Asadxoʻja Zohidxoʻja oʻgʻli Moʻydinxoʻjayev (2001-yil 8-may, Fargʻona viloyati, Rishton tumani, Buloqboshi qishlogʻi) – oʻzbekistonlik havaskor bokschi, 2023-yilgi IBA erkaklar oʻrtasidagi boks boʻyicha yarim oʻrta vazn toifasida jahon chempionati oltin medali sohibi va 2022-yilda Iordaniya poytaxti Amman shahrida boʻlib oʻtgan havaskor boks boʻyicha Osiyo chempionatining bronza medali sovrindori. Koʻp karra Oʻzbekiston chempioni. 2024-yil Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida Boksning 71 kg vazn toifasida oltin medal sohibi. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi.
Hayoti Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev 2001-yil 8-mayda Oʻzbekistonning Fargʻona viloyati Rishton tumani Buloqboshi qishlogʻida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida tahsil oladi. Moʻydinxoʻjaev boks bilan 13 yoshidan Fargʻona olimpiya zaxiralari sport kollejida shugʻullana boshlagan. 2015-yildan dastlab oʻsmirlar hamda yoshlar, hozirgi paytda kattalar toifasida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Birinchi murabbiyi Husanboy Qoʻchqorov. Yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida qatnashib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan, soʻngra Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasiga kelib, Akmal Xasanov qoʻl ostida shugʻullangan. Ayni paytda Toʻlqin Qilichev qoʻl ostida shugʻullanadi.
Faoliyati
Havaskor boksdagi yutuqlari 2016-yilgi Prezident Haydar Aliyev oʻsmirlar kubogida 46 kg vazn toifasida gʻolib (Boku, Ozarbayjon).
2016-yilgi oʻsmirlar oʻrtasidagi turnirda 44 kg vazn toifasida gʻolib (Bekobod, O'zbekiston).
2016-yilgi oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston milliy chempionati gʻolibi (Qo'qon 44 kg).
2017-yil 52 kg vaznda oʻsmirlar oʻrtasidagi xalqaro turnirning gʻolibi (Marg‘ilon, O‘zbekiston).
2017-yil oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston milliy chempionati kumush medali sovrindori (Urganch, Oʻzbekiston).
2019-yilgi boks boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi xalqaro turnirning 64 kg vazn toifasida gʻolibi (Anapa, Rossiya).
2020-yilgi Oʻzbekiston milliy chempioni (elita) (Toshkent, O‘zbekiston 64 kg).
2022-yilgi Oʻzbekiston milliy chempioni (elita) (Toshkent, O‘zbekiston 67 kg).
Boks boʻyicha jahon chempionati 2021-yilda u oʻzining birinchi havaskor IBA boks boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etib, dastlabki ikki jangida Yevgeniy McKeever va Ahmed Hararaga qarshi gʻalaba qozondi va uchinchi jangida yaponiyalik bokschi Sewon Okazawaga yutqazdi.
2023-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan boks boʻyicha IBA jahon chempionatida yarim oʻrta vazn toifasida Yuto Wakita (5:0), Kiril Samadurau (5:0)ni magʻlub etib, jahon chempioni boʻldi. Chorak finalda kubalik Roniel Iglesias (4-3), yarim finalda Battömoriin Mishelt (5-0) va finalda Dulat Bekbauov (5-0) ni magʻlub etdi.
Boks boʻyicha Osiyo chempionati 2022-yilning noyabr oyida Ammanda (Iordaniya) boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatining 67 kg vazn toifasida bronza medali sovrindori boʻldi. U musobaqaning chorak finalida hindistonlik Amir Kumarni ochkolar boʻyicha (5:0) magʻlub etgan boʻlsa, yarim finalda qozogʻistonlik raqibi Dulat Bekbauovga (5:0) hakamlarning yakdil qarori bilan imkoniyatni boy berdi. 2024-yilgi Olimpiada oʻyinlari Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev 2024-yilgi Parijdagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida 1/16 finalda misrlik Al Avadini 5:0 hisobida magʻlub etib, chorak finalga yoʻl olgan. Chorak finalda Daniya vakili Nikolai Terteryan ustidan 5:0 hisobida gʻalabaga erishadi. Yarim finalda AQSh vakili Omari Jones bilan toʻqnashdi. Jones bilan jangda 3:2 hisobida gʻalaba qozonib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Finalda meksikalik bokschi Marco Alonso Verde Alvarezga qarshi kurash olib boradigan boʻldi. Yakunda 5:0 hisobida gʻalaba qozondi va oltin medalni qoʻlga kiritdi.
Unvon va mukofotlari 2023-yilda „Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi“ faxriy unvoni berilgan;
2024-yilda „Oʻzbekiston iftixori“ faxriy unvoni berilgan.
Tanqidlar 2024-yil 24-sentyabr kuni Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev Instagramdagi oʻz sahifasiga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan sovgʻa qilingan Chevrolet Tahoe avtomobilida tezlikni meʼyoridan oshirgani koʻringan videolavha joylashtirgan. Videoda, Moʻydinxoʻjayev davlat raqam belgisi 01 Z 001 ZZ boʻlgan transport vositasida soatiga 110 kilometr tezlikda harakatlanganligi aks etgan va unga jarima yozilgan. Keyinroq videolavha oʻchirib yuborilgan.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:Alifbo boʻyicha bokschilar Turkum:Fargʻona sport kishilari Turkum:Oʻzbekistonlik erkak bokschilar Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi bokschilar Turkum:Boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionlari Turkum:AIBA boks boʻyicha jahon chempionati sovrindorlari Turkum:21-asrda Oʻzbekiston sportchilari Turkum:2022-yilgi Osiyo oʻyinlarida bokschilar Turkum:Oʻzbekistonning Olimpiada oʻyinlarida oltin medali olgan sportchilari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida medal sohiblari Turkum:2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlari chempionlari