„The Avengers“ (oʻzbekcha manbalarda „Qasoskorlar“ oʻlaroq maʼlum) — 2012-yilda chiqarilgan superqahramonlik filmi; „Marvel kinematografiya koinoti“ (MKK) mediafranshizasidagi oltinchi film. Marvel Comics komikslaridagi ayni nomli superqahramonlar jamoasiga asoslangan. Marvel Studios tomonidan ishlangan, Walt Disney Studios Motion Pictures tomonidan esa tarqatilgan. Filmga Joss Whedon rejissyorlik qilgan. Bosh rollarni Robert Downey Jr., Chris Evans, Mark Ruffalo, Chris Hemsworth, Scarlett Johansson, Jeremy Renner, Tom Hiddleston, Stellan Skarsgård va Samuel L. Jackson ijro etgan.
„The Avengers“ premyerasi 2012-yilning 11-aprelida Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtgan. Umumjahon boʻylab kinoprokatlarda $1,5 milliard ishlab topib, oʻsha vaqtda tarixdagi uchinchi eng kassabop filmga, 2012-yilning esa eng kassabop filmiga aylangan. Filmning sikvellari — „Avengers: Age of Ultron“, „Avengers: Infinity War“, „Avengers: Endgame“ mos ravishda 2015-, 2018- va 2019-yilda chiqarilgan.
Syujeti Asgardlik Loki Chitauri xalqi yoʻlboshchisi bilan uchrashadi. Other Lokiga Tesseract evaziga Yerni zabt etishi uchun kerakli qoʻshin bilan taʼminlashga soʻz beradi. Q.A.L.Q.O.N. josuslik agentligi direktori Nick Fury tadqiqot markaziga keladi. Tadqiqot markazida astrofizik Erik Selvig boshchiligidagi guruh Tesseractni oʻrganadi. Tesseract toʻsatdan faollashib, fazoviy portal ochadi. Portal orqali Loki Yerga keladi va Tesseractni oʻgʻirlaydi. Hassasi yordamida esa Selvig va Clint Bartonning ongi ustidan nazoratni qoʻlga oladi.
Bunga javoban Fury „Qasoskorlar“ tashabbusini qayta tiklaydi. Agent Natasha Romanoff gamma-nurlanish boʻyicha mutaxassis Bruce Banner bilan uchrashish uchun Kalkuttaga boradi. Fury Steve Rogersni yoʻqlab, undan Tesseract haqida nimani bilishini soʻraydi. Agent esa Tony Starkning yoniga borib, uni Selvigning tadqiqotini yakuniga yetkazishga undaydi. Loki va Barton Stuttgart shahriga borishadi. Barton Tesseractni barqaror saqlab turish zarur boʻlgan iridiyni oʻgʻirlaydi. Lokining Stuttgartda ekanligidan xabar topgan Rogers, Stark va Romanoff u yerga yetib borib, uni qoʻlga oladi. Lokini Q.A.L.Q.O.N. qarorgohiga olib borish chogʻida, Lokining oʻgay akasi Thor kelib, uni ozod qiladi va Asgardga olib ketmoqchi boʻladi. Stark va Rogers Lokini qoʻldan chiqarmaslik uchun Thor bilan jang qiladi. Oqibatda Loki „Helicarrier“ aviatashuvchisida qamoqqa olinadi.
Qasoskorlar Q.A.L.Q.O.N. Tesseractdan oʻzga sayyoraliklarga qarshi ommaviy qirgʻin qurollari yaratishni rejalashtirayotganini tushunib yetgach, bir-birlari bilan janjallashib qolishadi. Janjal paytida Lokining agentlari Helicarrierga hujum qiladi. Stress natijasida Banner Hulkka aylanadi. Stark va Rogers talofat yetgan dvigatelni qayta ishga tushiradi, Thor esa jazavasi tutgan Hulkni tinchlantirishga harakat qiladi. Romanoff Barton bilan jang qilib, uni Lokining taʼsiridan ozod etadi. Loki Coulsonni oʻldirgach, aviatashuvchidan qochib ketadi. Fury Coulsonning oʻlimidan Qasoskorlarni jamoa boʻlib ishlashga ilhomlantirishda foydalanadi. Loki Tesseract va Selvig yaratgan generator yordamida Nyu-York shahridagi Stark Tower binosining tepasida portal ochadi. Portaldan Chitauri qoʻshini kirib keladi va bosqinchilik hujumi boshlanadi.
Rogers, Stark, Romanoff, Barton, Thor va Hulk Nyu-Yorkni Chitauri qoʻshinidan muhofaza qilish uchun birlashadi. Hulk Lokini jangda yengadi, Romanoff esa Lokining nazoratidan forigʻ boʻlgan Selvigdan Lokining hassasi generatorni oʻchirib qoʻya olishini bilib oladi. Furyning Jahon Xavfsizlik Kengashidagi rahbarlari Manhattanga yadroviy zarba berish orqali bosqinchilik hujumini toʻxtatishga qaror qiladi. Stark raketani tutib qolib, portal orqali Chitauri qoʻshini tomon uchadi. Raketa Chitauri baza kemasiga jiddiy talofat yetkazib, Yerdagi qoʻshinni nofaollashtiradi. Stark hushini, uning kostyumi esa quvvatini yoʻqotadi. Osmondan Yerga hushsiz tushayotganda, Hulk uni ushlab qolib, Yerga xavfsiz tushishini taʼminlaydi. Qasoskorlar Starkni hushiga keltiradi. Romanoff Lokining hassasi yordamida portalni yopadi. Pirovardida Thor Loki va Tesseractni Asgardga olib ketadi. Loki Asgardda qilmishlari uchun javob beradi.
Titrdan keyingi sahnada Other Yerdagi muvaffaqiyatsiz hujumi uchun ustozidan kechirim soʻraydi.
Rollarda Robert Downey Jr. – Tony Stark / Temir odam Chris Evans – Steve Rogers / Captain America Mark Ruffalo – Bruce Banner / Hulk Chris Hemsworth – Thor Scarlett Johansson – Natasha Romanoff / Qora beva Jeremy Renner – Clint Barton / Hawkeye Tom Hiddleston – Loki Samuel L. Jackson – Nick Fury (Q.A.L.Q.O.N. direktori) Clark Gregg – Phil Coulson (Q.A.L.Q.O.N. agenti) Cobie Smulders – Maria Hill (Q.A.L.Q.O.N. agenti) Stellan Skarsgård – Erik Selvig Gwyneth Paltrow – Pepper Potts Lou Ferrigno – Hulk (ovoz bergan) Jenny Agutter – Jahon Xavfsizlik Kengashi aʼzosi Jerzy Skolimowski – Georgi Luchkov Alexis Denisof – Harry Dean Stanton – soqchi Paul Bettany – J.A.R.V.I.S. (ovoz bergan) Maximiliano Hernandez – Jasper Sitwell Damion Poitier – Thanos (kameo)
Musiqasi The Avengers (Original Motion Picture Soundtrack)
Manbalar
Havolalar
(inglizcha)
The Avengers The Numbersda
Turkum:2012-yil filmlari Turkum:Joss Whedon filmlari Turkum:Marvel kinematografiya koinoti filmlari Turkum:Ingliz tilidagi filmlar Turkum:AQSh filmlari Turkum:AQSH 3D-filmlari Turkum:Superqahramonlar haqidagi AQSh filmlari Turkum:AQSh fentezi filmlari Turkum:AQSH ilmiy-fantastik filmlari Turkum:AQSh jangari filmlari Turkum:AQSh sarguzasht filmlari Turkum:2012-yil 3D-filmlari Turkum:IMAX filmlari Turkum:Oʻzga sayyoraliklar haqidagi filmlar