Bob al-Jabiya (; Suv havzasi darvozasi) Suriya maʼmuriy markazi Damashq shahrining yetti qadimiy darvozalaridan biri. Rim imperiyasi davrida darvoza Mars sharafiga nomlangan. Bob al-Jabiya shahar gʻarbidagi asosiy kirish joyi edi. Darvoza Midhat Posho Souq bozori tomonga ochilgan. Ushbu bozor Toʻgʻri koʻcha deb atalgan qadimgi Rim davriga mansub asosiy sharq-gʻarb yoʻnalishidagi koʻchaning hozirgi koʻz bilan qaraganda gʻarbiy qismi hisoblanadi. Ushbu koʻcha hanuz Bob Sharqiy, yaʼni rimliklar „Quyosh darvozasi“ deb nomlagan sharqiy darvozagacha davom etadi. Darvozaga hozirgi nomi Umaviylar davrida berilgan boʻlib, bu nom Rim imperiyasining ittifoqchilari hisoblangan Gʻassoniylar poytaxti joylashgan Golan tepaliklaridagi Jabiya shahri nomidan kelib chiqqan.
Tarixi Rim davrida mazkur darvozada uchta kirish joyi mavjud boʻlib, markazdan aravalar, ikki chetdan esa piyodalar kirishi mumkin boʻlgan. Darvoza yaqinida bir paytlar Rim Yupiter ibodatxonasi va Buyuk Herod teatri (hozirgi Bayt al-Aqqad) joylashgan edi.
Roshidun xalifaligi davrida Damashqni musulmonlar istilo qilgan. Damashq qamali vaqtida, 634-yil 18-sentyabr kuni, musulmon sarkardasi Abu Ubayda ibn Jarroh ushbu darvoza orqali Damashqqa tinchlik bilan kirib kelgan. U Damashqning hozirda Mariamite sobori yaqinidagi Toʻgʻri koʻchaning oʻrtasida, Bob Sharqiy darvozasi orqali shaharga zoʻrlik ishlatib kirgan Xolid ibn Valid qoʻshinlari bilan toʻqnashgan. Musulmonlar hukmronligi davrida darvoza deyarli toʻliq berkitilgan boʻlib, faqatgina kichik joy piyodalar oʻtishi uchun ochiq qoldirilgan. Darvoza Nuriddin Zangi hukmronligi davrida qayta qurilgan boʻlib, sanasi hijriy 567-yil ( milodiy 1171—1172) deb yozib qoʻyilgan. Boshqa yozuvlardan maʼlum boʻlishicha, mazkur inshoot ayyubiy sulton al-Malik al-Muazzam davrida ham, keyinchalik mamluklar hukmronligi davrida hijriy 687-yilda (milodiy 1288/1289) ham qayta taʼmirlangan ekan. Manbalar
Turkum:Damashq darvozalari