Oqmasjid jomeʼ masjidi — Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan masjid. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida. 1995-yilda masjid oʻz faoliyatini boshlagan. 1999-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olingan
Sayyid ota nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlar diyorimizda koʻplab uchraydi. Shulardan biri Bogʻchakalon qishlogʻidagi Oqmasjid majmuasida joylashgan. Qabri bor, ustiga maqbara tiklangan. Sayyid Ota — Sayyid Ahmad ibn Sayyid Abu Bakr „Islom ensiklopediyasi“da qayd etilishicha: „Milodiy 1292 yoki 1311 yillarda vafot etgan. Yassaviya tariqatining ulugʻ shayxlaridan biri hisoblanadi“.Baʼzi manbalarda Toshkentda, baʼzilarida esa Xorazmda tavallud topgan, degan qarashlar bor. Hazrati Zangi otaning yetuk xalifasi.
Ulugʻ valiylik sifati va tariqat yoʻlidagi namunalari bilan mashhur boʻlgan. Umrining soʻngini „Orol boʻylarida oʻtkazgan“. (Islom ensiklopediyasi. 205-bet) va oʻsha joyda vafot etgan.
Bogʻchakalondagi qabr ramziy ziyoratgoh, muxlislari hurmatidan qurilgan boʻlsa kerak. Manbalarda bu ziyoratgohda Zahiriddin Muhammad Bobur boʻlganligi, 1920 yilning 3 sentyabr kuni Buxoroi Sharifning soʻnggi amiri Olimxon Qalqon qishlogʻi orqali kelib, shu yerdagi masjidda namoz oʻqigani, soʻngra Karmanada otasi — Abdulahadxonning qabrini ziyorat etib, Qarnab orqali Afgʻonistonga chiqib ketganligi hikoya qilinadi.
Majmuadagi masjid 1380- 1390 yillarda qurilgan.1914 yilga kelib masjidning nurab qolgan binosi mahalliy xalq homiyligi va hashar yoʻli bilan qaytadan qurilgan hamda hozirgi koʻrinishga keltirilgan.
Obida oʻz davrida oʻta mohirlik bilan ishlangan boʻlib, usti gumbazli va uch tomoni oʻymakor ustunli ayvonlar bilan oʻralgan. Xususan masjid oʻlchami 10x10 metr atrofida, ikki tabaqali toʻrt eshikli, gumbazning balandligi 15 metr, 28 ta 6 metrli ustunlardan iborat qilib, uch tomonlama ayvon qilib oʻralgan.
Bu masjid 1920 yilgacha eng koʻp namozxonlar toʻplanadigan maskanlardan biri boʻlgan. Uning faoliyati shoʻrolar davrida toʻxtatilgan va qarovsiz qolib, yaroqsiz holga kelib qolgan.
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng, masjid 2003 yili qayta taʼmirlandi, atrofi kengaytirilib, obodonlashtirildi, tahoratxonalar yangidan qurildi.
Manbalar
Turkum:Xatirchi tumanidagi masjidlar