Godiva Chocolatier (/ɡəˈdaɪvə/; ) — Yıldız Holding turk konglomeratiga tegishli boʻlgan xalqaro shokolad ishlab chiqaruvchi kompaniya.

Kompaniya 1926-yilda Belgiyada tashkil etilgan. 1974-yilda AQShning oziq-ovqat ishlab chiqaruvchisi Campbell Soup Company tomonidan sotib olingan va 2007-yil noyabr oyida Yıldız Holdingga sotilgunga qadar aynan shu kompaniya tomonidan boshqarilgan . 2019-yilda Janubiy Koreyaning xususiy investitsiya firmasi MBK Partners Tokio shahrida joylashgan Godiva Japan kompaniyasini, shuningdek Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiyadagi operatsiyalarni hamda Belgiyadagi ishlab chiqarish korxonasini sotib oldi. Ushbu bitim qiymati 1 milliard AQSh dollaridan oshiq boʻlgan.

2019-yilda Godiva kelgusi 6 yil ichida butun dunyo boʻylab 2 000 ta kafe ochishni rejalashtirgan edi. Ushbu reja espresso ichimliklari va kruassan sendvichlarini oʻz ichiga olgan qahvaxonalar tarmogʻiga xos mahsulotlarni joriy etishni nazarda tutgan. Biroq 2021-yil yanvar oyida Godiva COVID-19 pandemiyasi sababli joriy etilgan lokdaun va cheklovlar natijasida oflayn savdo keskin kamaygani bois Shimoliy Amerikadagi barcha 128 ta jismoniy savdo nuqtalarini 2021-yil mart oyining oxiriga qadar yopishini eʼlon qildi. Biroq, ayni paytda kompaniya ulgurji savdo faoliyatini saqlab qoldi.

Godiva kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalari Turkiya, AQSh va Belgiyada joylashgan . AQShda sotiladigan shokolad mahsulotlari faqat Pensilvaniyaning Reding shahrida va Turkiyadagi zavodlarda ishlab chiqariladi. 2019-yilda jamoaviy daʼvo doirasida Godiva shokoladlarini Belgiyada ishlab chiqarilgan deb notoʻgʻri reklama qilgani aytilgan. 2022-yilda AQSh federal sudi ushbu ish boʻyicha kelishuvni tasdiqladi va unga koʻra Godiva daʼvo arizasi topshirgan isteʼmolchilarga 15 million dollargacha toʻlov qilishga rozi boʻldi.

2024-yildan boshlab Yıldız Holdingga qarashli Godiva faoliyati qandolat va tamaddi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Pladis kompaniyasining shoʻba korxonasi sifatida yuritilmoqda .

Ishlab chiqarish Godiva kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalari Bryussel, Pensilvaniyaning Reding shahri va Turkiya hududlarida joylashgan. AQShda sotiladigan Godiva shokoladlari 1960-yillardan buyon Reding shahrida ishlab chiqarilib, AQSh isteʼmolchilarining didiga moslashtirib kelinga . Hozirgi vaqtda AQSh bozorida sotilayotgan shokoladlarning aksariyati Turkiyada ishlab chiqarilmoqda. 2024-yildan boshlab Godiva shokoladlari Isroilda mavjud emas, bunga Turkiyaning Isroilga barcha eksport turlarining taqiqlagani sabab boʻlgan. 2017-yilda Yıldız Holding global ishlab chiqarish jarayonlariga oʻzgartirish kiritib, pralinlar uchun ishlatiladigan shokolad massasida spirtli ichimliklardan foydalanishni toʻxtatdi. Bu esa Halol sertifikatini olish imkonini yaratdi. AQShda sotiladigan Godiva shokoladlari esa ilgari ham doim spirtsiz ishlab chiqarilgan boʻlib, bu ayrim shtatlarda shirinliklar tarkibida alkogolga qoʻyilgan huquqiy cheklovlarga muvofiq amalga oshirilgan .

Bolalar mehnati Godiva kakao ishlab chiqarishda bolalar mehnatidan foydalanish masalasi boʻyicha yuzaga kelgan bahs-munozaralarga aloqador boʻlgan. Yirik global shokolad ishlab chiqaruvchilar orasida Godiva taʼminot zanjirida bolalar mehnatini kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlari eng past baholangan kompaniya sifatida qayd etilgan.

Shokoladda ogʻir metallarning aniqlanishi 2018-yilda Germaniyaning isteʼmolchilar tashkiloti Stiftung Warentest tomonidan oʻtkazilgan laboratoriya sinovlarida Godivaning sutli shokoladi tarkibida nikel moddasi yuqori darajada aniqlangan. 2022-yilda Consumer Reports tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv ayrim qora shokolad batonchalari, jumladan Godivamahsulotlarida qoʻrgʻoshin miqdori shunchalik yuqori ekanini koʻrsatdiki, kuniga atigi bir unsiya isteʼmol qilish ham sogʻliqni saqlash organlari tomonidan zararli deb hisoblangan meʼyordan oshib ketishiga olib kelishi mumkin. 2023-yilda Godivaning qora shokoladi xavfsiz boʻlmagan darajada qoʻrgʻoshin moddasi saqlaydi degan daʼvo bilan jamoaviy sud ishi qoʻzgʻatilgan.

Manbalar

Turkum:Yıldız Holding