Boris Cheprunov (, 1891-yil 25-yanvar; Ko‘hna Urganch, Xiva xonligi, 1938-yil 8-oktyabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR) – millati rus boʻlgan yozuvchi, jurnalist va muharrir. U yozuvchi sifatida „Xorazm hikoyalari“ (1931), „Matyoqubov“ (1933), „Miyoviddin Mirzo“, „Junaidxon“ (1936) kabi asarlar muallifidir. 1938-yil 8-oktyabr kuni Cheprunovga tegishli „Junaidxon“ romani Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasida qilingan tanqidlar ortidan Toshkentdagi SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining koʻchma sessiyasi qarori bilan otuvga hukm qilingan.

Biografiyasi Boris Cheprunov 1891-yil 25-yanvar kuni Xorazm vohasidagi Koʻhna Urganch shahrida tugʻilgan. Baʼzi manbalarga koʻra, Toʻrtkoʻlda tugʻilgan. Cheprunovning otasi Rossiya imperiyasi tomonidan yangi bosib olingan hududlarga koʻchirilgan krepastnoy dehqonlardan biri edi. 1905-yil otasi vafot etgach, oiladagi tirikchilik yuki uning gardaniga tushgan. Boris dastlab Urganchdagi korxonalardan biriga xizmatchi boʻlib ishga kirgan. 1910-yil Yangi Urganchda faoliyat yuritgan Rossiya Osiyo banki boʻlimida ishlay boshlaydi. U, shuningdek, dam olish kunlari idora qoshidagi eski oʻzbek yozuvini oʻrganish mashgʻulotlariga qatnab yurgan. Bu vaqtda Toshkentda chiqib turgan „Turkestanskiy kurer“ gazetasida ilk maqolalarini eʼlon qilgan.

Ijodiy faoliyati Boris Cheprunov XX asrning 20-yillarida Toshkentga kelgan va bu yerdagi adabiy jarayonlarga faol aralasha boshlagan. 1934-yil Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasida rus adabiyoti boʻyicha adabiy maslahatchi, 1935-yil rus yozuvchilari boʻlimi raisi, „Literaturniy Uzbekistan“ jurnalining tahrir hay’ati aʼzosi kabi vazifalarda faoliyat yuritgan. Jurnallardagi faoliyati mobaynida mahalliy rus yozuvchilari bilan birga, oʻzbek yozuvchilaridan Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Oybek, Usmon Nosir asarlarining rus tiliga qilingan tarjimalarini ham eʼlon qilgan. Yozuvchi sifatida „Xorazm hikoyalari“ (1931), „Matyoqubov“ (1933), „Miyoviddin Mirzo“, „Junaidxon“ (1936) kabi asarlari eʼlon qilgan. Shuningdek, „Mustamlakachilar“ romani muallifidir.

1935-yil Choʻlpon „Mushtum“ jurnalining tahrir hay’atiga jalb etilgach, „Miyoviddin Mirzo“ qissasini tarjima qilib, jurnalning 1936-yilgi oʻndan ortiq sonida chop ettirgan. Choʻlpon qissa uchun yozgan kichik kirish soʻzida shunday deydi:

Qoralanishi 1937-yilning 2—7 sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasining 4-plenumida koʻplab ijodkorlar qatorida Boris Cheprunov ijodi ham qattiq tanqid qilinadi. Xususan, plenum davomida u trotskiychi-buxarinchi terrorchilarning Toshkentdagi guruhi aʼzosi, tarixni soxtalashtiruvchi, burjua millatchilik gʻoyalarining himoyachisi ekanligi taʼkidlandi. 5-sentyabrdagi yigʻilishda soʻz olgan rus yozuvchisi Pletnev „Junaidxon“ romani orqali Boris Cheprunov tarixni ideallashtirganligini tanqid qilib shunday deydi:

Oʻlimga hukm qilinishi 1937-yil 4-dekabr kuni ichki ishlar xalq komissarligi Cheprunovni qamoqqa olgan. Uzoq davom etgan tergovdan soʻngra, 1938-yilning 8-oktyabrida boʻlib oʻtgan sobiq ittifoq oliy sudi harbiy kollegiyasining Toshkentda oʻtgan sayyor yigʻilishida otishga hukm qilingan.

Oqlanishi Stalin vafotidan keyin koʻplab ijodkorlarning oilasi singari Boris Cheprunovning rafiqasi Vera tegishli idoralarga maktublar yozgan. Buning natijasida, 1957-yil 28-iyun kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi Boris Cheprunov ishini qayta koʻrib chiqdi. Faoliyatida „jinoiy harakat“ topilmaganligi sababli yozuvchi toʻliq reabilitatsiya qilingan.

Faoliyatining oʻrganilishi Boris Cheprunov ijodi yaxshi oʻrganilmagan. Dastlab yozuvchi ijodini oʻrganish masalasini I.Grinberg, I.Tyomkina, A.Klebleev, Sherali Turdiyevlar matbuot orqali koʻtarib chiqqan. Xususan, adabiyotshunos Sherali Turdiyevga tegishli „Boris Cheprunovning fojiali qismati“ maqolasi „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasining 2007-yil 21-dekabrdagi sonida eʼlon qilingan. Boris Cheprunov tomonidan yangi adabiy asarlar uchun tayyorlangan hujjatlar, qoʻlyozmalar va koʻplab arxiv materiallari NKVD xodimlari tomonidan yoʻq qilingan boʻlib, tasodifan soʻnggi asari – „Mustamlakachilar“ romanining faqat qoʻlyozmasi saqlanib qolgan. Manbalar

Turkum:Qatagʻon qurbonlari Turkum:Toʻrtkoʻlda tugʻilganlar Turkum:Alifbo boʻyicha yozuvchilar Turkum:Oʻzbekistonlik yozuvchilar