Laila Haidari (; 1978-yil, Pokiston) – afgʻon faoli, inson huquqlari himoyachisi va restorator. 2010-yilda Haidari Kobulda giyohvandlarni reabilitatsiya qilish markazi „Mother Camp“ga asos solgan va shundan buyon markazni boshqara boshlagan. Bundan tashqari, Haidari „Mother Camp“ni moliyalashtiradigan Kobuldagi „Taj Begum“ kafesiga egalik qiladi. Kafeni ayol kishi boshqargani, kafeda erkak va ayollar birga ovqatlanishiga ruxsat berilgani uchun kafega tez-tez hujumlar uyushtirilib kelinadi. Haidari haqida 2018-yilda „Laila at the Bridge“ nomli hujjatli film suratga olingan. Haidari 2021-yilda BBCning „100 ayol“ roʻyxatiga kiritilgan.
Tarjimayi holi Haidari 1978-yilda Pokistonning Kvetta shahrida afgʻon oilasida tugʻilgan. Chaqaloqlik paytida uning oilasi Eronga qochib ketishgan. 12 yoshida Haidarini oʻttiz yoshlardagi mullaga turmushga berishadi. 13 yoshida esa birinchi farzandini dunyoga keltirgan. Er-xotinning uch nafar farzandi bor boʻlgan. Eri unga diniy darslarga qatnashishga ruxsat bergach, Haidari boshqa fanlarni ham yashirincha oʻrgana boshlaydi. Shuningdek, Haidari universitetda kino sanoati yoʻnalishida taʼlim olgan. Haidari 21 yoshida eri bilan ajrashadi. Islom qonun-qoidalariga asosan bolalar otasi bilan qolgan.
Faoliyati Haidari 2009-yilda Afgʻonistonga koʻchib oʻtadi va Kobulda giyohvand boʻlib qolgan ukasi Hakimni boshqa yuzlab giyohvandlar yashovchi Pul-e-Sokhta koʻprigi ostidan topadi. 2010-yilda Haidari ukasining ahvolini koʻrib, Afgʻonistonda giyohvand moddalar muammosining kuchayishi va giyohvandlar uchun davlat boshpanalari yetishmasligini bilib, giyohvandlarni reabilitatsiya qilish markaziga asos soladi. Ilk mijozlar markazni „Mother Camp“ deb atashgan. „Mother Camp“ markazi davlat mablagʻlari yoki chet el yordamini olmaydi. Markaz shahardagi giyohvandlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha yagona xususiy markaz hisoblanadi.
2011-yilda Haidari „Mother Camp“ markazini moliyalashtirish uchun Kobulda „Toj Begum“ restoranini ochgan. Restoran Afgʻonistonda kamdan-kam uchraydigan holat, yaʼni ayol tomonidan boshqarilishi hamda jamiyatda madaniy taqiq hisoblangan, yaʼni restoranda oilali va boʻydoq erkaklar, ayollar bir-birlari bilan muloqot qilishlari mumkinligi tufayli mashhur boʻlib ketgan. Restoranda „Mother Camp“da yashagan odamlar ishlaydi. Politsiya restoranda erkaklar va ayollar birga ovqatlanishgani, hamda Haidari har doim boshiga roʻmol oʻramasligi va tadbirkor boʻlgani uchun ham bir necha bor tintuv oʻtkazishgan.
Haidari Tolibonning Afgʻonistondagi taʼsiriga, jumladan, mamlakatdagi ayollar huquqlariga dahl qiladigan barcha tahdidlarga qarshi chiqqan. Haidari Afgʻoniston hukumatini Afgʻonistondagi urushda ayollarni tinchlik jarayoniga qoʻshmagani uchun tanqid qilgan. 2019-yilda Haidari Inson huquqlari fondi tomonidan tashkil etilgan Oslodagi Ozodlik forumida mehmon maʼruzachi boʻlgan. 2021-yilda BBCning „100 ayol“ roʻyxatiga kiritilgan.
Laila at the Bridge Haidari haqida rejissyorlar Elizabeth va Gulistan Mirzaei „Laila at the Bridge“ („Koʻprikdagi Laylo“) nomli hujjatli filmni suratga olishgan. 2018-yilda ushbu film Kopengagenda boʻlib oʻtgan CPH:DOX kinofestivalida „eng yaxshi hujjatli film“ nominatsiyasida „FACT:Award“ mukofotini qoʻlga kiritgan. Film yana 34-Santa-Barbara xalqaro kinofestivalda „Ijtimoiy adolat“ mukofotini qoʻlga kiritgan.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1978-yilda tugʻilganlar Turkum:Hazoralar Turkum:Pokistonda tugʻilganlar Turkum:BBC 100 ayol