Narzullo Naimovich Oblomuradov — oʻzbek davlat, siyosiy va fan arbobi. 2021-yil 1-fevraldan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi. 2021-yil 30-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi. 2024-yil 19-noyabrdan Toshkent davlat agrar universiteti rektori etib tayinlandi.

Tarjimai holi 1975-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. 1996-yilda Toshkent Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan va oʻqishni Buyuk Britaniyada davom ettirish uchun ketgan. 2000-yilda Birmingem universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi boʻyicha olim-iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori, professor.

2000-yildan Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida, xususan, Toshkent moliya institutida, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida; ilmiy xodim, kafedra mudiri, fakultet dekani lavozimlarida ishlagan. Shuningdek, bank-moliya sohasida, davlat organlari tizimida, jumladan, fuqarolar huquqlarini himoya qilish xizmatida, hamda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va tartibga solish xizmatida ishlagan.

2020-yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan edi. 2021-yil 1-fevralda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi etib saylangan. 2020-yil noyabr oyidan buyon partiyani boshqarib kelayotgan Komiljon Tojiboyev oʻrniga partiya yetakchisi etib tayinlandi.

2021-yilgi saylovda Ekologik partiyadan Oʻzbekiston Prezidentligiga nomzod sifatida koʻrsatilgan. 24-oktabr kuni boʻlib oʻtgan ovoz berish natijalariga koʻra, 4,1% ovoz olgan.

2021-yil 30-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi etib tayinlangan.

2023-yilda — Toshkent moliya instituti prorektori

2024-yil 3-iyundan — Toshkent davlat agrar universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori

2024-yil 19-noyabrdan — Toshkent davlat agrar universiteti rektori

Oʻzbek tilidan tashqari ingliz va rus tilini biladi. Uylangan, uch nafar farzandi bor.

Manbalar

Havolalar Biografiya na ofitsialnom sayte Ekologicheskoy partii Uzbekistana

Turkum:Oʻzbekistonlik iqtisodchilar

__INDEKS__