Al-Abbos masjidi () — Yamanning Sano shahridan janubi-sharqda joylashgan Xavlon mintaqasi Asnaf qishlogʻidagi tarixiy masjid. Milodiy 1125-yilda (hijriy 519-yil) Sulayhiylar sulolasi sultoni Muso ibn Muhammad al-Fotih buyrugʼiga binoan qurilgan. Islomdan avvalgi davrlardanoq muqaddas sanalib kelgan joyda bunyod etilgan.
Tarixi Masjidning milodiy 1125-yilda barpo etilganligi inshoot ichidagi yozuvlar orqali tasdiqlangan. Masjid shu joyga dafn etilgan deb taxmin qilinadigan va islom dinida eʼzozlanadigan shaxs al-Abbos sharafiga nomlangan.
1980-yillarga kelib, masjid tomi vaqt oʼtishi va atrof-muhit taʼsiri natijasida yemirila boshlagan. 1985-yilda Yaman hukumati Fransiyaning Yaman tadqiqotlari markazidan yordam soʻragan. Tomni saqlab qolish maqsadida ehtiyotkorlik bilan qismlarga ajratilib, Sano shahridagi Yaman Milliy muzeyiga koʻchirilgan.
Restavratsiya 1987-yilda boshlangan boʼlib, ularga yamanlik hamda fransuz mutaxassislaridan iborat guruh rahbarlik qilgan. Guruh tarkibida restavrator Marylene Barret va meʼmor Abdulloh al-Hadramiy bor edi. Restavratsiya ishlari 1996-yilda yakunlangan, asosiy eʼtibor inshootning asl qiyofasi va meʼmoriy merosini saqlab qolishga qaratilgan edi.
Meʼmorchiligi Masjid qurilishida saboiy tilidagi bitiklar tushirilgan yirik ohaktosh bloklaridan foydalanilgan boʻlib, bu materiallar avvalgi diniy inshoot yoki islomdan avvalgi davrga oid yodgorlikdan olinib, qayta foydalanilgan.
Binoda 6 ta ustun boʼlib, ulardan 4 tasi qadimiy tosh ustun, 2 tasi esa xom gʻishtdan ishlangan. Tosh ustunlarning 3 tasidagi asl oʻymakor kapitellar hozirgacha saqlanib qolgan. Devorlarning quyi qismi toshdan, yuqori qismlari esa Yamanda keng tarqalgan anʼanaviy usul — xom gʻishtdan barpo etilgan.
Masjid tomi 22 ta kassetali yogʻoch paneldan tashkil topgan boʻlib, ular gul va geometrik naqshlar hamda boʻyoq va zarhal bilan ishlangan arab xattotligi namunalari bilan bezatilgan. Mazkur tom restavratsiya ishlarining asosiy obyektlaridan biri boʻlgan.
Restavratsiya va eʼtirof Al-Abbos masjidida olib borilgan restavratsiya ishlari 2004-yilda Ogʻa Xon meʼmorchilik mukofoti bilan eʼtirof etilgan.
Yana qarang Yamandagi masjidlar roʻyxati Islom meʼmorchiligi Sulayhiylar sulolasi
Manbalar
Turkum:Yamandagi masjidlar