Kempegovda xalqaro aeroporti – Hindistonning Karnataka shtati maʼmuriy markazi Bangalor shahriga xizmat koʻrsatuvchi xalqaro aeroport. hududni egallagan aeroport shahardan taxminan shimolda, Devanahalli shaharchasida joylashgan. Bengaluru International Airport Limited (BIAL) davlat-xususiy sheriklik konsorsiumi aeroportga egalik qiladi va boshqaradi. Aeroport 2008-yilning may oyida ochilgan va oʻsha vaqtga qadar shaharga xizmat koʻrsatib kelgan asosiy fuqarolik aeroporti HAL aeroportining muqobil boʻlgan. Nomi Bangalor shahri asoschisi Kempe Govda I sharafiga qoʻyilgan. Kempegovda xalqaro aeroporti Karnataka shtatining toʻliq quyosh energiyasida ishlaydigan birinchi aeroportiga aylandi, quyosh energiyasi CleanMax Solar kompaniyasi tomonidan generatsiya qilinadi.
Bu aeroport Hindistondagi eng gavjum aeroportlardan biri boʻlib, Dehli va Mumbay aeroportlaridan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Gavjumligi boʻyicha Osiyoda 25-oʻrinda, jahonda 56-oʻrinda turadi. 2024-kalendar yilida aeroport 40,73 million yoʻlovchi va yukka xizmat koʻrsatdi. Aeroport odamlar yashaydigan barcha oltita qitʼa bilan bogʻlanadi, ulardan beshtasiga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni taklif etadi.
Aeroportda ikkita yoʻlovchi terminali bor, ular ham mahalliy, ham xalqaro parvozlarga xizmat koʻrsatadi va ikkita uchish-qoʻnish yoʻlagi mavjud boʻlib, ulardan ikkinchisi 2019-yil 6-dekabrda foydalanishga topshirilgan. Ikkinchi terminal 2022-yil dekabr oyida Bosh vazir Narendra Modi tomonidan ochilgan va 2023-yilning yanvar oyida mahalliy parvozlarga xizmat koʻrsatishni boshlagan, sentyabrda esa barcha xalqaro qatnovlar yangi terminalga koʻchirilgan. Yuk shaharchasi va uchta yuk terminali ham mavjud. Aeroport AIX Connect, Alliance Air, Go First, IndiGo, Star Air va DHL Aviation aviakompaniyalari uchun hab boʻlib xizmat qiladi va Air India hamda SpiceJet uchun ikkilamchi havo tugunidir.
Tarixi
Rejalashtirilishi (1991–2004) Bangalor shahri markazidan masofada joylashgan HAL aeroporti shaharga xizmat koʻrsatuvchi dastlabki aeroport edi va 2008-yilgacha Bangalorning asosiy aeroporti boʻlib kelgan. Dastlab 1942-yilda harbiy va mudofaa maqsadlarida tashkil etilgan HAL birinchi marta 1970-yillarning oxirida mahalliy qatnovlarga xizmat koʻrsatishni boshladi. Mahalliy reyslar taklifining kutilmagan mashhurligi aeroportning tez kengayishiga turtki boʻldi. 1990-yillarning oxirida birinchi xalqaro reyslar amalga oshirildi. Air India Singapurga parvozi bilan xalqaro reyslarni taklif qilgan birinchi aviakompaniya boʻldi. 2000-yilda ilk xorijiy aviakompaniya HAL aeroportidan parvozlarni amalga oshirdi. Bu aviakompaniya Royal Nepal Airlines boʻlib, Katmanduga parvoz qildi, bir yildan keyin Lufthansa aviakompaniyasi A340 samolyotida Germaniyadan aviaqatnovlarni boshladi. 2005-yilga kelib HAL aeroportiga uchayotganlar qatorida British Airways va Air France kabi bir qancha yirik xalqaro aviatashuvchilar paydo boʻldi.
Biroq Bangalor Hindistonning Kremniy vodiysiga aylangani va shaharga yoʻlovchilar oqimi oshgani sayin bitta uchish-qoʻnish yoʻlagi va cheklangan samolyotlar toʻxtash joyiga ega HAL aeroporti ortib borayotgan talabga javob bera olmay qoldi. 2007-yilda u yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish boʻyicha 8 millionlik marrani bosib oʻtdi, bu esa aeroportning dastlabki sigʻimi — 3,6 milliondan ikki baravar koʻp. Aeroportni kengaytirish uchun boshqa joy yoʻq edi va perronda faqat oltita samolyot bir vaqtda toʻxtay olar edi. 1991-yil mart oyida Hindiston Milliy aeroportlar boshqarmasining (NAAI) oʻsha paytdagi raisi S. Ramanatan yangi aeroport oʻrnini tanlash uchun komissiya yigʻdi. Komissiya Bangalordan shimoldagi Devanahalli qishlogʻini tanladi. Shtat hukumati aeroportni xususiy sherik ishtirokida qurish taklifi bilan chiqdi, Milliy hukumat 1994-yilda ushbu taklifni maʼqulladi. Nihoyat, 1995-yilda Hindiston aeroportlar boshqarmasi (AAI) va Karnataka shtati hukumati xalqaro konsorsiumlarni shaharning yangi aeroportiga egalik qilish, qurish va foydalanish uchun tenderda ishtirok etishga chaqirdi.
1995-yil dekabr oyida Tata Group, Raytheon va Singapur Changi aeroporti konsorsiumi shtat hukumati bilan loyihada ishtirok etish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. 1998-yil iyun oyida konsorsium hukumatning rozilik berishidagi kechikishlari tufayli loyihani tark etishini maʼlum qildi. Kechikish sabablari orasida aeroportning joylashuvi va HAL aeroporti taqdiri boʻyicha bahslar ham bor edi.
1999-yil may oyida Hindiston aeroportlar boshqarmasi (AAI) va Shtat hukumatining Karnataka davlat sanoat va infratuzilmani rivojlantirish korporatsiyasi (KSIIDC) loyihaning mohiyati boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻlib, AAI va KSIIDC 26% ulushga, xususiy sheriklar esa qolgan 74% ulushga ega boʻladi. 2001-yil yanvar oyida Shtat hukumati Bengaluru International Airport Limited (BIAL) kompaniyasini maxsus maqsadli korxona sifatida tashkil qildi va xususiy sheriklar qidirishni boshladi. Noyabrga kelib, loyihaga Syurix aeroporti, Siemens Project Ventures va Larsen & Toubro kompaniyalari jalb qilindi. Qurilish 2002-yil oktyabr oyida boshlanishi kutilayotgan edi, shunga qaramay, hukumatning kechikishlari davom etdi. Shtat hukumati, Milliy hukumat va BIAL oʻrtasidagi konsessiya shartnomasi 2004-yil iyul oyida imzolandi. Shartnomada BIAL HAL aeroportini yopishni talab qilgan edi.
Yer ajratish va olishning dastlabki bosqichidan boshlab, 2002-yilda aksiyadorlik shartnomalari imzolanishigacha va qurilish boshlanishiga qadar qariyb oʻn yil vaqt oʻtdi. Huquqiy bazani shakllantirish jarayonida BIALning asosiy eʼtibori aviatsiya sanoati duch kelgan misli koʻrilmagan oʻsishda edi.
Dizayni Loyihani dastlabki rejalashtirish bosqichida BIAL 2008-yilda – faoliyatning birinchi yilida 5 million atrofida yoʻlovchilar oqimini kutgan edi. Biroq yangi aeroport qurilishi boshlangan paytda HAL aeroporti allaqachon 8 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatib ulgurdi. Jarayonni qayta ishlab chiqish va kerakli ruxsatnomalarni olish uchun toʻqqiz oydan koʻproq vaqt kerak boʻldi va quvvati oshirilgan loyihani tasdiqlashga ruxsat berilganda qurilish ishlarining yarmi bajarilib boʻlgandi. Loyiha qiyinchilikka qaramay yaxshi yoʻlga qoʻyildi va dastlabki ochilish sanasida tayyor boʻlishi kutildi.
Qayta koʻrib chiqilib quvvati oshirilgan loyiha yiliga oʻn bir million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallandi, bu dastlabki rejadagi yiliga 5 million yoʻlovchiga nisbatan 2,2 baravar koʻproq. BIALning kengaytirilgan loyihasida sakkizta yoʻlovchilar chiqish koʻprigi, bitta qoʻsh qoʻlli teletrap, toʻqqizta masofaviy avtobus darvozasi va samarali taksi yoʻllari boʻlgan 4000 metrlik uchish-qoʻnish yoʻlagidan iborat terminal qurish rejalari bor edi. BIAL, shuningdek, 42 ta Code-C tasnifidagi samolyotlar uchun stend (sakkizta aloqa stendlari bilan) hamda havo va quruqlik yoʻllari tizimiga ega apron qurishni rejalashtirdi. Butun loyihaning taxminiy qiymati 1930 kror rupiyani (taxminan $430 mln) tashkil qildi.
Qurilishi va ochilishi (2005–2008) Qurilish nihoyat 2005-yil 2-iyulda boshlandi. Tadqiqotlar 2008-yilda aeroport 6,7 million yoʻlovchi qabul qilishini koʻrsatdi, havo bandargohining dastlabki sigʻimi 4,5 milliondan qayta loyihalanganidan keyin 11 million yoʻlovchiga koʻtarildi, terminal hajmi kengaytirildi va samolyot stendlari soni orttirildi. Aeroportning qiymati 19,3 mlrd rupiyaga ($240 mln) oshdi. Qurilish 32 oyda yakunlandi va BIAL aeroport ochilish sanasini 2008-yil 30-mart deb belgiladi. Biroq aeroportda havo harakatini boshqarish xizmatlarini tashkil etishdagi kechikishlar tufayli ishga tushirish sanasi dastlab 2008-yil 11-mayga va nihoyat 24-mayga koʻchirildi.
Aeroportning ochilish sanasi yaqinlashar ekan, jamoatchilik tanqidi asosan HAL aeroportining yopilishiga qaratilgan edi. 2008-yil mart oyida AAI xodimlari ishsiz qolishlaridan qoʻrqib, HAL aeroporti hamda Haydaroboddagi Begumpet aeroportining yopilishiga qarshi ommaviy ish tashlash oʻtkazdi. Bir guruh fuqarolar va ishbilarmonlardan iborat Bangalore City Connect Foundation may oyi oʻrtalarida yangi aeroport soʻnggi talab prognozlari uchun juda kichik ekanligini daʼvo qilib, miting oʻtkazdi. 23-may kuni Karnataka Oliy sudida shahar va aeroport oʻrtasidagi aloqaning yomonligi yuzasidan sud majlisi boʻlib oʻtdi. Oxir-oqibat, Shtat hukumati yangi aeroportni ochishni va HAL aeroportini yopishni davom ettirishga qaror qildi.
Yangi aeroport birinchi reysni Mumbaydan ochilish kunidan oldingi kechada qabul qildi, chunki Air India 609-reysi yarim tundan keyin Singapurga parvozni davom ettirishi kerak edi. Samolyot 23-may kuni kechki 10:40 da qoʻndi. Kampegovda aeroporti Haydaroboddagi Rajiv Gandi xalqaro aeroporti va Kochin xalqaro aeroportidan keyin Hindistonda davlat-xususiy sheriklik doirasida ochilgan uchinchi aeroportga aylandi.
Qayta nomlanishi va kengaytirilishi (2009-yildan hozirgi kungacha) Aeroportning dastlabki nomi „Bangalor xalqaro aeroporti“ edi. 2009-yil fevral oyida Shtat hukumati Milliy hukumatga aeroport nomini Bangalor asoschisi Kempe Govda I sharafiga qayta nomlash taklifini yubordi. Rasmiy Dehli reaksiya koʻrsatmagach, shtat hukumati 2011-yil dekabr oyida aeroport nomini oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Milliy hukumat 2012-yilda taklifni qabul qildi va 2013-yil iyul oyida rasman tasdiqladi. 2013-yil 14-dekabrda kengaytirilgan terminal binosining ochilishi munosabati bilan aeroport rasman „Kempegovda xalqaro aeroporti“ deb oʻzgartirildi.
Kingfisher Airlines bir vaqtlar aeroportdan oʻzining habi sifatida foydalangan va Kempegovdadan parvoz qiluvchi eng yirik aviakompaniyalardan biri edi. 2012-yil oktyabr oyida aviakompaniyaning yopilishi ortidan, boshqa aviakompaniyalar koʻproq reyslarni qoʻshish orqali mahalliy qatnovlardagi Kingfisherning boʻshligʻini toʻldirishga kirishdi. Bundan tashqari, Air Pegasus va AirAsia India aviakompaniyalari 2014-yilda aeroportda oʻz hablari faoliyatini boshladi.
Kengaytirishning birinchi bosqichi 2011-yil iyun oyida boshlandi va 2013-yil dekabrida yakunlandi. 15 mlrd rupiya ($190 mln) qiymatga ega bu bosqichda yoʻlovchi terminali hajmi ikki baravar oshirilib, ga yetkazildi va roʻyxatdan oʻtish, immigratsiya, xavfsizlik va bagajni qaytarib olish uchun qoʻshimcha inshootlar qurildi. Bitta mahalliy va uchta xalqaro darvoza ham qoʻshildi. Katta, suriladigan tom dastlabki binoni kengaytirilgan maydonlar bilan bogʻladi. „1A-terminali“ nomini olgan kengaytirilgan terminal aeroportning yillik yoʻlovchi sigʻimini 25 million kishiga yetkazdi.
2022-yil sentyabr oyida Qantas Airbus A330 samolyotlari bilan Sidneyga ucha boshladi. Bu Bangalor va Avstraliya oʻrtasidagi birinchi toʻxtovsiz aviaqatnov sanaladi. Keyingi oyda Emirates Dubayga uchadigan parvozlaridan birida Airbus A380dan foydalanishni boshladi va bu Bangalorning dunyodagi eng katta yoʻlovchi samolyotini birinchi marta qabul qilishi hisoblanadi. Air India 2022-yil dekabr oyida Boeing 777 samolyotlarida San-Fransiskoga muntazam parvozlarni boshladi.
Egaligi Aeroport Bengaluru International Airport Limited (BIAL) OAJ tomonidan egalik qilinadi va boshqariladi. Hindiston hukumati tomonidan BIALga aeroportni 30 yilga boshqarish huquqi berilgan, bu huquq yana 30 yilga uzaytirilishi mumkin. Kompaniya davlat-xususiy sheriklik konsorsiumi hisoblanadi. GVK hind konglomerati dastlab Bangalor aeroportining 43% aksiyalariga egalik qilgan. 2016-yilda GVK oʻzining BIALdagi 33% ulushini Kanadaning Fairfax Financial kompaniyasiga 2149 kror rupiyaga sotishga qaror qildi. 2017-yil mart oyida GVK bu oldi-sotdi amalga oshirilganini tasdiqladi.
Nihoyat, 2018-yil yanvar oyida GVK qolgan 10% aksiyalarini Fairfax Financial kompaniyasiga ₹1290 krorga sotishga va Bangalor aeroportidan butunlay chiqib ketishga qaror qildi.