Qızılağac davlat qoʻriqxonasi () – Ozarbayjon janubi, Kaspiy dengizi sohilida joylashgan davlat qoʻriqxonasi. Lənkəran tumanidagi Qızılağac qoʻltigʻi qirgʻoq hududlarida joylashgan. Qoʻltiq akvatoriyasi, Kichik Qızılağac qoʻltigʻining shimoliy qismi va qirgʻoq suvlari qoʻriqxona tarkibidadir. Qoʻriqxona 1929-yilda tashkil etilgan. Umumiy maydoni 88 360 gektar boʻlib, shundan 45 ming gektarini qoʻltiq akvatoriyasi tashkil etadi. Relyefi tekislikdan iborat boʻlib, hududi shoʻrlangan tuproqli chalachoʻl zona.
Qoʻriqxonaning ahamiyatga molik jihati koʻchib yuruvchi qushlarning koʻpligidadir. Qishda bu yerda ham daryo oʻrdaklari, ham shoʻngʻiydigan oʻrdaklar, gʻozlar, oqqushlar, birqozonlar, qashqaldoqlar, sultonqushlar, turach, flamingolar uyalaydi. Qushlardan qarqaralar, qoravoy, qoshiqburun, charadrii, hayvonlardan toʻngʻiz va boʻrilar uchraydi. Suv havzalarida koʻplab baliq turlari mavjud. Qirgʻoq boʻyi hududi va suv havzasi xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suv-botqoq yerlari roʻyxatiga kiritilgan. Ozarbayjon „Qizil kitobi“ga kiritilgan qushlarning aksariyati qoʻriqxona va unga tutash hududlarda yashaydi.
Qızılağac qoʻriqxonasi Ozarbayjonda tashkil etilgan eng yirik, tashkil etilgan vaqtiga koʻra esa uchinchi qoʻriqxona hisoblanadi. Yevropadagi suv qushlarining eng katta qishlov zonasi. Koʻrfazning oʻrta va janubiy qismlarini oʻz ichiga olgan, 1978-yil fevral oyida tashkil etilgan „Qizil yarim oy“ davlat qoʻriqxonasi ham ushbu qoʻriqxona tarkibidadir (hududi – 10 700 ga). Etimologiyasi Qoʻriqxona nomiАзербайджан: Общегеографическая карта / сост. и подгот. к изд. ПКО «Картография» в 2005 г.; гл. ред. Г. В. Поздняк; ред. Г. Ф. Кравченко, Н. Р. Монахова. — 1:750 000, 7,5 км в 1 см. — : ПКО «Картография», 2005. — ISBN 5-85120-235-1 Qızılağac koʻrfazi nomidan olingan. Suv havzasi va qirgʻoq hududida joylashgan. Koʻrfaz nomi esa, unga quyiladigan Qızılağacçay daryosi – „qandogʻoch daryosi“ (ozarbayjoncha Qızılağac – „qandogʻoch“, çay – „daryo“) nomidan olingan.
Soʻzma-soʻz tarjima qilganda „qizil daraxt“ degan maʼnoni anglatuvchi „Qızılağac“ nomi sayoz koʻrfazda yashovchi pushti flamingo tufayli paydo boʻlgan degan fikr mavjud.
Qoʻriqxona tarixi
Qızılağac koʻrfazi birinchi marta 1720-yilda xaritaga tushirilgan. 1926-yilda Katta va Kichik Qızılağac koʻrfazlarining bir qismi, shuningdek, bu hududlarga tutash quruqlik uchastkalari buyurtmaxona deb eʼlon qilingan.
right|150px|thumb|Misr qarqarasi SSSR pochta markasida
1929-yil 3-iyunda SSSR Xalq Komissarlari Kengashining 57-sonli qarori bilan Butunittifoq ovlanadigan qushlar qoʻriqxonasi oʻlaroq tashkil etiladi. Hozirgi kunda qoʻriqxona hududida uchraydigan 19 turdagi qushlar „SSSR Qizil kitobi“ga kiritilgan. Kaspiy dengizining janubi-gʻarbiy qismida tabiat kompleksini oʻrganish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish, qulay sharoit yaratish va SSSRdagi eng yirik qishlovchi suv qushlarini muhofaza qilish maqsadida qoʻriqxona tashkil etilgan. Qızılağac qoʻriqxonasi SSSRdagi asosiy suv qushlari rezervatlaridan biri boʻlgan.
1935-yilda Qızılağac koʻrfazi Sovet partiya arbobi Sergey Kirov nomi bilan Kirov koʻrfazi deb oʻzgartirilgan, Shu sababli qoʻriqxona ham S. M. Kirov nomi bilan atala boshlangan. Kichik va Katta Qızılağac koʻrfazlarining suvlari oʻsha paytda yagona havzaad boʻlgan.
1929—1939-yillarda Kaspiy dengizi sathining pasayganligi sababli qoʻriqxona maydoni qisqaradi, yerlarning bir qismi sovxozlarga berilib, haydab yuborilgan. 1936—1937-yillarda qoʻriqxonaning maydoni 180 ming gektarni tashkil etgan. 1951-yilda qoʻriqxona maydoni ikki baravar qisqartirilgan. 1956-yilda qoʻriqxonaning maydoni 93 ming gektarga yaqin boʻlgan. 1961-yilda qoʻriqxonadan yana 4600 gektar yer ajratib olingan. Hozirda uning maydoni 88 360 gektar.
1975-yilda qoʻriqxona, asosan, suvda suzuvchi va suv boʻyi qushlarining yashash hududi sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan hududlar qatoriga kiritilgan. 1976-yilda Qızılağac qoʻriqxonasi Ramsar konvensiyasining „Suv qushlari yashash hududlari sifatida xalqaro ahamiyatga ega botqoqliklar“ roʻyxatiga kiritilgan va jahon ahamiyatiga ega qoʻriqxona maqomini olgan.
1991-yilda SSSR parchalanishi munosabati bilan qoʻriqxona Qızılağac qoʻriqxonasi deb atala boshlandi. 2001-yilga kelib qoʻriqxona va uning atrofidagi suv-botqoq yerlar maydoni 99 060 gektarni tashkil etgan. Yaqin kelajakda mintaqaga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonining koʻpayishi munosabati bilan Ozarbayjonda birinchi dengizboʻyi milliy bogʻini yaratish maqsadida qoʻriqxona, buyurtmaxona va unga yaqin hududlar hududini 100 ming gektargacha kengaytirish rejalashtirilgan.
Tabiiy-geografik xususiyatlari
300px|right|thumb|Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirda Qızılağac ko‘rfazi
Qızılağac davlat qoʻriqxonasi hududiy tarkibiga Sara yarim orolining bir qismi, Kichik va Katta Qızılağac qoʻltiqlari suvlari, unga yondosh boʻlgan Lənkəran pasttekisligidagi Salyan choʻlining dengizboʻyi qismi qirgʻoq polosasi va Kura yoyilmasining bir qismi kiradi. Qoʻriqxonaning butun hududi okean sathidan pastda joylashgan boʻlib, asta-sekin koʻrfaz qirgʻogʻiga tomon pasayib boruvchi bir oz koʻtarilgan tekislikdan iborat. Qoʻriqxona tuman markazi – Lənkəran shahridan 35 km uzoqlikda joylashgan. Umumiy maydoni 88 360 gektar. 40,5 ming gektarni Katta koʻrfaz va 5,2 ming gektarni Kichik koʻrfaz egallaydi.
Katta Qızılağac qoʻltigʻi sharqda dengizdan uzun Kura qum tili bilan ajralib turadi va faqat janubda ochiq dengiz bilan tutashadi, Kaspiy dengizining gʻarbiy qirgʻogʻida joylashgan. Shimol va gʻarbda suvlari Salyan choʻli va Lənkəran pasttekisligi qirgʻoqlarini yuvib turadi. Katta qoʻltiqning eng chuqur joyi 2,5 m. Pliotsendan keyingi davrda koʻrfaz butun Kura-Araks pasttekisligini Mingeshauragacha boʻlgan hududlarini egallab turgan. Qirgʻoq chizigʻi aniq chegaralanmagan va Kaspiy dengizi sathining oʻzgarishiga qarab u yoki bu tomonga surilib turadi.
Kichik qoʻltiq 50-yillargacha shimoldan va gʻarbdan Lənkəran pasttekisligi, sharqdan Sara yarim oroli bilan chegaralanib, janubda ochiq dengizga tutashgan. Qoʻltiqning maydoni taxminan 15 ming gektar boʻlib, uzunligi 16,7 km, kengligi 6,6 km, chuqurligi esa 0,5-2,5 metr orasidadir. Hozirgi kunda qoʻltiq Sara yarim orolining janubiy qismidan materikkacha choʻzilgan toʻgʻon bilan dengizdan ajratilgan va chuchuk suvli havzaga aylangan. Koʻrfazga Qumbashinka va Vilyashçay daryolari quyiladi, damba va kanallar tizimi orqali Katta Qızılağac qoʻltigʻi va Kaspiy dengizi bilan bogʻlangan. Qoʻltiqning faqat shimoliy qismi qoʻriqxona tarkibiga kiradi. Relyefi Qoʻriqxona hududi 2 ta: Kura-Araks va Lənkəran pasttekisliklaridan iborat. Shimoliy va sharqiy (Kura qum tili) qismlari Kura-Araks pasttekisligiga, gʻarbiy va janubiy qismlari esa Lənkəran pasttekisligi tarkibidadir. Salyan choʻli Kura-Araks pasttekisligining eng yosh hosilasi boʻlib, allyuvial (choʻlning sharqiy va janubiy qismlari) va delta-dengiz (janubi-sharqiy) tekisliklardan iborat. Qirgʻoqning eng past mintaqasi Qızılağac koʻrfazi sayoz qismining yaqin oʻtmishdagi tubidir.
Asosiy relyefi qumli-chanoqsimon gruntli chalachoʻl boʻlib, unda balandligi bir metrgacha boʻlgan yassi va keng boʻlmagan joʻyak hamda ochiq yassi botiqlar – egri-bugri pastliklar ajralib turadi. Ushbu relyef shakllari daryolarning loyqa bosgan eski oʻzanlari tipida hisoblanadi. Baʼzi qismlarida oʻzanlar va ulardan ajralib, suv bilan toʻla „axmaz“ () deb nomlanadigan qolgan oʻzanlar uchraydi. Shuningdek, qumli tepaliklar hamda yassi va doʻngliklardan iborat oʻziga xos eol-shoʻrxok relyefi ham uchraydi.
Dengizboʻyi tekisligining anchagina qismi botqoqlashgan, qirgʻoq koʻtarmalari 1-2 m balandlikda, lagunalar mavjud. Qadimgi irrigatsiya hududlarida sugʻorish kanallari boʻylab baland koʻtarmalar mavjud.
Gidrografiyasi
Qoʻriqxona hududidagi daryo tarmoqlari yaxshi shakllanmagan. Shimoliy qismida, Kura-Araks pasttekisligidan faqat bitta daryo – Akusha oqib oʻtadi. Ushbu daryo Kuraning irmogʻi boʻlib, Katta Qızılağac qoʻltigʻining qirgʻogʻigacha yetib bormaydi, yoz faslida toʻliq sugʻorishga sarflanadi. Bahor paytida daryo toshqinlar hosil qiladi, ushbu toshqinlar Akusha toshqinlari deb nomlanadi.
Lənkəran pasttekisligidan oqib oʻtuvchi daryolar kuzgi-qishki va bahorgi toshqinli daryolar guruhiga kiradi. Ularning asosiy manbai oktyabrdan martgacha, baʼzan aprelda yogʻadigan yomgʻirlardir. Daryo manbaini qor suvlaridan olmaydi. Daryolar koʻpincha yoz oylarida qurib qoladi. Tolish togʻlaridan boshlanadigan Göktepe va Vilyashçay daryolari qisman sugʻorishga sarflansa, qisman qoʻriqxona hududidagi botqoqliklarga singib ketadi.
Qoʻriqxona hududining katta qismi sizot suvlarining yuqoriligi bilan ajralib turadi, ularning sathi yil mavsumiga qarab juda keskin oʻzgarib turadi. Suv sathi bahorda, yoz boshlarida yuqori, kuzda esa past boʻladi. Sizot suvlarining mineralizatsiyasi juda xilma-xil: chuchuk suvlar (Sara yarim oroli) va turli darajada minerallashgan, vaqti-vaqti bilan suv tarkibi barqarorlashadi. Minerallashuv yogʻinlar hisobiga faqat bahorda kamayadi, kuzga yaqin ortib boradi.
Tuzlarning kimyoviy tarkibi boʻyicha suv turli xil boʻlib, xloridli va xlorid-sulfatli suvlar ustunlik qiladi. Grunt suvlarining taqsimlanishi, joylashuv darajasi, kimyoviy tarkibi va tuzlarning konsentratsiyasi qoʻriqxonadagi tuproq hosil boʻlish jarayonlariga taʼsir qiladi.
Iqlimi
Qoʻriqxonaning iqlimi iliq, yozi issiq va quruq, qishi yumshoq. Yanvar oyining oʻrtacha harorati 4 °C, yogʻingarchilik kam, yoz mavsumida shudring tushadi, bu esa koʻplab oʻsimlik va hayvonlarning omon qolishiga yordam beradi.
Chalachoʻl va quruq dasht iqlimi ustunlik qiladi, qishi yumshoq va yozi quruq issiq. Bunday iqlim turi uchun namlik darajasi past. Yillik oʻrtacha harorat 14,40 °C. Qish moʻtadil, eng sovuq oyning oʻrtacha harorati 3,20 °C, eng issiq oyning oʻrtacha harorati esa 25,50 °C.
Qoʻriqxonaning shimoliy, shimoli-gʻarbiy va sharqiy qismida, yaʼni Kura-Araks pasttekisligida qish yumshoq hamda yozi quruq va issiq. Yozning quruq hamda moʻtadil-iliq iqlim tipi Lənkəran pasttekisligi tarkibiga kiruvchi janubiy va janubi-gʻarbiy qismlarga xosdir.
Kura-Araks pasttekisligi quyidagi meteorologik koʻrsatkichlar bilan tavsiflanadi: yillik yogʻin miqdori 200-400 mm atrofida; oʻrtacha yillik harorat +15 °C atrofida, koʻp yillik oʻrtacha oylik harorat yanvar +3 °C, iyul +27 °C, yildagi iliq kunlar soni 235 dan 265 gacha oʻzgarib turadi; dengizning taʼsiri havodagi mutlaq namlikning oshishiga sabab boʻladi, bu esa oʻsimliklarga ijobiy taʼsir qiladi.
Qoʻriqxona hududidagi Lənkəran pasttekisligida oʻrtacha 400 dan 600 mm gacha yogʻin tushadi. Oylar boʻyicha yogʻingarchilik notekis: iyulda 16 mm dan oktyabrda 226 mm gacha taqsimlangan. Shimoliy pasttekislikda Mugʻon choʻlining taʼsiri kuchayib, atmosfera yogʻinlari miqdori kamayib, namlikning ozayishi kuzatiladi.
Qoʻriqxona hududi musson shamollari taʼsiridagi zonada joylashgan. Iliq yarim yillikda dengizdan janubi-sharqiy yoʻnalishda, sovuq yarim yillikda esa quruqlikdan gʻarb va shimoli-gʻarbiy yoʻnalishda esadigan shamollar ustunlik qiladi.
Umuman olganda, qoʻriqxonaning iqlimi oʻsimliklarning rivojlanishi uchun qulay boʻlib, turli xil qushlar uchun ozuqa manbai vazifasini oʻtaydi.
Oʻsimlik va hayvonot dunyosi Oʻsimlik dunyosi
left|thumb|200px|Yulgʻun
Qoʻriqxona hududida suv-botqoq oʻsimliklari, chalachoʻl va oʻtloq oʻsimliklari tarqalgan. Yulgʻunning ikki turi (Tamarix meyeri Boiss va Tamarix ramosissima Ledeb) keng tarqalgan boʻlib, baʼzi joylarda qalin butalar, qoraqaragʻay, maymunjon, yantoq, Arenária, hind zubturumi, shoʻrak, shuvoq kabi oʻsimliklar tarqalgan. Sayoz yerlarda qamish, rdest, xara yoʻsini, Myriophýllum, Utricularia, Zostéra, Týpha angustifólia kabi oʻsimliklar changalzorlar hosil qilgan. Katta Qızılağac koʻrfazining chuqur qismida dengiz oʻtlari, sayoz qismida yashil, diatom va koʻk-yashil suvoʻtlari keng maydonni egallaydi. Kichik Qızılağac koʻrfazida nilfiya, Ceratophýllum, gledichiya, Scirpus va boshqalar oʻsadi.