Ashraf, Abu Ali Husayn ibni Hasan Marogʻiy Tabriziy (vaf. 1459) – fors-tojik shoiri. Darvesh Ashraf Xiyoboniy nomi bilan ham mashhur boʻlgan.

Ijodi 837–843-hijriy-qamariy/1434–1440-milodiy yillarda Nizomiyga javoban "Xamsa" yozgan. Uning „Xamsa“si „Minhoj ul-abror“ („Solih kishilarning haq yoʻli“), „Riyoz ul-oshiqin“ („Oshiqlarning mashaqqatlari“ yoki „Shirin va Xusrav“), „Ishqnoma“ yoki „Layli va Majnun“, „Haft paykar“ („Yetti goʻzal“) va „Zafarnoma“ doston­laridan iborat.

Ashraf sermahsul shoir boʻlib, qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy va bosh­qa janrlardagi sheʼrlari jamlangan toʻrtta devon tuzgan. Ular – „Unvon ush-shabob“ („Yoshlik nishonasi“), „Xayr ul-umur“ („Ezgu amal“), „Boqiyot us-solihot“ („Ezguliklar abadiyati“) va „Mujaddadot ut-tajalliyot“ („Zuhurotning yangilanishi“) deb nomlangan.

Uning „Sad pandi Ali“ („Alining yuz pand-nasihati“) asari Hazrati Aliga nisbat berilgan yuz hikmatning arabchadan amalga oshirilgan sheʼriy tarjimasidan iborat.

Navoiy eʼtirofi Alisher Navoiy “Nazm ul-javohir” ruboiylar toʻplamini yaratishda boshqa salaflari qatori Ashrafdan ham taʼsirlangan. Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" va "Majolis un-nafois"ning birinchi majlisida Ashrafga alohida toʻxtalib, uning darveshtabiat va xilvatnishin kishi ekanligini, koʻp vaqtini „Xamsa“ga tatabbuʼ bogʻlash bilan oʻtkazganini aytadi. "Sabʼai sayyor" dostoni muqaddimasi (6-bob)­da Ashrafga shunday taʼrif beradi:"Garchi bir nuktagoʻy Ashraf oʻlub,

Oʻzi maqdurigʻa musharraf oʻlub.

Yaxshi yoxud yomon dedi, gʻam emas,

Yaxshi gar boʻlmasa, yomon ham emas".Shuningdek, Navoiy "Muhokamat ul-lu­gʻatayn"da oʻz asarlariga turtki bergan manbalar haqida toʻxtalar ekan, Ashrafning „Haft paykar“i „Sabʼai sayyor“ dostoni uchun asos boʻlganini aytib oʻtadi.

Manba

Turkum:Navoiyshunoslik Turkum:Alifbo boʻyicha shoirlar