Ruqiya Akile xotun ( – „jazibador“, „oqila“; 1627-yildan keyin vafot etgan) Akile xonim deb ham atalgan, Usmoniylar imperiyasi sultoni Usmon II ning ikkinchi qonuniy rafiqasi.
Oilasi Akile xotun shayx ul-islom Hojazoda Asad afandining (1570–1625) qizi boʻlib, Usmoniylar imperiyasi tarixidagi eng eʼzozli ulamolar sulolalaridan biriga mansub edi. Onasi esa sulton Murod III va uning oʻgʻli sulton Mehmed III davrida bosh muftiy boʻlgan (1598-yilda vafot etgan) Boʻstonzoda Mehmed afandining qizi edi. Akile xotunning 3 ukasi boʻlgan. Ukasi Abusaid Mehmed afandi (1593–94–1662) ham shayx ul-islom boʻlgan. Shuningdek, Orif Mehmed afandi (1622-yilda vafot etgan) va Abusuvud afandi (1682-yilda vafot etgan) ismli ukalari ham bor edi. Akile xotun mashhur saroy muallimi, muftiy, tarixchi va nufuzli diniy amaldorlar sulolasiga asos solgan Hoja Sadiddin afandining (1536–37–1599) nabirasi edi (uning 5 oʻgʻlidan 2 nafari va 3 nabirasi muftiy lavozimini, boshqa 2 oʻgʻli esa bosh qozi lavozimini egallagan).
Nikohi Usmoniylar dastlab boshqa gʻoziylar oilalari bilan teng bir sulola edi. Keyinchalik ular hokimiyat manbai boʻlgan hukmron sulolaga aylanishni maqsad qildilar. Shu jarayonda ularni boshqargan eng muhim fikrlardan biri jamiyatdagi erkin zodagonlar bilan yaqin va kuchli aloqalar oʻrnatmaslik kerak, degan qarash edi. Shunga qaramay, 1622-yilda Usmon Akilega uylanishni istadi. Dastlab Asad afandi sultonga qizini berishga rozi boʻlmadi, chunki bunday nikoh Usmoniylar sulolaviy anʼanasidan jiddiy chekinish boʻlardi. Bailo Giustinianning qayd etishicha, xalq nazarida Usmon injiq va yetarlicha yetuk boʻlmagan, maslahatchilari bilan maslahatlashmasdan ish tutadigan hukmdor sifatida koʻrilgan. Bundan tashqari, Giustinianning soʻzlariga koʻra, bu nikoh imperiya farovonligiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan yangi amaliyot sifatida baholangan.
Bu orada hukumat vazirlari sultonning muftiyning qiziga uylanishi saroydagi nozik kuchlar muvozanatini buzishidan, shu orqali Asad afandiga sulton ustidan kuchli taʼsir oʻtkazish imkonini berishidan va ular orasida muqobil kuch markazining vujudga kelishidan xavotirda edilar. Oxir-oqibat, dastlabki rad javobiga qaramay, Asad afandi sultonga qizini berishga rozi boʻldi. Nikoh inʼomi sifatida Usmon qaynotasiga 600 000 tillo tanga berdi. Nikoh 1622-yil 19-mart kuni Eski saroyda mushakbozliklar bilan nishonlandi va bu nikoh Usmonning oʻlimidan atigi bir necha oy oldin oʻtkazilgan edi. Nikohda sulton vakili sifatida Asad afandining muridlaridan biri boʻlgan mashhur Jelvetiy shayxi Uskudoriy Mahmud qatnashgan.
Venetsiyalik bailo bu nikoh haqida fikr bildirar ekan, Asad afandi Usmonni haj safaridan qaytarish uchungina bunga rozilik berganini qayd etgan. Nevizoda Atay esa Asad afandini sulola bilan quda boʻlgani va ulamolar orasida eng yuksak mavqega ega boʻlgani uchun „ikkinchi Edebali“ deya tasvirlagan. Akile xotunnining Usmon bilan nikohi tufayli, qisman aynan shu nikoh sabab, Asad afandining sulton bilan munosabatlari sovuqlashgan. Uning Usmon bilan nikohi sulolaning qonuniy ittifoqlardan, ayniqsa, yuqori tabaqaga mansub musulmon ayollar bilan turmush qurishdan qochish anʼanasini keskin buzgan va bu holat oxir-oqibat Usmonning taxtdan agʻdarilishiga olib kelgan xalq noroziligini kuchaytirgan.
Nasl-nasabi juda yuksak boʻlgan, erkin tugʻilgan musulmon ayol Akilening Bābüssaodadan oʻtib, haramga kirib kelishini koʻrish har qanday usmoniy uchun tasavvur qilib boʻlmaydigan dahshatli hol boʻlib tuyulgan. Biroq xazina hisob-kitoblari Akile xotunning hech qachon saroy haramiga kirmaganidan dalolat beradi. Albatta, qullardan iborat xonadonda bu qadar yuqori martabali erkin musulmon ayolning boʻlishi gʻayrioddiy hol boʻlib, uning mavjudligi haramdagi oʻrnatilgan iyerarxiyalarni izdan chiqarishi mumkin edi. Venetsiya elchisi Simon Contarini tomonidan 1612-yildagi hisobotda keltirgan bir voqea shuni koʻrsatadiki, erkin tugʻilgan musulmon ayolning imperiya haramida yashashi ehtimoli bu nikohning ommalashmasligida muhim omillardan biri boʻlgan.
Usmon 1622-yil may oyida vafot etganidan soʻng, Akile xotun 1627-yilda mashhur Usmoniylar olimi, shoir va xattot Gʻanizoda Nodiriy afandiga turmushga chiqqan.
Farzandlari Sulton Usmon 1622-yilda vafot etgach, Akile xotun 9 oy oʻtib egizaklari shahzoda Mustafo va Zeynep Sultonni dunyoga keltirgan boʻlishi mumkin. Akile xotunning oʻzi 1623-yil boshlarida nomaʼlum sababga koʻra vafot etgan.
Biroq bu maʼlumot aniq emas, chunki hujjatlarning birortasida egizaklarning onasining aniq shaxsi koʻrsatilmagan. Tarixchi Oztünaning soʻzlariga koʻra, Akile xotun shu ikki farzandning onasi boʻlgan, biroq Peircening fikricha, ularning nikohi hech qachon sodir boʻlmagan. Bu maʼlumot esa faqat nazariya boʻlib, asosiy birlamchi manbalarga zid keladi.
Akile xotun erkin ayol boʻlganligi sababli Usmonning oʻlimidan keyin saroyni tark etishga va qayta turmushga chiqishga toʻla huquqqa ega boʻlgan.
Nasabnomasi
Manbalar
Turkum:17-asr Usmoniylar imperiyasi sultonlarining rafiqalari Turkum:Tugʻilgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar Turkum:Oʻlgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar