Xiromiy (taxallusi; ismi Mullo Qurbon; 1796-yil, Kitob viloyati Charmgaron guzari – ?) – shoir. Baʼzi manbalarda „Mirzo Qurbon“, „Muhammad Qurbon“ deb ham tilga olingan.
Hayoti Xiromiy 1796-yilda tugʻilgan. Kenagas urugʻidan. Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Iqtisodiy tanglik tufayli madrasani tugata olmagan, 25 yoshida Kitobga qaytgan. Xattotlik, tabiblik, charmgarlik qilib roʻzgʻor tebratgan. Xiromiy Nasrullaxonning bosqinchilik siyosatiga qarshi kurashuvchilar safida turgan, Kitob mudofaasida qatnashgan.
Faoliyati Xiromiy isteʼdodli va sermahsul shoirlardandir. U oʻtmish allomalar ijodidan oʻrgangan, zamondoshlari Shavqiy, Hoziq, Vola va boshqalar bilan yaqin ijodiy aloqada boʻlgan. Dastlab Saʼdiy, Navoiy, Zebunniso gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan, ularning badiiy mahorat sohasidagi anʼanalarini davom ettirgan.
Adabiy merosining umumiy hajmi 30 ming misra atrofida. Asarlari qoʻlyozmalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida („Chor darvesh“, inv.№ 359, 9251, 1675, 7713, 4819, 7847, 217 (II); „Toʻtinoma“, inv. № 1795; „Raʼno va Zebo“, inv. № 217; „Yusuf va Zulayho“, inv. № 1799) va SamDUning asosiy kutubxonasida saqlanadi.
Ijodiy faoliyati Xiromiy XIX asr hayotidagi yaramas illatlarni, adolatsiz hukmdorlar, noqobil hokimlar, zamin, zamon, kishilar toʻgʻrisidagi qarashlari ifodalangan „Chor darvesh“ (1834), „Mahfil oro“ (1844—56), „Toʻtinoma“ (1854), „Raʼno va Zebo“ (1856), „Yusuf va Zulayho“ (1862) dostonlarini yozgan.
„Chor darvesh“ asari „Chor darvesh“ asari qoliplash usulida yozilgan, qoliplovchi hikoya Ozodbaxt hikoyasidir. Ozodbaxt oʻz farzandsizligidan soʻz boshlab, darveshlar sarguzashtini tinglaydi. Doston Ozodbaxtning Baxtiyor ismli farzand koʻrib, parilarning ulugʻ shoiri Malik Shohboz yordamida murodmaqsadlariga yetishi bilan tugaydi.
„Toʻrinoma“ asari Xiromiyning hajman eng yirik asari „Toʻtinoma“ 12 ming misradan iborat. Asarning bosh goyasi – vafo va sadoqat. Toʻtining barcha hikoya va qissalari shu gʻoyani asoslash, isbotlashga qaratilgan. „Raʼno va Zebo“ dostoni ham qoliplash usulida boʻlib, qoliplovchi hikoya Raʼno va Zebo sarguzashtlaridir. Pok muhabbatni ulugʻlash dostonning asosini tashkil etadi. Unda inson huquqi, ijtimoiy tenglik, adolat, olijanoblik kabi gʻoyalar yoritilgan.
Asarlari Chor darvesh, T., 1960; Raʼno va Zebo, T., 1962.
Manbalar
Adabiyotlar
Qorayev T., Xiromiy Mulla Qurbon, T., 1975; Oʻzbek adabiyoti tarixi [5j.li], 4j., T., 1978.
Havolalar
Turkum:Alifbo boʻyicha shoirlar Turkum:1796-yilda tugʻilganlar Turkum:Mir Arab madrasasida tahsil olganlar