Toshkent davlat yuridik universiteti — Oʻzbekistondagi davlat oliy oʻquv yurti va yuridik fan markazlaridan biri. Universitet Oʻzbekistonning yuridik fanlar va yuridik taʼlim milliy markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan yetakchi hamda yuridik kadrlarni tayyorlash boʻyicha Oʻzbekistonda tayanch oliy oʻquv va ilmiy-uslubiy muassasasi hisoblanadi. Uning nufuzi, obroʻ-eʼtibori respublikadan tashqarida ham keng tarqalgan. Universitet tarkibiga 5 ta fakultet, 16 ta mutaxassislik va 3 ta umumtaʼlim kafedralari, 7 ta boshqarma, 8 ta markaz, 10 ta boʻlim hamda 3 ta akademik litsey kiradi. Universitet, shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining oʻquv muassasalari tizimiga kiritilgan 12 ta yuridik texnikumlar faoliyati boʻyicha uslubiy rahbarlik va muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-dekabr 746-sonli qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga yangi rektor etib, Toshqulov Akbar Joʻraboyevich tayinlandi. Toshqulov Akbar Joʻraboyevich 2022-yilning 16-noyabr sanasidan Adliya vaziri lavozimiga tayinlandi. 2022-yildan 2025-yil 29-sentyabrga qadar Rustambekov Islambek universitetning rektor vazifasini vaqtincha bajaruvchisi boʻlgan. 2025-yil 29-sentyabrda Xodjayev Baxshillo Kamolovich rektor lavozimiga tayinlandi.

Lavozimiga koʻra, universitet rektori adliya vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilgan.

Universitet tarixi Universitet tarixi 1918-yil 21-aprelda, Turkiston xalq universitetida ijtimoiy-iqtisodiy fakultet negizida yuridik kafedra tashkil etilgan paytdan boshlanadi. Bu Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda yuridik maktabni yaratishdagi birinchi qadam boʻlgan.

Ushbu yuridik maktab 1918-yildan 1990-yillargacha OʻzSSR Adliya Xalq komissarligi qoshidagi muassasa sifatida qator oʻzgarishlarni boshidan kechirdi.

1991-yil 15-avgustda OʻzSSR Ministrlar Sovetining qarori bilan Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etildi.

Oʻshandan buyon mazkur oʻquv dargohi taʼlim, fan va amaliyot birligi konsepsiyasini oʻzida mujassam etgan yuridik sohaning ajralmas qismiga aylandi.

Yillar davomida muassasada yirik huquqshunoslar B.Manelis, M.Lutskiy, S.Avrux, K.Sarimsoqov, X.Qurbonov, N.Kapustyanskiy, T.Eshonbekov, D.Arrenbek, akademiklar S.Radjabov va X.Sulaymonova kabi mashhur yuristlar pleyadasi faoliyat olib bordi.

Universitet tarixi Oʻzbekistonda milliy huquq maktabining taraqqiyoti hamda oʻzbek yurisprudensiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan taniqli olimlar — akademiklar Xojiakbar Rahmonqulov va Shavkat Urazayev, fan dargʻalari Boris Blind, Georgiy Sarkisyans, Shoakbar Shoraxmetov, Gʻafur Abdumadjidov, Ikrom Zokirov va boshqa koʻplab huquqshunoslarning nomlari bilan chambarchas bogʻliqdir.

2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutining universitetga aylantirilishi hamda yangi modulli oʻqitish tizimiga oʻtish yuridik taʼlimga sifat jihatdan mutlaqo yangi turtki berdi.

Professor-oʻqituvchilari tarkibi Bugungi kunda universitet professor-oʻqituvchilari tarkibi 465 kishidan (bundan asosiy — 409 ta, tashqi oʻrindosh — 56 ta) iborat boʻlib, shundan ilmiy darajaga ega boʻlganlar soni 211 nafarni tashkil etadi. Ulardan 76 nafari fan doktori (DSc), 135 nafari fan nomzodlari (shundan falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajalariga), 25 nafari professor, 44 nafari dotsent ilmiy invonlariga ega. Umumiy ilmiy salohiyat 51,5% ni tashkil etadi.

Talabalar soni Universitet davlat hokimiyatining barcha boʻgʻinlari, shuningdek, xususiy tuzilmalar uchun yurisprudensiya sohasida mutaxassislar tayyorlaydi. Bugungi kunda universitetda 9128 nafar talaba tahsil olib, bundan 8754 nafari bakalavriat bosqichida, 374 nafari magistratura hamda 49 nafar xorijiy talabalardan iborat tarkibda tahsil olmoqda.

Oʻquv-uslubiy faoliyati 2020/2021-oʻquv yilidan boshlab TDYUda oʻquv jarayoni kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa tizimi — ECTS asosida tashkil qilingan. Huquq davlat taʼlim standarti, oʻquv reja va oʻquv dasturlar (sillabuslar) ECTS tizimi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan, zamon talablariga mos yangi fanlar kiritilib, fanlarni oʻqitish soatlarining qayta koʻrib chiqilishi taʼminlangan.

Talabalar tomonidan tanlov fanlarni tanlash imkoniyati yaratilgan, ularning mustaqil oʻzlashtirishi masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, oʻquv rejalarida talabalarning mustaqil taʼlim olishiga oʻquv yuklamalarning 60% ajratilishi taʼminlangan.

Fan dasturlari (sillabuslar) xalqaro reytinglarda yuqori 300 talikda boʻlgan oliy taʼlim muassasalari tajribasi asosida 3 ta tilda (oʻzbek, rus, ingliz) tayyorlanib, oʻquv jarayoniga joriy etilgan.

Nomutaxassislik fanlari ulushi 22% dan 10% foizga kamaytirildi.

2020/2021-oʻquv yilida xorijiy tilda oʻqitilayotgan mutaxassislik fanlar soni 35 tani tashkil etdi. Barcha fanlar ingliz tilida dars mashgʻulotlari olib boriladigan 23 ta maxsus akademik guruhlar tashkil etildi.

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 35 ta mutaxassislik fanlari va 5 ta nomutaxassislik fanlari xorijiy tilda oʻqitilmoqda. Mazkur mutaxassislik fanlar amalda oʻqitilayotgan barcha (104 ta) mutaxassislik fanlarga nisbatan 34 foizini tashkil etadi (2019-yilda 2 ta yoki 6,9% ni tashkil etgan).

Oʻquv jarayonini bevosita amaliyot bilan bogʻlash maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura (Bosh prokuratura Akademiyasida), Ichki ishlar vazirligi (IIV Malaka oshirish institutida) hamda Intellektual mulk agentligida amaliy huquqshunoslik kafedralari tashkil etilgan.

Oʻquv jarayonini tashkil qilishda axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilib kelingan. Jumladan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab MOODLE-obyektga yoʻnaltirilgan dinamik taʼlim muhiti asosida distant.tsul.uz masofaviy taʼlim platformasi ishga tushirilgan.

Rektorlar 1991-1993 — Anvar Aʼzamovich Aʼzamxoʻjayev 1993-1994 — Akmal Saidov 1994-1995 — Shavkat Zakariyevich Oʻrazayev 1995-2001 — Boboyev Halimboy 2001-2012 — Mirzayusuf Rustamboyev 2012-2013 — Omonulla Muhammadjonov 2013-2019 — Yesemurat Kanyazov 2019-2021 — Rahim Hakimov 2021-2021 — Islombek Rustambekov (v.v.b.) 2021-2022 — Akbar Toshqulov 2022-2025 — Islombek Rustambekov (v.v.b.) 2025-hozirga qadar — Xodjayev Baxshillo

Qabul qoidalari 2024/2025 oʻquv yili uchun Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha kirish imtihonlari 5 ta fandan topshirilgan.

Fanlar majmuasi 2 qismdan iborat.

Birinchisi — barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — Ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar) fanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball), Matematikafanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball), Oʻzbekiston tarixifanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball) baholanadi. Ikkinchisi — bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fan — Huquq fanidan 30 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 3,1 balldan (jami 93 ball) va Chet tili fanidan 30 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 2,1 balldan (jami 63 ball) baholanadi.

5 ta fan boʻyicha maksimal ball — 189

TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish test sinovlarisiz, universitetda oʻtkaziladigan suhbat natijalariga koʻra va reyting tizimiga muvofiq toʻplangan ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi (oʻqish faqat shartnoma asosida boʻladi).

Universitetdagi taʼlim

TDYUda yagona 2021/2022 oʻquv yilidan 6 ta fakultet, 21 ta kafedra va 2 ta chet el huquqi markazlari faoliyat olib bormoqda. Magistraturada 16 ta mutaxassisliklar mavjud.

Universitetda taʼlim uch tilda olib boriladi: oʻzbek, rus, ingliz. Ingliz tilida taʼlim olish uchun talaba ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi IELTS sertifikati yoxud universitetning oʻzida ingliz tilidan imtihon topshirgan boʻlishi kerak.

Universitetning bakalavriat darajasida quyidagi taʼlim dasturlari (yoʻnalishlari) boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:

Davlat-huquqiy faoliyat Fuqarolik va Biznes huquqi Jinoyat-huquqiy faoliyat Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik Davlat Boshqaruvi Yurisprudensiya (Sirtqi, masofaviy)

Universitet Oʻzbekiston Milliy universitetining harbiy kafedrasi bilan hamkorlik qiladi. OʻzMU harbiy kafedrasida taʼlimni oʻtaganidan keyin talabalar zaxiradagi leytenant harbiy unvoniga ega boʻladilar.

Taʼlim jarayoni Universitet zamonaviy standartlarga muvofiq ikki bosqichli taʼlim jarayonini amalga oshiradi: Birinchi bosqich — bakalavrlarni tayyorlash (kunduzgi boʻlimda 4 yil); Ikkinchi bosqich — tanlangan magistrlik dasturi boʻyicha magistrlarni tayyorlash (1 yil).

Bakalavriat Yurisprudensiya kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalish nomlari:

5240100 — Yurisprudensiya: davlat-huquqiy faoliyat 5240100 — Yurisprudensiya: jinoyat-huquqiy faoliyat 5240100 — Yurisprudensiya: biznes huquqi 5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik 5240300 — Davlat boshqaruvi Sirtqi taʼlim: 5240100 — Yurisprudensiya

Yurisprudensiya yoʻnalishi boʻyicha taʼlim dasturi talabalari oʻqishning birinchi yilida davlat va huquq sohasidagi asosiy nazariy bilimlarni kompleks oladilar. Taʼlimning ikkinchi yilidan boshlab huquqning tanlangan sohalari boʻyicha (kasbiy mutaxassislikka qarab) hamda baʼzi yondosh fanlar: iqtisodiyot, siyosatshunoslik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ham oʻzlashtiradilar. Bundan tashqari, bitiruvchilar amaliyot oʻtash davomida kelgusida qonunchilik va huquqni muhofaza qilish sohalarida, advokaturada, davlat hokimiyati organlari va yuridik kompaniyalarda ishlash uchun zarur amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishadi.

Oʻqitiladigan asosiy fanlar: Konstitutsiyaviy huquq, Maʼmuriy huquq, Fuqarolik huquqi, Jinoyat huquqi, Mehnat huquqi, Ekologik huquq, Fuqarolik-protsessual huquqi, Jinoyat-protsessual huquqi, Moliya huquqi, Kriminologiya, Soliq huquqi, Xalqaro huquq, Tijorat huquqi, Yer huquqi, Shaxsiy rivojlanish, Huquqni tadqiq qilish metodi, Yuristning yozma nutqi va boshqalar.

Qoʻshma taʼlim dasturlari:

M. S. Narikbayev nomidagi KAZGYU universiteti (Qozogʻiston, Nur-Sulton sh.) (5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik); Y. Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti (GrDU, Belarus, Grodno sh.) (5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik); Nijniy Novgorod davlat universiteti (Rossiya, Nijniy Novgorod) (5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik); Gdansk universiteti (Polsha, Gdansk) 70420111 Tabiiy resurslar huquqi mutaxassisligi boʻyicha 2 yillik (1+1) kunduzgi magistratura hamda 70420114 Moliyaviy-huquqiy monitoring mutaxassisligi boʻyicha 2 yillik (1+1) kunduzgi magistratura; Milliy sud-ekspertiza universiteti (Hindiston, Gandinagar) 70420127 Kiber huquqi mutaxassisligi boʻyicha 1 yillik (6 oy+6 oy) kunduzgi magistratura. Barcha dasturlarning taʼlim tili — ingliz tili.

Magistratura Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul „Yurisprudensiya“ taʼlim yoʻnalishi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul boʻyicha) oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega boʻlishi kerak.

Magistratura taʼlim yoʻnalishlari nomi: 70420101 Advokatlik faoliyati 70420102 Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish 70420105 Sport huquqi 70420106 Davlat boshqaruvi huquqi 70420108 Biznes huquqi 70420112 Mehnat huquqi 70420113 Jinoyat qonunchiligini qoʻllash nazariyasi va amaliyoti 70420114 Moliyaviy-huquqiy monitoring 70420120 Intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi 70420122Mediatsiya va nizolarni muqobil hal etish usullari 70420123 Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati 70420124 Ommaviy axborot vositalari huquqi 70420111 Tabiiy resurslar huquqi 70420126 Xalqaro tijorat huquqi 70420127 Kiber huquqi