Irina Alehauna Leushina (; 1965-yil 29-noyabrda tugʻilgan) — belarus jurnalisti. Mustaqil axborot agentligi BelaPANning bosh muharriri va direktori boʻlgan. 2018-yilda „Yil jurnalisti“ deb eʼtirof etilgan. 2021—2024-yillar oraligʻida „ekstremistik tashkilot“ni boshqarganlik aybi bilan qamoqqa olingan.
Hayoti Leushina turmushga chiqib, farzandli boʻlishidan avval universitetda jurnalistika yoʻnalishida tahsil olgan. U „Schastlivy sluchay“ va „Respublika“ gazetalarida yarim stavkada ishlagan, biroq farzandi borligi sababli toʻliq stavkali ish topishda qiynalgan. 1992-yilda u BelaPAN agentligida yangiliklar muharriri sifatida ish boshlagan. 2018-yilda agentlik asoschisi Ales Lipaining vafotidan soʻng Leushina BelaPAN direktori boʻlgan.
2018-yil 8-avgust kuni Leushina rasmiy davlat axborot agentligi BelTAdan materiallarni oʻgʻirlashda ayblanib, 48 soatga ushlangan 15 nafar jurnalist orasida bor edi. Buning oqibatida 7000 BYNgacha boʻlgan moliyaviy zarar yetkazilgani iddao qilingan. Leushinaning kompyuteri musodara qilingan va uyi tintuv qilingan. Leushina va boshqalarning hibsga olinishi xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Yevropa Kengashi hamda Chegara bilmas muxbirlar tomonidan qoralangan. Oʻsha oyning oxirrogʻida Leushinaga Belarusdan chiqib ketish taqiqlandi. 2018-yil noyabrda Marina Zolotovadan tashqari barcha jurnalistlarga qoʻyilgan ayblovlar bekor qilindi, biroq ularga 12 000 BYN miqdorida zararni qoplash va 735 BYN miqdorida jarima toʻlash belgilangan. 2018-yil 30-noyabr kuni Leushina inson huquqlari sohasidagi yutuqlar uchun beriladigan Milliy mukofot tomonidan „Yil jurnalisti“ deb eʼlon qilindi. U bu mukofotni Tatyana Karavyankova va Alyaksandr Tamkovich bilan birga inson huquqlariga oid yangiliklarning jamoatchilik eʼtiboridan chetda qolib ketmasligini taʼminlagani uchun qoʻlga kiritgan.
2021-yil 18-avgust kuni militsiya xodimlari BelaPAN ofislariga reyd uyushtirib, uning serverlarini olib qoʻydi va saytini blokladi hamda Leushina va yana bir necha xodimni „noroziliklarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash“ hamda „jamoat tartibini qoʻpol ravishda buzadigan harakatlarni tashkil etish va ularda faol ishtirok etish“ ayblovi bilan hibsga oldi. 19-avgust kuni Leushina va hibsga olingan boshqa BelaPAN xodimlari 10 ta inson huquqlari tashkiloti, jumladan, Viasna, Belarus jurnalistlar uyushmasi, Belorussiya Xelsinski qo‘mitasi, Belarus PEN Markazi va Pravavaya initsyyatyva tomonidan eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda siyosiy mahbuslar deb tan olindi.
2021-yil noyabrda Belarus KGBsi BelaPANNi ekstremistik tashkilot deb eʼlon qildi. Leushina ustidan sud 2022-yil 6-iyunda boshlandi, unga qoʻyilgan ayblov „ekstremistik tashkilotni tuzish va tashkil etish“ sifatida qayta tasniflandi. 2022-yil 6-oktyabrda Minsk viloyat sudi uni 4 yilga ozodlikdan mahrum etish va 26 500 BYN miqdorida jarimaga hukm qildi. Keyingi apellyatsiyalar Oliy sud tomonidan 2022-yil 6-oktyabr va 2023-yil 6-yanvarda rad etildi. Ichki ishlar vazirligi Leushinani ekstremistik faoliyatga aloqador Belarus fuqarolari roʻyxatiga kiritdi.
Leushina Gomeldagi 4-sonli ayollar qamoqxonasida jazo oʻtadi. U jazosining 3 yil, 3 oy-u 3 haftasini oʻtagach, 2024-yil 7-dekabr kuni ozodlikka chiqarildi.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1965-yilda tugʻilganlar Turkum:Belaruslik jurnalistlar Turkum:Belaruslik ayol jurnalistlar Turkum:Belaruslik inson huquqlari faollari