Gripp A virusi (, IAV) — odamlarda mavsumiy grippni keltirib chiqaruvchi shtammlarga ega patogen virus. U, shuningdek, qushlar va ayrim sutemizuvchilarni ham zararlashi mumkin. Shuningdek, u bir qator pandemiyalarga, xususan, 1918–1920-yillardagi ispan grippi pandemiyasiga sabab boʻlgan.
Gripp A virusining kenja turlari virus sirtidagi immunitet reaksiyasini qoʻzgʻatuvchi molekulalar birikmasiga qarab aniqlanadi. Masalan, „H1N1“ 1-turdagi gemagglyutinin (H) va 1-turdagi neyraminidaza (N) oqsillariga ega kenja turni anglatadi. Kenja turlar orasidagi oʻzgarishlar virusning qanchalik oson tarqalishi, kasallikning ogʻirlik darajasi va uning turli organizmlarni zararlash qobiliyatiga taʼsir koʻrsatadi. Virus mutatsiya va genetik qayta birikish orqali oʻzgarib boradi, bu esa unga immunitetdan qochish va vaqti-vaqti bilan turlararo oʻtish imkonini beradi.
Odamlarda uchraydigan mavsumiy gripp belgilari odatda isitma, yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi va mushaklardagi ogʻriqlarni oʻz ichiga oladi. Ogʻir holatlarda esa nafas olish bilan bogʻliq muammolar va oʻlimga olib kelishi mumkin boʻlgan pnevmoniya kuzatiladi. Odamlarga parranda yoki cho‘chqa grippi shtammlari kamdan-kam hollarda, asosan, kasallangan hayvonlar bilan yaqin muloqot natijasida yuqishi mumkin. Uning belgilari yengildan tortib oʻlim bilan yakunlanadigan ogʻir holatlargacha farqlanadi. Virusning qushlarga moslashgan shtammlari baʼzi suv parrandalarida alomatlarsiz kechishi, biroq tovuq kabi boshqa turlarga tarqalsa, oʻlimga sabab boʻlishi mumkin.
Parrandalarda emlash orqali Gripp A virusi kasalligining oldini olish mumkin, biroq karantin, ajratib boqish va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish kabi bioxavfsizlik choralari afzalroq sanaladi. Odamlarda emlash orqali mavsumiy grippning oldini olish yoki kasallikning ilk bosqichlarida virusga qarshi dorilar bilan davolash mumkin. Grippni nazorat qilish va unga javob berish global tizimi (GISRS) butun dunyo boʻylab gripp tarqalishini kuzatib boradi hamda mavsumiy va pandemik vaksinalarni ishlab chiqish uchun maʼlumotlar taqdim etadi. GISRS tarmogʻi har yili 127 mamlakatdagi laboratoriyalar orqali bir necha million namunani tekshiruvdan oʻtkazadi. GISRS odam viruslari bilan bir qatorda, odamlarga yuqishi mumkin boʻlgan parranda, choʻchqa va boshqa turdagi gripp viruslarini ham nazorat qiladi. Gripp A virusi vaksinalari virusdagi oʻzgarishlarga moslashib borishi uchun muntazam ravishda yangilanib turishi lozim.
Taksonomiyasi Gripp A virusi yoki IAV (ilmiy nomi — Alphainfluenzavirus influenzae) Orthomyxoviridae viruslar oilasi Alphainfluenzavirus turkumining yagona turidir.
Tasniflash Tasniflashning ikki usuli mavjud: birinchisi antigen sirt oqsillariga, ikkinchisi esa uning xususiyatlariga, asosan, tashuvchi hayvonga asoslanadi.
Kichik turlar Virus qobigʻi yuzasida ikkita antigen oqsil — gemagglyutinin va neyraminidaza mavjud. Serotipiga koʻra, gemagglyutininning 18 ta va neyraminidazaning 11 ta maʼlum turi bor. Gripp A virusining kichik turlari H va N oqsillarining birikmasiga qarab tasniflanadi. Masalan, „H5N1“ atamasi 5-tur gemagglyutinin (H) va 1-tur neyraminidaza (N) oqsiliga ega boʻlgan Gripp A kichik turini bildiradi.
Taʼrifga koʻra, kichik turlarga ajratish tizimi genom tomonidan kodlanadigan sakkiz yoki undan ortiq qoʻshimcha oqsillarni emas, balki faqatgina ikkita tashqi oqsilni hisobga oladi. Yovvoyi qushlardan H (1 dan 16 gacha) va N (1 dan 11 gacha) oqsillarining deyarli barcha mumkin boʻlgan birikmalari ajratib olingan. H17 va H18 turlari esa faqat koʻrshapalaklarda aniqlangan. Virus kichik turlari doirasida ham oʻzgaruvchanlik mavjud boʻlib, bu ularning xususiyatlarida sezilarli farqlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Manbalar
Adabiyotlar Rasmiy manbalar Pandemic Influenza US CDC
Umumiy maʼlumotlar
Web focus: Warnings of a Flu Pandemic Nature Nature Reports: Homepage: Avian Flu
Pandemic Influenza: Domestic Preparedness Efforts Congressional Research Service Report on Pandemic Preparedness.
Links to Bird Flu pictures (Hardin MD/Univ of Iowa)
Turkum:Gripp Turkum:Gripp A virusi Turkum:Zoonoz virusli kasalliklar