Rebecca Meyers (1994-yil 20-noyabrda tugʻilgan) – amerikalik para suzuvchi. 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida uchta oltin va bitta kumush medalni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, 2012-yilgi Paralimpiya terma jamoasi aʼzosi sifatida Londonda bitta kumush va bitta bronza medaliga ega chiqqan. 2009-yilda Tayvanda boʻlib oʻtgan Yozgi Karlar oʻyinlarida ham ishtirok etgan, bu uning ushbu musobaqalardagi yagona ishtiroki hisoblanadi. 2009-yilgi musobaqada 4×200 metrga erkin usulda estafeta suzish bahslarida bronza medalni qoʻlga kiritgan.
Hayoti Meyers Usher sindromiga ega va tugʻilganidan beri kar. Yoshligidan eshitishga yordam beruvchi elektron moslama koxlear implantidan foydalanadi. U, shuningdek, retinitis pigmentoza (RP) deb ataladigan kasallik sababli koʻrish qobiliyatini ham yoʻqotmoqda. Unga harakatlanishda yordam beradigan Birdie ismli koʻzi ojizlar uchun moʻljallangan it hamrohlik qiladi.
2015 va 2017-yillarda Meyers „Nogironligi boʻlgan eng yaxshi ayol sportchi“ nominatsiyasi boʻyicha ESPY mukofoti bilan taqdirlangan. U 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida rekord natija qayd etgan va oltin medalga sazovor boʻlgan.
Meyers Baltimorda ulgʻayib, Notre Dame tayyorlov maktabida oʻqigan va keyinchalik Pensilvaniya shtatining Lancaster shahridagi Franklin va Marshall kollejini tamomlagan. U yerda tarix fakultetida oʻqigan va nogironlik masalalarini chuqurroq oʻrganishga alohida eʼtibor qaratgan. Meyers oʻn bir yil davomida Loyola Blakefield Aquatics suzish klubida shugʻullangan. 2012-yilda Michael Phelps mashq qilgan North Baltimore Aquatic Club safiga qoʻshilgan. Keyinchalik Maryland shtatining Bethesda shahridagi Nationʼs Capital Swim Clubga oʻtgan va u yerda Katie Ledeckyning murabbiyi Bruce Gemmell qoʻl ostida mashq qilgan. Meyers S13 va S12 toifalarida bir nechta jahon rekordlarini oʻrnatgan.
2021-yil iyun oyida AQSh Tokioda boʻlib oʻtadigan pandemiya sabab kechiktirilgan 2020-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlariga boruvchi 34 nafar paralimpiyachi nomini eʼlon qildi. Ayollar jamoasi tarkibidan Meyers, Jessica Long, McKenzie Coan, Elizabeth Marks va Mallory Weggemannlar oʻrin olgan. 2021-yil 20-iyulda sportchining shaxsiy yordamchi olish boʻyicha soʻrovi COVID-19 pandemiyasi oqibatida xodimlar soni cheklangani sababli rad etilgach, Paralimpiadada ishtirok etishdan voz kechgan.
Xalqaro musobaqalar 2019
1 ta oltin medal: 400 metrga erkin usul; 1 ta kumush medal: 200 metrga kompleks usul; 2 ta bronza medal: 100 metrga erkin va 100 metrga batterflay usul; 2 ta jahon rekordi: 400 metrga erkin uslub va 200 metrga kompleks usul; 5 ta Amerika rekordi: 400 metrga erkin uslubda, 200 metrga kompleks usulda, 100 metrga erkin uslubda, 50 metrga erkin va 100 metrga brass usulida suzish.
2017
1 ta oltin medal: 400 metrga erkin usul; 2 ta kumush medal: 100 metrga batterflay va 100 metrga erkin uslub; 1 bronza medal: 100 metrga brass usulida suzish.
2015
2 ta oltin medal: 200 metr kompleks suzish va 400 metr erkin usulda suzish; 1 ta kumush medal: 100 metr batterflay usulida suzish; S13 toifasida 2 ta jahon rekordi: 200 metrga kompleks suzish va 400 metr erkin usulda suzish.
2014
4 ta oltin medal: 100 metrga batterflay, 100 metrga erkin usul, 400 metrga erkin usul va 200 metr kompleks suzish; 2 ta kumush medal: 100 metrga brass usuli va 50 metr erkin usulda suzish; S13 toifasida 2 ta jahon rekordi: 200 metrga kompleks suzish va 400 metr erkin usulda suzish.
2013
2 ta oltin medal: 200 metrga kompleks suzish va 400 metrga erkin usulda suzish; 2 ta kumush medal: 100 metrga batterflay va 100 metrga erkin usulda suzish.
2011
4 ta oltin medal: 200 metrga erkin usul, 400 metrga erkin usulda, 800 metrga erkin usul va 4×200 metrga erkin usul estafeta; Jahon rekordi: 4×200 metr erkin usul estafeta; 800 metrga erkin usulda suzish boʻyicha karlar oʻrtasidagi jahon chempionati.
2009
1 ta bronza medal: 4×200 metr erkin usul estafeta; Amerika rekordi: 4×200 metr erkin usul estafeta.
Manbalar
Turkum:21-asr amerikalik sportchi ayollar Turkum:1994-yilda tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Suzuvchilar 2012-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Suzuvchilar 2016-yilgi Yozgi Paralimpiya oʻyinlarida Turkum:Kar suzuvchilar