As-Solih Taloi masjidi () — Misrning Islomiy Qohira hududi, Bab Zuvayla darvozasi janubida, Ad-Darb al-Ahmar mahallasida joylashgan masjid. Milodiy 1160-yilda Fotimiylar xalifaligi vaziri Taloi ibn Ruzzik tomonidan bunyod etilgan.

Tarixi

Qurilish va tarixiy konteksti Masjid Fotimiylar xalifaligi vaziri Taloi ibn Ruzzik tomonidan 1160-yilda qurilgan. Taloi ibn Ruzzik Fotimiylar saltanatining soʻnggi oʻn yilliklarida mamlakatda muayyan barqarorlikni saqlab turgan, soʻnggi qudratli va malakali vazirlardan biri edi. 1171-yilda xalifalikka barham berilgan, ushbu masjid esa oʻsha davrda qurilib, hanuzgacha saqlanib qolgan oxirgi yirik Fotimiylar yodgorligi hisoblanadi. Masjidning ayrim asl bezaklari Fotimiylar davridan keyin Qohira meʼmorchiligida ham uchray boshlaganOʻKane, Bernard (with contributions by Mohamed Abbas and Iman R. Abdulfattah). 2012. The Illustrated Guide to the Museum of Islamic Art in Cairo. Cairo, New York: The American University in Cairo Press, p. 80..

Fotimiylar sulolasi shialik mazhabiga eʼtiqod qiluvchi musulmon Ismoiliylar boʻlib, oʻzlarini islom paygʻambari Muhammadning avlodidan ekanini daʼvo qilgan. Masjid dastlab Muhammad paygʻambarning amakivachchasi va kuyovi Alining oʻgʻli Husayn ibn Alining boshi dafn etiladigan joy sifatida qurilgan. Husayn 680-yilda Karbalo jangida halok boʻlgan va shialar tomonidan shahidlar qatorida eʼzozlanadi. Dastlab uning boshi Ashkelonda dafn etilgani taxmin qilingan. Biroq 1153-yilda Ashkelonga salibchilar tomonidan tahdid solingach, Husayn ibn Alining boshi Qohiraga olib kelingan va Fotimiylar saroyidagi bir ziyoratgohda saqlangani aytiladi. Keyinchalik ushbu joyda al-Husayn masjidi qurilgan.

Mamluklar davridagi taʼmirlash ishlari Masjid 1303-yilda sodir boʻlgan zilziladan soʻng Mamluklar hukmronligi davrida qayta taʼmirlangan. Zilzila oqibatida masjidning old ayvoni ustida joylashgan minora vayron boʻlgan. Shu davrda dastlab yogʻochdan oʻyib yasalgan asosiy eshiklarga Mamluk meʼmorchiligi uslubidagi bronza qoplamalar qoʻshib ishlangan. Keyinchalik bu eshiklar shunday koʻrinishdagi nusxalari bilan almashtirilgan. Asl eshiklar Mamluk meʼmorchiligiga xos bronza qoplamalar va Fotimiylar meʼmorchiligiga xos yogʻoch oʻymakorligi bezaklarini oʻzida mujassam etgan boʻlib, bugungi kunda Qohiradagi Islom sanʼati muzeyida namoyish etiladi. Mamluklar hukmronligi davridagi taʼmirlash ishlari davomida, shuningdek, masjid oldidagi ayvonga yogʻoch mashrabiya panjaralar oʻrnatilgan boʻlib, ular bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Masjid ichidagi minbar ham Mamluklar hukmronlik qilgan 1299–1300-yillarga oid. Minbar mamluk amiri Baqtimur al-Jugandar tomonidan hadya qilingan boʻlib, hozirda Qohirada saqlanib qolgan eng qadimgi minbarlardan biri hisoblanadi.

Zamonaviy davr Masjid XX asr boshlarida deyarli vayron holatda boʻlgan va Arab sanʼati yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi tomonidan keng koʻlamda taʼmirlangan. Shunga qaramay, masjidning dastlabki qiyofasining katta qismi saqlanib qolgan. Poydevori (ilgari uning tashqi devorlari boʻylab joylashgan doʻkonlar bilan birga) hozirgi koʻcha sathidan qariyb 2 metr pastda joylashgan. Bu XII asrdan buyon koʻcha sathi qanchalik koʻtarilganini koʻrsatadi.

Meʼmorchiligi

Tashqi qismi va umumiy rejasi Masjid balandroq supa ustiga qurilgan boʻlib, koʻcha sathida joylashgan asosiy qismining uch tomonida (qibla tomoni bundan mustasno) doʻkonlar uchun maxsus boʻlimlar qurilgan. Bu doʻkonlar masjidga daromad keltirishga moʻljallangan. As-Solih Taloi masjidi Qohiradagi ilk osma masjid hisoblanadi, yaʼni namoz oʻqiladigan qism koʻcha sathidan balandroq qilib qurilgan. Masjidning uchta kirish eshigi bor, asosiy kirish eshigi shimoli-gʻarbda, shuningdek, ikki yon tomonida yon eshiklar joylashgan. Asosiy, yaʼni shimoli-gʻarbiy qismidagi kirish eshigi oldida beshta ravoqdan iborat ayvon joylashgan. Mazkur ayvon hukmdorlar Bob Zuvayla orqali oʻtadigan tantanali yurishlarni tomosha qilishi uchun kuzatuv maydoni sifatida yoki rejalashtirilganidek Husayn ibn Alining boshi shu yerga dafn etilgan taqdirda boshqa marosimlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan boʻlishi mumkin. Yuqorida qayd etilganidek, masjidning kirish qismidagi yogʻoch eshiklar asl eshiklarning nusxalari hisoblanadi. Asl eshiklar hozirda Islom sanʼati muzeyida saqlanadi. Dastlab masjidga kirish qismi ustida minora ham qad rostlagan, biroq minora 1303-yildagi zilzila oqibatida vayron boʻlgan. Keyinchalik Usmoniylar davrida qurilgan boshqa minora ham XX asrdagi taʼmirlash ishlari davomida olib tashlangan.

Ichki qismi Ganchdan oʻyib ishlangan deraza panjaralarining ayrim asl namunalari oʻz joyida saqlanib qolgan, ayrimlari esa Qohiradagi Islom sanʼati muzeyiga koʻchirilgan. Deraza ravoqlari ustiga toʻgʻri toʻrtburchak yoki kvadrat shaklidagi, ganchdan nihoyatda nafis oʻyib ishlangan panjaralar oʻrnatilgan. Masjiddagi hozirgi mehrob Fotimiylar davrida ishlangan asl mehrob emas, balki Mamluklar davridagi taʼmirlash ishlari paytida boʻyalgan yogʻoch bilan qayta ishlangan. Uning yonidagi minbar ham Mamluklar davriga mansub. Masjid minbari aʼlo darajadagi hunarmandchilik mahsuli boʻlib, Qohirada saqlanib qolgan eng qadimiy minbarlardan biri hisoblanadi. Mehrob yonidagi devorda ganch bezaklar bilan hoshiyalangan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi teshik — deraza emas, malqaf, yaʼni shamol tutqich boʻlib, quvur orqali tomdagi tuynukka (hozirda yopib qoʻyilgan) ulangan.

Yana qarang

Misrda islom Qohiradagi masjidlar roʻyxati Misrdagi masjidlar roʻyxati

Manbalar

Havolalar

Turkum:Fotimiylar xalifaligida 1160-yillar Turkum:Qohirada Fotimiylar meʼmorchiligi Turkum:Misrdagi minorali masjidlar Turkum:Qohiradagi masjidlar Turkum:Misrdagi Usmoniylar masjidlari