Vitaliy Georgiyevich Zaxarov () – belaruslik qilichboz, Yevropa chempioni (2001), ikki karra jahon chempionati sovrindori (2002, 2003), ikki karra Olimpiya oʻyinlari ishtirokchisi (1996, 2000). Belarusiyada xizmat koʻrsatgan sport ustasi (2003).

Biografiyasi Vitaliy Zaxarov 1967-yil 18-dekabrda Fargʻonada tavallud topgan. 1987-yilda Minskka koʻchib oʻtgan.

Sportchilik faoliyati 16 yoshida qilichbozlik bilan shugʻullanishni boshlaydi. Birinchi murabbiyi Aleksandr Goppe boʻlgan. Jahon Kubrasi finalchisi, 1996-yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori. 1999-yildan boshlab Anatoliy Novikov rahbarligida sport faoliyatini davom ettirdi.

Vitaliy Zaxarov oʻzining eng muhim yutuqlariga 2000-yillarning boshlarida erishgan. 2001-yilda Koblenz shahrida boʻlib oʻtgan Yevropa chempionatida finalga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi va finalda italiyalik Paolo Milanolini magʻlub etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu muvaffaqiyati tufayli Zaxarov Yevropa chempioni boʻlgan birinchi belarus qilichbozi sifatida oʻz nomini tarixga muxrladi. 2002 va 2003-yillarda oʻtkazilgan jahon chempionatlarida bronza medallarini qoʻlga kiritgan.

Murabbiylik faoliyati Sport faoliyatini yakunlagandan soʻng, Vitaliy Zaxarov murabbiylik faoliyatini boshladi. Hozirda Respublika olimpiya zaxiralari tayyorlash markazida zamonaviy beshkurash boʻyicha murabbiy sifatida ish olib boradi.

Oʻyin uslubi Zaxarovning soʻzlariga koʻra, qilishbozlikda sportchi koʻp qirrali boʻlishi, raqib tomondan beriladigan barcha zarbalarga tayyor turishi kerak. Vitaliy Zaxarov oʻyinda eng koʻp amalga oshiradigan oʻziga xos uslublardan biri – „flesh“ zarbasidir. Bunda sportchi qilichi bilan toʻsatdan oldinga intiladi va raqibiga tezkor zarba berib, uni noqulay ahvolga solib qoʻyadi. Bu zarbaga qarshi raqib qanday yoʻl tutishidan qatʼi nazar, aksariyat hollarda Zaxarovning ushbu uslubi hamisha unga ochko olib kelgan.

Sport faoliyati davomida Zaxarovning eng kuchli jangi jahon chempionatining bronza medali uchun vengriyalik sportchi bilan kechgan bahsi boʻlgan.

Manbalar

Havolalar

Strela Vitaliya Zaxarova

Turkum:Fargʻonada tugʻilganlar Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1967-yilda tugʻilganlar Turkum:18-dekabrda tugʻilganlar