Qatar Milliy muzeyi Qatarning Doha shahrida joylashgan milliy muzey. Hozirgi bino 2019-yil 28-martda omma uchun ochilgan boʻlib, 1975-yilda ochilgan avvalgi binoning oʻrnini egallagan. Bino fransuz meʼmori Jean Nouvel tomonidan loyihalashtirilgan boʻlib, uni yaratishda Qatarda uchraydigan choʻl atirguli kristalidan ilhomlangan. Muzey hududiga Qatar milliy oʻzligining yuragi hisoblangan Shayx Abdulloh bin Jassim as-Soniy saroyi ham kiradi.
Kolleksiya
Muzey boʻylab sayohat tashrif buyuruvchilarni bir-biri bilan oʻzaro bogʻliq 3 ta asosiy mavzuni yorituvchi galereyalar halqasi orqali olib oʻtadi. Galereyalar shartli ravishda xronologik tartibda joylashtirilgan boʻlib, sahro va Fors koʻrfazining tabiatshunoslik haqidagi ekspozitsiyalardan boshlanib, badaviy madaniyatiga oid artefaktlar, qabilalar urushlari, Qatar davlatining shakllanishi haqidagi tarixiy ekspozitsiyalar va nihoyat neftning kashf etilishidan to hozirgi kungacha boʻlgan davr bilan yakunlanadi. Ushbu mavzularni yorituvchi koʻrgazmalar va installyatsiyalar muzey kolleksiyalaridan ehtiyotkorlik bilan tanlab olingan nodir buyumlar bilan birga audio-vizual namoyishlarni taqdim etadi. Kolleksiyalar hozirda taxminan 8 000 obyektdan iborat boʻlib, ularga arxeologik artefaktlar, meʼmoriy elementlar, anʼanaviy uy-roʻzgʻor va safar buyumlari, toʻqimachilik mahsulotlari va kiyimlar, zargarlik buyumlari, amaliy bezak sanʼati asarlari, kitoblar va tarixiy hujjatlar kiradi.
Muzeyning maqsadi Qatar va uning xalqi madaniyati, merosi va kelajagini ulugʻlash, qatariliklarning faxri va anʼanalarini mujassam etish hamda xorijiy tashrif buyuruvchilarga tezkor oʻzgarish va modernizatsiya haqida muloqot maydoni taqdim etishdan iborat.
Ochilganidan beri muzeyda Qatar madaniy merosini ifodalovchi materiallar, jumladan, badaviy etnografik materiallar, dengizchilik artefaktlari va atrof-muhitga oid buyumlar saqlanadi. Aksariyati mahalliy manbalardan topilgan qadimiy artefaktlar ham muzeyga joylashtirilgan.
Arxeologik artefaktlar Britaniyalik arxeolog Beatrice de Cardi va uning jamoasiga 1973-yil noyabridan 1974-yil yanvarigacha Qatarda ekspeditsiyalar oʻtkazish va muzeyda namoyish etish uchun artefaktlar toʻplash topshirigʻi berilgan. Ularning eng muhim topilmalari koʻplab Ubayd davriga oid sopol parchalari topilgan Ad-Daʼasa yodgorligida qayd etilgan boʻlib, ular neolit davriga taalluqlidir. 1950–1960-yillarda oʻtkazilgan dastlabki Daniya ekspeditsiyalari davomida topilgan va ilgari Doha jamoat kutubxonasida saqlangan artefaktlar ham muzeyda namoyish etila boshlandi.
De Cardi ekspeditsiyasi tugagach, muzeyning qadimiy yodgorliklar boʻlimi tadqiqot va qazish ishlarida faol ishtirok etdi. Ular al-Vusayl va Zubora arxeologik yodgorliklarida qazishmalar oʻtkazdilar.
Etnografik materiallar Badaviy etnografiyasini hujjatlashtiruvchi materiallar mavzulari boʻyicha juda keng qamrovga ega. Namoyish etilayotgan ayrim buyumlar tarixan badaviylar tomonidan asbob va qurol sifatida ishlatilgan, boshqalari esa zargarlik buyumlari, kulolchilik va kiyim-kechak kabi mahsulotlardir. Muzeyda anʼanaviy sheʼrlar ham namoyish etilgan boʻlib, ular orasida eng mashhurlari Qatoriy ibn al-Fujoʼa va sobiq amir Jassim bin Muhammad as-Soniy qalamiga mansub asarlar hisoblanadi.
2015-yilda shayx Muborak bin Sayf as-Soniy Qatar Milliy muzeyiga davlat madhiyasining birinchi yozma qoʻlyozma variantini taqdim etdi. Yangi muzey qurib bitkazilgach, uning oʻsha yerga koʻchirilishi rejalashtirilgan edi.
Tarixi
Xalifa bin Hamad as-Soniy 1972-yilda taxtga oʻtirgach, mamlakatning merosi va anʼanalarini hujjatlashtirish maqsadida milliy muzey barpo etish rejalarini ishlab chiqdi. Oʻsha yili u muzeyning konstruktiv va funksional jihatlarini loyihalash uchun Michael Rice & Company bilan shartnoma tuzdi. Binoning avvalgi amir Abdulloh bin Jassim as-Soniy yashagan, XX asr boshlariga oid vayron holatdagi Eski Amiriy saroyini oʻrab olishi maʼqul topildi.
Qatar Milliy muzeyi deb nomlangan ushbu maskan 1975-yil 23-iyunda tantanali ravishda ochildi. Dastlab uning tarkibida 100 oʻrinli auditoriya va kutubxona mavjud edi. 1980-yilda muzeyga Ogʻa Xon meʼmorchilik mukofoti topshirildi. Yangi muzey ochilishiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida, muzey atrofida barpo etilgan qirollik saroyi 2015-yilda restavratsiya qilindi.
2023-yilda „Explorer“ nomli onlayn platforma ishga tushirildi. Platforma foydalanuvchilarga onlayn kolleksiyalar, arxeologiya va meros xaritasi hamda muzeyning interaktiv vaqt jadvaliga kirish imkonini beradi.
2023-yil dekabr oyida NMoQning hamkorlik va homiylik boʻyicha direktori va Mongoliya Milliy muzeyi direktori tomonidan hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Hamkorlik dasturida, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 25-yilligini nishonlash maqsadida 2024-yilda Mongoliyada koʻrgazma oʻtkazish ham nazarda tutilgan.
NMoQ 2023-yilda Dohada boʻlib oʻtgan „Doha Expo – 2023“ koʻrgazmasida ishtirok etdi hamda Qatar anʼanalari, madaniyati va tabiiy muhitiga bagʻishlangan, oilalar uchun moʻljallangan turli tadbirlar va seminarlar (workshoplar) tashkil etdi.
Yangi bino
Yangi bino eski bino joylashgan hududda barpo etilgan. Bino Pritzker meʼmorchiligi mukofoti sovrindori meʼmor Jean Nouvel tomonidan loyihalashtirilgan boʻlib, meʼmor uni ishlab chiqishda choʻl atirgulidan ilhomlangan. Qatarning oʻtmishdagi ushbu muhim yodgorligi hozirda yangi NMoQning yuragi sifatida saqlanmoqda.
Muzey 430 000 kvadrat fut (40 000 m2) maydonni egallaganTake a first look at the upcoming Qatar National Museum, 28 July 2011.
Dastlab muzey 2016-yilda ochilishi rejalashtirilgan edi, biroq ochilish 2019-yil 28-martga surildi. Time jurnali uni 2019-yilda sayohat qilish uchun dunyodagi eng zoʻr maskanlardan biri deb atadi.
Muzey ochilganidan keyingi 1 yilga yetmagan muddatda 450 000 dan ortiq tashrif buyuruvchini qabul qildi. Muzey odamlarni oʻziga tortadi, chunki u Qatar tarixini rasmlar va haykallar orqali emas, balki XXI asrning yorugʻlik, tovush va vizual texnologiyalari orqali tasvirlaydi.
Direktorlar 2013-yildan 2023-yilgacha muzey direktori shayxa Amna boʻlgan. 2024-yil fevral oyida shayx Abdulaziz H. as-Soniy muzey direktori etib tayinlandi.
Galereya
Yana qarang Qatar muzeylari Qatar madaniyati Qatardagi muzeylar roʻyxati
Manbalar
Adabiyotlar
Havolalar
Turkum:Amaliy-bezak sanʼati muzeylari Turkum:Islom muzeylari Turkum:Jyan Novyol loyihalagan binolar Turkum:Qatardagi diniy muzeylar Turkum:2019-yilda qurib bitkazilgan bino va inshootlar Turkum:1975-yilda tashkil etilgan sanʼat muzeylari va galereyalari Turkum:Qatardagi 1975-yilgi tashkilotlar