thumb|Obligatsiya

Obligatsiya ( — majburiyat) — qiymatiga nisbatan egasiga qatʼiy belgilangan daromad keltiruvchi qimmatli qogʻoz, qarzni qaytarib berish va foiz toʻlashni tasdiqlovchi majburiyatnoma. Fond birjalarida sotiladi. Obligatsiya aholi, korxona va tashkilotlar qoʻlidagi pul mablagʻlarini toʻplab, biror maqsad yoʻlida safarbar etish uchun chiqariladi. Obligatsiya, asosan, davlat, mahalliy va korporatsiya obligatsiyalariga boʻlinadi. Daromad davlat tomonidan chiqariladigan obligatsiya boʻyicha yutuq, kompaniyalar obligatsiyalariga foiz shaklida toʻlanadi. Obligatsiya uyushtirilgan savdo orqali (birjalarda) va erkin joylashtiriladi. Obligatsiya moddiy yoki pul mablagʻi evaziga kafolatlangan yoki kafolatlanmagan, yaʼni obligatsiya chiqaruvchilarning chin soʻzi va obroʻsi bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmagan boʻlishi mumkin. Baʼzi obligatsiyalar konvertirlanadi (obligatsiya egasi uni boshqa obligatsiyaga almashtirib olish huquqiga ega boʻladi). Obligatsiyaning bozor narxi uning nominalidan yuqori yoki past boʻladi.

Zayom obligatsiya ilk bora XVII asr boshlarida Angliyada chiqarilgan boʻlib, keyinchalik jahonning bir qancha mamlakatlarida muomalaga kiritilgan. Ular, asosan, davlat hamda aksiyadorlik jamiyati tomonidan chiqarilib, ssuda kapitali bozorida erkin muomalada boʻlgan.

Oʻzbekistonda 1996-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuridik shaxslarga moʻljallangan davlat qisqa muddatli obligatsiyalari muomalaga chiqarila boshlandi. Obligatsiyani sotishdan kelib tushgan mablagʻlar davlat budjeti taqchilligini qoplashga yoʻnaltiriladiOʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.

Oʻzbekistonda obligatsiyalar asosan tijorat banklari va aksiyadorlik jamiyatlari (AJ) tomonidan chiqariladi. Shuningdek, 2020-yilning fevral oyidagi qonunchilikdagi oʻzgarishlarga koʻra masʼuliyati cheklangan jamiyatlar (MChJ) ham korporativ obligatsiyalar chiqarishi imkoni yaratilganhttps://depozit.uz/news/aksiya-yoki-obligatsiya-qaysi-birini-tanlagan-maqul.

Yana qarang

Aksiya Qimmatli qogʻoz Davlat qimmatli qogʻozlari Korporativ obligatsiya

Manbalar

Turkum:Moliya Turkum:Davlat Turkum:Huquq Turkum:Huquqshunoslik Turkum:Huquqiy atamalar Turkum:Iqtisod Turkum:Iqtisodiy atamalar Turkum:Huquq va iqtisodiyot Turkum:Iqtisodiy mafkuralar