Jaloliddin Sirojiddinov () (29-sentyabr 1940-yil – 6-iyul 1996-yil) — taniqli oʻzbek iqtisodchi olimi, doktor, professor (1985). Qirgʻiziston SSRning Isfana qishlogʻida tugʻilib oʻsgan. V. V. Kuybishev nomidagi Samarqand kooperativ institutida tahsil olgan va oʻsha yerda koʻp yillar mobaynida ishlagan.

Hayoti Jaloliddin Sirojiddinov 1940-yilning 29-sentyabrida Qirgʻiziston SSRning Laylak tumanida joylashgan Isfana qishlogʻida tugʻilgan. 1996-yilning 6-iyulida Samarqand shahrida vafot etgan. Isfanada dafn etilgan.

Jaloliddin Sirojiddinovning ukasi Zayniddin Sirojiddinov texnika fanlari doktori, professordir. Yana bir ukasi Nishonboy Sirojiddinov esa iqtisod fanlari doktori, professordir.

Taʼlimi Sirojiddinov 1947-1957-yillar mobaynida Isfanadagi Toʻqtogʻul nomli oʻrta maktabda tahsil olgan. 1959-yil Samarqand kooperativ institutiga oʻqishga kirgan va 1964-yil uni imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1965-1966-yillarda Novosibirskdagi kooperativ institutida ilmiy tajribadan oʻtgan. 1967-yil Moskva xalq xoʻjalik instituti statistika kafedrasi qoshidagi aspiranturaga kirib, 1970-yilda kandidatlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan va iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan.

1971-yil dotsent unvonini olgan. 1974-1976-yillarda Moskvadagi Plexanov nomidagi xalq xoʻjaligi instituti doktoranturasida oʻqigan. 1984-yil fan doktori darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlagan. 1985-yil professor unvonini olgan.

Mehnat faoliyati Sirojiddinov 1957-1959-yillarda Laylak tumani matlubot jamiyatida ishlagan. Samarqand kooperativ institutini tamomlaganidan keyin, oʻsha yerda buxgalteriya va statistika kafedrasida assistent boʻlib ishlagan. 1970-1974-yillarda Samarqand kooperativ institutining statistika kafedrasida katta oʻqituvchi oʻlaroq ishlagan. 1976-yil institut statistika kafedrasining mudiri etib tayinlangan.

Sirojiddinov ish faoliyati davomida 1 fan doktori va 4 fan nomzodiga ilmiy rahbarlik qilgan. Sirojiddinov Samarqand kooperativ institutida ishlab yurgan paytida koʻplab kadr tayyorlagan.

Asarlari Sirojiddinov ilmiy faoliyati davomida 3 yirik monografiya, 100 dan oshiq ilmiy maqola, 15 dan oshiq oʻquv qoʻllanma yozgan.

1973-yil uning „Ittifoq respublikasi ijtimoiy mahsuloti hisobiy balansi: Metodologik tuzish masalalari“ (), 1977-yil „Ittifoq respublikasi xalq xoʻjaligi statistika balansi: Metodologiya masalalari” (), 1983-yil „Respublika va respublikalararo aloqalar: Oʻzbekiston SSR misolida“ () asarlari chop etilgan.

1984-yil iqtisod fanlari doktori unovonini olish uchun „Soyuz respublikasi xalq xoʻjaligining jamlama balansini ishlab chiqishdagi metodologik muammolar: Oʻzbekiston SSR misolida“ () deb nomlangan dissertatsiya yozgan.

Manbalar

Havolalar

Turkum:Iqtisodchilar Turkum:Isfanaliklar Turkum:Qirgʻizistonlik oʻzbeklar Turkum:Oʻzbekistonlik iqtisodchilar