Shayx Jalol darvozasi — Buxoro shahri qalʼa devorining janubi-gʻarbidagi darvoza. Tarixi Shayx Jalol darvozasi XVI asrda Shayboniy hukmdor Abdulazizxon davrida qayta tiklangan. Darvoza Buxoroning janub tomonida joylashgan boʻlib, shonli tarixga ega bo‘lgan darvozalardan biri hisoblanadi. Darvoza baʼzi manbalarda „Jalolobod darvozasi“ shaklida ham uchraydi.

Darvozayi Shayx Jalol hamda shu nom bilan yuritiluvchi mahalla haqida 1691—1692-yilga oid hujjatlarda maʼlumotlar uchraydi. O‘sha davrda Shayx Jaloliddinga murid bo‘lgan Abdulazizxon hazrat shayx sharafiga ilgari Darvozayi boboi morkushon nomi bilan mashhur bo‘lgan darvozani uning nomi bilan ataydi. Abdulazizxon 1549—1550-yillar oralig‘ida darvozani taʼmirlab, koshin burish rangli g‘ishtlar bilan jilo berib, unga yaqinroq joyda xonaqoh, hovuz, minora hamda hujralar qurdiradi.

Darvozadan tashqarida juda katta bog‘lar bo‘lib, shu qatori Xo‘ja Ismatulloh Buxoriy bog‘lari hamda maqbaralari ham shu hududda joylashgan.

Meʼmorchiligi Darvozaning balandligi 11-12 metr bo‘lib, kengligi 14×20, tashqi hamda ichki tomonida peshtoqlari bor. Abdulazizxon darvozaninig ustki qismini gultoj bilan bezatib, xonaqoh ustiga ko‘k gumbazlar qurishni buyuradi. Ushbu gumbazga eʼtibor berilmay quyilganligi bois 1898-yilda uning koshinlari ko‘chib tushgan. Mazkur davr ustalari gumbazni qayta tiklay olmaganlar. Qarovsizlik sababli xonaqoh, minora, hovuz, darvoza ham vayronaga aylangan. 1968-yilda toʻliq buzib tashlangan.

2008—2009-yillar oralig‘ida tayyorlangan loyihaga asosan usta-meʼmorlar Muzaffar Mirzayev hamda Sharif Rahimovlar tomonidan Darvozayi Shayx Jalol qaytadan qurilgan. Yon atrofidagi qadimiy qal’a devori ham tiklangan.

Manbalar

Turkum:Buxoro darvozalari