 turnirlarida oʻzining 21-dan 27-gacha boʻlgan HLTV MVP unvonlarini qoʻlga kiritdi. Oʻzining 22-MVP unvoni bilan ZywOo avval s1mplega tegishli boʻlgan eng koʻp HLTV MVP unvonlari boʻyicha rekordni yangiladi, 23-MVP unvoni bilan esa 17 ta LAN MVP unvoniga ega boʻlib, ilgari ushbu koʻrsatkich boʻyicha ham s1mplega tegishli boʻlgan rekorddan oʻtib ketdi. IEM Melbourne 2025 turniridagi gʻalaba bilan Vitality jamoasi ESL Grand Slam Season 5 sovrinini ham qoʻlga kiritdi.
Austin Major turnirida ZywOo Paris 2023 turniridan soʻng oʻzining ikkinchi Major chempionligini qoʻlga kiritdi va bu yerda ikkinchi Major MVP unvoniga ega boʻldi. Shu tariqa u Marcelo „coldzera“ David va Nicolai „dev1ce“ Reedtzdan keyin bir necha bor Major MVP mukofotini qoʻlga kiritgan uchinchi oʻyinchiga aylandi.
4 oylik sovrinsiz seriyadan soʻng, Vitality jamoasi ESL Pro League Season 22 musobaqasida gʻalaba qozondi. Bu ZywOo jamoaga qoʻshilganidan beri Vitality gʻalaba qozongan, lekin HLTV MVP unvoni ZywOoga emas, balki boshqaga (Team Falcons jamoasidan m0NESYga) berilgan birinchi turnir boʻldi.
2025-yil 25-avgustda ZywOo 2025-yilgi Esports Decade Awards marosimida „Oʻn yillikning eng yaxshi kibersport kashfiyoti“ (Esports Breakthrough Player of the Decade) mukofoti bilan taqdirlandi. 2025-yil 19-noyabrda u Esports Awards marosimida „Yilning eng yaxshi kompyuter oʻyinchisi“ (2025 PC Player of the Year) unvonini ham qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, u The Game Awards 2025 marosimida „Eng yaxshi kibersportchi“ (Best Esports Athlete) nominatsiyasiga koʻrsatildi, biroq gʻolib boʻla olmadi.
2025-yil 14-dekabrda ZywOo va Vitality jamoasi StarLadder Budapest Major 2025 turniri chempioniga aylanishdi; bu uning faoliyatidagi uchinchi Major sovrini boʻldi. U, shuningdek, oʻzining uchinchi Major MVP unvonini qoʻlga kiritib, ushbu mukofotlar soni boʻyicha barcha oʻyinchilardan oʻtib ketdi. ZywOo 2016-yildagi coldzeradan soʻng ketma-ket ikki marta Major MVP unvoniga sazovor boʻlgan birinchi oʻyinchiga aylandi. ZywOo bir kalendar yilida jami 8 ta MVP unvonini qoʻlga kiritib, s1mple tomonidan 2021-yilda oʻrnatilgan rekordni takrorladi. Unining barcha 8 ta MVP unvoni ham Big Event (yirik turnirlar) turkumiga kiruvchi musobaqalarda qoʻlga kiritildi va bu koʻrsatkich boʻyicha dev1ce tomonidan 2018-yilda oʻrnatilgan rekorddan (7 ta Big Event MVP) oʻtib ketdi.
ZywOo HLTV talqini boʻyicha rekord darajadagi toʻrtinchi marta „Yil oʻyinchisi“ deb topildi va s1mple bilan tenglikni buzib, mutlaq peshqadamga aylandi.
2026-yil Team Vitality IEM Kraków 2026 turnirida gʻalaba qozondi va ZywOo oʻzining 29-HLTV MVP unvonini qoʻlga kiritdi. ZywOo 1,59 reyting koʻrsatkichini qayd etdi, bu uning Big Event musobaqalaridagi eng yuqori natijasidir. Vitality gʻolib chiqqan PGL Cluj-Napoca 2026 turnirida ZywOo oʻzining 30-HLTV MVP mukofotiga ega boʻldi. Team Vitality IEM Rio 2026 turnirida gʻalaba qozondi hamda ZywOo oʻzining 31-HLTV MVP unvonini qoʻlga kiritdi. Team Vitality BLAST Rivals 2026 Season 1 Finals turnirida gʻolib chiqdi va ZywOo oʻzining 32-HLTV MVP mukofotini qoʻlga kiritdi. Shundan soʻng, Team Vitality sentabr oyigacha boshqa turnirda gʻalaba qozona olmadi; sentabrda jamoa StarLadder StarSeries Fall 2026 musobaqasida zafar quchdi va ZywOo oʻzining 33-HLTV MVP unvoniga ega boʻldi.
Yutuqlari va eʼtiroflar HLTV talqini boʻyicha 2019-yilning eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2020-yilning eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2021-yilning 2-eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2022-yilning 2-eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2023-yilning eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2024-yilning 3-eng yaxshi oʻyinchisi. HLTV talqini boʻyicha 2025-yilning eng yaxshi oʻyinchisi. 34 ta HLTV MVP medali sohibi. 2025-yilgi Esports Decade Awards marosimida „Oʻn yillikning eng yaxshi kibersport kashfiyoti“ (Esports Breakthrough Player of the Decade) mukofoti sovrindori. 2025-yilgi Esports Awards marosimida „Yilning eng yaxshi kompyuter oʻyinchisi“ (PC Player of the Year) mukofoti sovrindori.
Manbalar
Havolalar Facebook Youtube Instagram Twitter
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Counter-Strike oʻyinchilari Turkum:Fransiya kibersportchilari Turkum:Team Vitality oʻyinchilari