Muzun Almellahon (; 1999-yilda tugʻilgan) — suriyalik faol va qochqin. Suriyalik qizlarning maktabda qolishi uchun olib borgan ishlari bilan tanilgan. „Suriyaning Malalasi“ deb ham atashgan. 2017-yil iyun oyida UNICEFning eng yosh „Ezgu niyat elchisi“ga aylangan.
Hayoti Almellahon 1999-yil 16-aprelda Imon va Rokon Almellahonlar oilasida tugʻilgan. U Suriyaning Darʼo shahrida ulgʻaygan. Otasi maktab oʻqituvchisi boʻlgan. Uning ikki ukasi va bir singlisi bor. Suriya fuqarolar urushi boshlangach, ular yashab turgan shahar hukumat tomonidan qamal qilingan. 2014-yil boshlarida janglar keskinlashgach, oilasi Iordaniyaga koʻchib oʻtgan va 3 yil davomida qochqinlar lagerlarida yashagan. Almellahon oilasi bir necha bor koʻchishga majbur boʻlgan. Ular Darʼodan qochib, Iordaniyadagi qochqinlar lagerlaridan panoh izlaganida Muzun oʻzi bilan faqat kitoblarini olganini aytgan, chunki uning uchun eng muhim narsa taʼlim boʻlgan. Ular yashagan birinchi lager Zaʼatari boʻlib, keyinchalik u yerdan Iordaniyadagi yana bir lager Azraqqa koʻchishgan. U yerda boʻlgan paytda oilasiga Kanada yoki Shvetsiyaga koʻchib borish takliflari tushgan. Almellahonning otasi logistika sabablariga koʻra bu takliflarni rad etgan. Keyinchalik Almellahon 2015-yil sentyabrida David Cameron eʼlon qilgan reja doirasida oilasining Buyuk Britaniyaga koʻchishini kelishib olgan, bu rejaga koʻra Britaniya hukumati 20 0000 nafar suriyalik qochqinni qabul qilishni rejalashtirgan edi. Ikki yarim oy oʻtib, oila Nyukaslga olib kelingan va ular Buyuk Britaniyaga qabul qilingan ilk suriyalik qochqinlar qatorida boʻlgan. Almellahonlarning farzandlari mahalliy maktabga joylashtirilgan. Almellahon Kenton Schooldagi 9 nafar qochqin bolalardan biri boʻlgan, u jurnalist boʻlishga qiziqishini bildirgan.
Faoliyati Qizlar taʼlimini himoya qilishga Almellehonni Zaʼatari lageridagi sinfida 40 nafar qizning yarmi turmushga chiqish uchun maktabni tashlab ketgani undagan. Bolalar nikohi Suriyada uncha keng tarqalmagan boʻlsa-da, fuqarolar urushi boshlanganidan keyin keskin oshdi. Almellahon ota-onalarni farzandlarini, ayniqsa, qizlarni erta turmushga berish oʻrniga qochqinlar maktablarida qoldirishga koʻndirishga urinishi bilan tanildi. U, shuningdek, bolalarni maktabda qolishga undashga va bolalar nikohining oldini olishga harakat qilgan.
Almellahon Malala Yusufzayning doʻsti boʻlib, u bilan 2014-yilda Yusufzay Almellahon yashayotgan qochqinlar lageriga tashrif buyurganida tanishgan. Keyinchalik Almellahonni Yusufzayning oʻzi Nobel tinchlik mukofotini olgan marosimga taklif qilgan. Yusufzay Almellahon Buyuk Britaniyaga kelganidan soʻng ham uni borib koʻrgan. Almellahonning faoliyati bir qator mamlakatlarda eʼtirof etilgan va bu uning „Suriya Malalasi“ taxallusini olishiga olib kelgan. 2015-yilda u BBCning 100 ayoli roʻyxatiga kiritilgan.
2017-yil 16-oktyabrda Muzun urushdan jabr koʻrgan mamlakat oʻquvchilari bilan uchrashish, ularni qoʻllab-quvvatlash va yordam berish uchun migratsiyadan soʻng ilk bor yana Iordaniyaga safar qilgan. Ular mamlakatdagi eng ogʻir sharoitlarda ham taʼlim olishga qatʼiy bel bogʻlagan edilar.
Almellahon 2017-yil iyun oyida UNICEFning eng yosh „Ezgu niyat elchisi“ga aylangan.
Yana qarang Malala Yusufzay
Manbalar
Havolalar Almellahon va Yusufzayning fikr-mulohaza maqolasi
Turkum:Suriyalik qochqinlar Turkum:Suriyalik ayollar huquqlari faollari Turkum:Suriyalik ayol faollar Turkum:Suriyalik dissidentlar Turkum:Taʼlim faollari Turkum:Buyuk Britaniyadagi qochqinlar Turkum:1999-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Daraʼadan boʻlganlar Turkum:Yosh faollar Turkum:Asia Game Changer Award sovrindorlari