İslam Məmməd oğlu İslamzadə — Ozarbayjon muhandisi va davlat arbobi, Mingechaur GES qurilishi rahbari, RSFSR xizmat koʻrsatgan quruvchisi.
Hayoti İslam Məmməd oğlu İslamzadə 1910-yilda Boku shahrida dehqon oilasida tugʻilgan. Yoshligida maktab taʼlimini chala qoldirib, „Qırmızı oktyabr“ („Qizil oktyabr“) tamaki fabrikasida ishlagan, keyinroq esa elektr mexanigi ixtisosligi boʻyicha texnikumda taʼlim olgan. 17 yoshida komsomol tashkilotiga aʼzo boʻlgan. 1931-yilda Butunittifoq Kommunistik (bolsheviklar) partiyasi aʼzoligiga qabul qilingan va tamaki fabrikasi partiya qoʻmitasi yoʻllanmasi bilan Leningrad sanoat institutiga oʻqishga yuborilgan.
Faoliyati
1937-yilda taʼlimni yakunlagach, Leningraddan Bokuga qaytgan İslam İslamzadə Ozarbayjon SSR Davlat rejalashtirish qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, keyinroq esa raisi lavozimiga tayinlangan. 1940-yilda parallel ravishda Ozarbayjon SSR Xalq Komissarlari Soveti raisining oʻrinbosari, 1942-yilda esa birinchi oʻrinbosari etib tasdiqlangan.
İslam İslamzadə Mingechaur shahrining qurilishiga rahbarlik qilgan. Uning bevosita ishtirokida Ozarbayjonning oʻsha davrdagi eng yirik qurilishlari — Mingechaur gidroelektrostansiyasi, Dashkasan konlari loyihalarining tayyorlanishi, shuningdek, Sumqayitda yangi sanoat markazining yaratilishi amalga oshirilgan.
1955-yilda İslam İslamzadə Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasiga yuborilgan va bu yerda dunyodagi eng yirik gidroelektrostansiyalardan biri boʻlgan Krasnoyarsk GES qurilishida ishtirok etgan. 1957-yilda SSSR Vazirlar Soveti huzuridagi Ozarbayjon SSR Vazirlar Sovetining doimiy vakili etib tayinlangan va 1959-yilgacha shu lavozimda ishlagan. 1960-yilda Birlashgan Arab Respublikasida Asuan gidroelektr majmuasi qurilishi boʻyicha SSSR Elektr stansiyalari qurilishi vazirligining „Asuanspetsstroy“ boshqarmasi rahbarining birinchi oʻrinbosari va rahbari lavozimlarida mehnat qilgan. 1970-yildan SSSR Energetika va elektrlashtirish vazirligining yangi tashkil etilgan „Glavzagrenergo“ boshqarmasi rahbari, 1975–1985-yillarda esa Butunittifoq „Zarubejenergostroymontaj“ birlashmasi rahbarining birinchi oʻrinbosari hamda rahbari vazifalarida ishlagan. 1985-yildan ittifoq ahamiyatiga ega boʻlgan shaxsiy nafaqaxoʻr boʻlgan.
İslam İslamzadə 1998-yil 30-avgustda Moskvada vafot etgan va Kuntsevo qabristoniga dafn qilingan. Mingechaur shahrida uning nomida koʻcha mavjud.
Asarlari Islam-Zade, Islam Mamedovich. Podvig na Nile [Tekst] : (Spravka) / I. M. Islam-Zade, M. G. Epshteyn ; Mosk. gor. otd-nie o-va „Znanie“ RSFSR i gruppa chlenov o-va Gos. proizvodstv. kom. po energetike i elektrifikatsii SSSR. — Moskva : [b. i.], 1964. — 18 s.; 29 sm. Islam-Zade, Islam Mamedovich. Asuan — simvol sovetsko-arabskoy drujbi [Tekst] / I. M. Islam-Zade, M. G. Epshteyn. — Moskva : [Znanie], 1965. — 24 s. : sxem.; 20 sm.
Manbalar
Turkum:Ozarbayjon davlat arboblari Turkum:Ozarbayjon siyosatchilari