Al-Horis ibn Hishom ibn al-Mugʻiyra ibn Abdulloh (634, 636 yoki 639-yilda vafot etgan) – sahoba, Quraysh qabilasining boy Banu Maxzum urugʻi zodagonlaridan biri, vafotiga qadar musulmonlar tomonidan Suriyani bosib olishda ishtirok etgan.
Hayoti Al-Horis ibn Hishom Makkadagi Banu Maxzum urugʻidan islomgacha boʻlgan davrda mashhur qurayshiy Hishom ibn al-Mugʻiyraning oʻgʻli boʻlgan. Al-Horisning ukasi Abu Jahl 624-yilda Badr jangida vafot etguniga qadar Islom paygʻambari Muhammadga qarshi Makka muxolifatining rahbari edi. Al-Horis Badr jangida, 627-yilda Madina yaqinidagi Uhud jangida musulmonlarga qarshi jang qilgan. Al-Horis ibn Hishom 629–630-yillarda Muhammad Makkani fath qilganida islomni qabul qilgan. Keyinchalik 630-yilda Hunayn jangida musulmonlar qoʻshinida arab mushriklariga qarshi jang qilgan va jangdan olingan oʻljalardan ulush olgan.
Al-Horis ibn Hishom musulmonlarning Suriyani zabt etishida qatnashgan, 634-yilda Falastinda ketma-ket Ajnadayn va Transiordaniyadagi Fahl janglarida ishtirok etgan. 636-yilda Yarmuk jangida otasining birinchi amakivachchasi Xolid ibn al-Volid qoʻl ostida jang qilgan. 637-yilda xalifa Umar al-Horis islomni nisbatan kech qabul qilgani uchun unga armiyadagi boshqalarga qaraganda kamroq haq bergan. Maoshidan norozi boʻlgan al-Horis yetmish nafar oila aʼzolari bilan doimiy ravishda Suriyadagi ishlarda oʻzini koʻrsatib kelgan.
Vafoti Islomiy manbalarida uning oʻlim sanasi va sababi haqida turlicha maʼlumotlar mavjud boʻlib, bir qancha manbalarda 634-yilda Ajnadayn jangida yoki 636-yilda Yarmuk jangida halok boʻlgan deb keltirilgan boʻlsa, baʼzilar esa uni 639-yilda Amvas vabosi sababli vafot etgan deya maʼlumot beradi. 639-yilda yetmish nafar oila aʼzolari orasida ikki yoki toʻrt nafaridan tashqari qolgan barchasi Suriyadagi jangda yoki vabo kasalligi tufayli halok boʻlgan.
Avlodlari Xalifa Umar al-Horisning qizi Ummu Hakim bint al-Horis ibn Hishomga uylangan. Horisning jangdan omon qolgan oʻgʻillaridan biri Abdurrahmon ibn al-Horis ibn Hishomni Umar Madinaga qaytarib olib kelgan va unga yer ajratib bergan. Al-Horisning Madinada oʻn uch-oʻn toʻrt nafar oʻgʻli va oʻn sakkiz nafar qizi boʻlgan. Al-Horis ibn Hishomning avlodlari Banu Maxzumning boshqa oilalari, shuningdek, Umaviylar va Zubayridlar bilan birinchi va ikkinchi fitna davrida xalifalikni nazorat qilish uchun kurashayotgan qurayshiylar bilan nikoh aloqalarini oʻrnatgan.
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Sahobalar Turkum:Banu Maxzum