Zafar Abdullayevich Hakimov (1942-yil 14-avgust, Buxoro, Buxoro viloyati, Oʻzbekiston SSR – 2025-yil 26-may, Toshkent, Oʻzbekiston) – oʻzbek davlat va jamoat arbobi, tarixchi, arxeolog olim.
Tarjimayi holi Zafar Hakimov 1942-yil 14-avgustda Buxoroda tavallud topgan. 1964-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlgan. 1964—1985-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutida laborant, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, ilmiy kotib boʻlib faoliyat olib borgan.
Zafar Hakimov 1985—1988-yillarda Oʻzbekiston Badiiy fondi direktori, 1988—1990-yillarda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi madaniyat boʻlimida mas’ul xodim, 1990—1992-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparatida madaniyat, fan, maʼnaviy tarbiya masalalari boʻyicha yetakchi konsultant, 1992—1993-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari, vaziri, 1993—1995-yillarda Oʻzteleradiokompaniya raisining birinchi oʻrinbosari, 1995—1997-yillarda Oʻzteleradiokompaniya raisi, 1998-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti apparatida jamoat tashkilotlari bilan aloqalar boʻyicha yetakchi konsultant, 1998—1999-yillarda Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyotida yetakchi ilmiy muharrir vazifasida ishlagan.
1999-yildan boshlab „Moziydan sado“ ilmiy-amaliy, maʼrifiy jurnalining bosh muharriri hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutining tasviriy va amaliy sanʼat boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Olim yana Oʻzbekiston Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert Kengashining aʼzosi boʻlgan.
Zafar Hakimov 2025-yil 26-mayda vafot etgan.
Ilmiy faoliyati Zafar Hakimov ilmiy faoliyati davomida tarix, arxeologiya, arxitektura masalalariga oid 50 ta maqolalar, monografiya va qoʻllanmalarini respublika nashrlarida nashr qilgan. Zafar Hakimov 1970—1979-yillarda sovet-afgʻon arxeologik ekspeditsiyasi tarkibida Shimoliy Afgʻonistonda oʻnlab qadimiy voha va manzilgohlarni kashf etgan.
Manbalar
Turkum:Oʻzbekiston arxeologlari Turkum:Oʻzbekiston Milliy universiteti bitiruvchilari Turkum:Oʻzbekiston Madaniyat vazirlari Turkum:Alifbo boʻyicha siyosatchilar