Rajput musavvirligi — Boburiylar davrida, yaʼni taxminan XVI asr oxiridan XIX asr oʻrtalariga qadar faoliyat yuritgan mahalliy hinduiy saroylarning tasviriy sanʼati. Anʼanaga koʻra, Rajput musavvirligi Rojaston hamda Pahoriy maktablariga boʻlinadi. Ushbu ikki yoʻnalish „bir-biridan geografik jihatdan anchagina olisda joylashgan, biroq Rajput rojalari (hukmdorlari) boshqaruvi ostida boʻlgan va mushtarak madaniyat bilan bogʻlangan“ hududlarda ravnaq topgan.

„Rajput musavvirligi“ iborasi ilk bor Ananda Coomaraswamy tomonidan ushbu mavzuga bagʻishlangan birinchi monografiya — „Rajput Painting, Being an Account of the Hindu Paintings of Rajasthan and the Panjab Himalayas“ (1916) asarida muomalaga kiritilgan. Rajput musavvirligi XVI asr hinduiy tasviriy sanʼatidan (baʼzan „Ilk Rajput musavvirligi“ deb ataladi) oʻsib chiqqan boʻlib, Boburiylar musavvirligi taʼsirida sezilarli darajada oʻzgargan. Rajput rangtasvirining turli uslublari yorqin ranglar, tekislik va abstraktsion shakllar kabi anʼanaviy qadriyatlarni saqlab qolgan konservativ yoʻnalishlardan tortib (masalan, Mevar va Basohli), oʻzining nafisligi va sovuq ranglari bilan boburiylar taʼsirini kuchliroq aks ettirgan yoʻnalishlargacha (masalan, Bikaner va Kangra) qamrab oladi. Biroq, boburiylardan (shuningdek, ozroq darajada Yevropa va Dekkan musavvirligidan) yangi texnika hamda mavzularni oʻzlashtirganiga qaramay, Rajput rassomlari oʻzlarining oʻziga xosligini hech qachon yoʻqotmadi. Bu oʻziga xoslik, ayniqsa, individuallikdan koʻra umumiylikka boʻlgan hindcha moyillikda yaqqol namoyon boʻldi. Rajput musavvirligining mahalliy uslublari XVII asrda — Boburiylar musavvirligi hind sanʼatida ustunlik qilgan bir davrda shakllandi. XVIII asrga kelib esa Boburiylar maktabi koʻplab hududiy musavvirlik maktablaridan biriga aylanib qoldi va Rajput sanʼati umumiy mahsuldorligi boʻyicha undan ancha ustun keldi. XIX asrda Rajput davlatlarining siyosiy inqirozi hamda Gʻarb tasviriy sanʼati va fotografiyasining kuchayib borayotgan taʼsiri sababli Rajput musavvirligi asta-sekin barham topdi.

Kontekst: Boburiylardan oldingi Shimoliy Hindistondagi va ularning taʼsiri ostidagi tasviriy sanʼat

Jaynizm anʼanasi

Rivojlangan oʻrta asrlar davrida hind musavvirligining yetakchi yoʻnalishi qoʻlyozma miniatyurasi hisoblangan. Ilk hind kitoblari „odatda talipot palmasi barglaridan tayyorlangan varaqlardan iborat boʻlib, shaklan uzun va gorizontal koʻrinishga ega edi; varaqlar teshilib, yogʻoch muqovalar orasidan oʻtgan iplarga tizilgan. Kamdan-kam uchraydigan rasmlar kichik va, odatda, toʻrtburchak shaklda ishlangan“. Bunday kitoblar sanskrit tilida pustaka, hindida esa pothī deb ataladi. Taxminan 1400-yildan soʻng Hindistonda qogʻoz moʻl-koʻl boʻlib qolganiga qaramay, anʼanaviy shakl oʻta sekinlik bilan oʻzgardi. Alohida qogʻoz varaqlar, odatda, matoga oʻralib, boylam qilib bogʻlangan.

XVI asr boshlarida Shimoliy Hindistonda musavvirlik uchta xil alohida yoʻnalishga boʻlingan: jayniy (Gʻarbiy Hindiston), hinduiy (Ilk Rajput) va musulmon. Ularning birinchisi Gʻarbiy Hindistonda (ayniqsa, Gujaratda) keng tarqalgan boʻlib, illyustratsiyalar, odatda, jaynizmga oid matnlarga chizilar edi; aksar hollarda „Kalpa Sūtra“ va „Kalakacharya Katha“ asarlarining koʻchirilgan nusxalarini bezatish uchun buyurtma qilinardi. Gʻarbiy Hindiston miniatyuralarida ranglar juda cheklangan boʻlib, tekis, aniq chegaralangan maydonlarga surtilgan; profillar, qad-qomat va harakatlar keskin hamda qirrali qilib berilgan; kompozitsiyalar esa yaqqol ajralib turuvchi tekis va rangdor fonli kichik kataklarga boʻlingan. Bularni oʻsha davrdagi mahalliy hind musavvirlik uslubining umumiy xususiyatlari deb bilish mumkin. Jayniy musavvirligining oʻziga xos jihatlari sirasiga quyidagilar kiradi: simsimon, jonli chiziqli tasvir, hinduiylar guruhiga qaraganda ancha kamroq toʻyingan va jozibador ranglar hamda koʻplab qoʻlyozmalarda uchraydigan sahnalarning bir xilda takrorlanuvchanligi (Masalan, „Shoh suhbati“ tasviriga qarang). Ajnabiy erkaklar baʼzan fors musavvirligiga xos boʻlgan uch chorak profil va qoliplangan yuz tuzilishi bilan aks ettirilgan. Biroq, boshqa uslublardan bunday xabardorlik fazoviy idrok yoki kompozitsion shaklda yangicha yondashuvlarning rivojlanishiga olib kelmagan.

Manbalar

Adabiyotlar

Qoʻshimcha oʻqish uchun A. K. C. “Rajput Painting.” Museum of Fine Arts Bulletin, vol. 16, no. 96, 1918, pp. 49–62. . Accessed 21 June 2023. Agre, Jagat Vir Singh. (1976). "Social Life as Reflected in the Rajput Painting during the Mughal Period." Proceedings of the Indian History Congress, 37, 569–575. Beach, Milo Cleveland. (1975). "The Context of Rajput Painting." Ars Orientalis, 10, 11–17. Coomaraswamy, Ananda K. (1912). "Rājput Paintings." The Burlington Magazine for Connoisseurs, 20(108), 315–325. Coomaraswamy, Ananda. (1931). "A Rajput Painting." Bulletin of the Fogg Art Museum, 1(1), 14–16. Coomaraswamy, Ananda. (1932). "An Early Rajput Painting." Bulletin of the Museum of Fine Arts, 30(179), 50–51. Gray, Basil. (1948). "Western Indian Painting in the Sixteenth Century: The Origins of the Rajput School." The Burlington Magazine, 90(539), 41–40. Goetz, H. (1954). "The Laud Rāgmālā Album and Early Rājput Painting." Journal of the Royal Asiatic Society of Great Britain and Ireland, 1/2, 63–74. Hollis, Howard C. (1933). "A Rajput Painting." The Bulletin of the Cleveland Museum of Art, 20(4), 56–59. Lyons, Tryna. (2004). The artists of Nathadwara: the practice of painting in Rajasthan. Indiana University Press. Neeraj, Jai Singh. (1991). Splendour of Rajasthani Painting. Abhinav Publications. Petrucci, Raphael. (1916). "Rajput Painting." The Burlington Magazine for Connoisseurs, 29(158), 74–79. Sodhi, Jiwan. (1999). A study of Bundi school of painting. Abhinav Publications. Topsfield, Andrew; Shah, Pankaj. (1990). The City Palace Museum, Udaipur: Paintings of Mewar Court Life. Government Museum, Udaipur. Vashistha, Radhakrishna. (1995). Art and artists of Rajasthan: a study on the art & artists of Mewar with reference to western Indian school of painting. Abhinav Publications.

Havolalar

Turkum:Rojaston san’ati Turkum:Hindiston tasviriy san’at maktablari